Samarqandda YPX xodimi piyodani urib, o‘limga sabab bo‘ldi

Samarqand shahrida yo‘l-patrul xizmatiga tegishli xizmat avtomobili ishtirokida fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Halokat oqibatida bir nafar piyoda voqea joyining o‘zida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 21 iyul kuni soat 18:15 atrofida shaharning «Shabbod» ko‘chasida yuz bergan. YPX xodimi o‘ziga biriktirilgan Tracker rusumli patrul avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtda, belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan 1951 yilda tug‘ilgan S.A.ni urib yuborgan.

Og‘ir tan jarohatlari olgan piyodaga ko‘rsatilgan yordam samara bermagan va u voqea joyida vafot etgan.
Hodisa joyidan olingan suratlarda patrul avtomobilining old qismiga jiddiy shikast yetganini ko‘rish mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan voqeaning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…