Karlo Anchelotti Braziliyani 2030 yilgacha boshqaradi...

Braziliya futbol konfederatsiyasi Karlo Anchelottining kelajagi bo‘yicha aniq pozitsiya bildirdi. JCH-2026dagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, italiyalik mutaxassis terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlashda davom etadi.
Konfederatsiya ijroiya direktori Rodrigo Kaetanoning aytishicha, Anchelotti bilan loyiha 2030 yilgi jahon chempionatigacha mo‘ljallangan.
«Anchelotti butun sikl davomida ishlaydi»
Braziliya Jahon chempionati 1/8 finalida Norvegiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, turnirni erta tark etdi.
Shunga qaramay, federatsiya murabbiylar shtabida keskin o‘zgarish qilishni rejalashtirmayapti.
«Biz uchun eng asosiy vazifa — murabbiy bilan butun siklni xotirjam o‘tkazish. U o‘z ishini 2030 yilgi jahon chempionatigacha davom ettiradi», — dedi Kaetano.
Uning ta’kidlashicha, Braziliya endi shoshilmasdan, bosqichma-bosqich yangi mundialga tayyorgarlik ko‘rishi kerak.
Jamoada og‘ir muhit hukm surmoqda
Kaetano JCHdan chiqib ketish futbolchilar, xodimlar va murabbiylar shtabi uchun og‘ir zarba bo‘lganini yashirmadi.
«Hamma juda ranjigan va xafsalasi pir bo‘lgan. Futbolchilar ham, xodimlar ham, murabbiylar shtabi ham bu natijani og‘ir qabul qilmoqda», — dedi u.
Braziliya terma jamoasi turnirga chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida kelgan, ammo 1/8 finaldayoq to‘xtagan edi.
38 kunlik mehnat qadrsizlanmasligi kerak
Federatsiya vakili mag‘lubiyatga qaramay, jamoaning turnir davomidagi mehnati va professional munosabatini yuqori baholadi.
«Birga o‘tkazgan vaqtimizni, ayniqsa shu 38 kunlik davrni kamsitib bo‘lmaydi. Bu vaqt ichida futbolchilarning qay darajada fidoyi va professional ekanini ko‘rdik», — dedi Kaetano.
Uning fikricha, jamoa musobaqa davomida o‘yinini yaxshilab borgan va Norvegiyaga qarshi uchrashuvda ham munosib futbol namoyish etgan.
«Finalgacha borishni maqsad qilgandik»
Kaetano Braziliya chorakfinalga chiqish uchun yetarli imkoniyatlarga ega bo‘lganini ta’kidladi.
«Musobaqadan chiqib ketish og‘ir qabul qilinmoqda, chunki biz keyingi bosqichga chiqish uchun barcha imkoniyatlarga ega edik. Asosiy maqsadimiz finalgacha yetib borish edi», — dedi u.
Endi Braziliya terma jamoasida yangi bosqich boshlanadi. Anchelotti lavozimida qoladi, federatsiya esa unga 2030 yilgi jahon chempionatigacha jamoani qayta qurish va kuchaytirish uchun imkoniyat beradi.































Izohlar 0
…