Mundialdagi ilk durang: Kanada so‘nggi daqiqalarda qutqarildi

Mundialdagi ilk durang: Kanada so‘nggi daqiqalarda qutqarildi

13 iyun kuni 2026 yilgi Jahon chempionatining “B” guruhidan o‘rin olgan Kanada hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o‘rtasidagi 1-tur bahsi yakunlandi. Qiziqarli va murosasiz kechgan uchrashuvda tomonlar 1:1 hisobidagi durang natijani qayd etdi. Shu tariqa mundialdagi ilk durang rasman ro‘yxatga olindi.

Toronto shahridagi “Bimo Fild” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsni argentinalik hakam Fakundo Telo boshqarib bordi. Uchrashuv davomida har ikki jamoa g‘alaba uchun kurashgan bo‘lsa-da, yakunda g‘olib nomi aniqlanmadi.

Hisob o‘yinning 21-daqiqasida ochildi. Bosniya va Gersegovina hujumchisi Yovo Lukich aniq zarba bilan jamoasini oldinga olib chiqdi. Kanada esa uchrashuvning so‘nggi qismida bosimni kuchaytirdi va 79-daqiqada Kayl Larin hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning goli kanadaliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Bahsning 84-daqiqasida Bosniya va Gersegovina himoyachisi hamda jamoa sardori Sead Kolashinas jarohat sabab maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, Kanada terma jamoasi Jahon chempionatlari tarixidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.

Mazkur natijadan keyin Kanada va Bosniya va Gersegovina terma jamoalari bir ochkodan jamg‘arib, guruh jadvalida mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinlarda joylashdi. Guruhning yana bir bahsida Qatar va Shveysariya terma jamoalari 13 iyun kuni tunda o‘zaro kuch sinashadi.

Keyingi turda Kanada 19 iyun kuni Qatarga qarshi maydonga tushadi, 24 iyun kuni esa Shveysariya bilan bahs olib boradi. Bosniya va Gersegovina terma jamoasi 18 iyun kuni Shveysariyaga qarshi o‘ynasa, 24 iyun kuni Qatar bilan to‘qnash keladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar