Chelsi Maksans Lakrua transferiga yaqin: Marsel Desayyi kutilmagan xaridni tanqid qildi

Londonning Chelsi klubi himoya chizigʻini kuchaytirish maqsadida Kristal Pelas yulduzi Maksans Lakrua transferini yakunlash arafasida turibdi. 52 million funt sterlingga baholanayotgan ushbu kelshuv jamoaning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso rejalari doirasida amalga oshirilmoqda. Biroq klub afsonasi Marsel Desayyi ushbu transferning samaradorligiga shubha bilan qaramoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Football London nashri xabariga koʻra, 26 yoshli fransiyalik himoyachi allaqachon tibbiy koʻrikdan oʻtgan va tez orada Stamford Bridjga koʻchib oʻtishi kutilmoqda. Bu transfer BlueCo egaligi ostidagi Chelsi strategiyasida muhim burilish nuqtasi boʻldi: klub soʻnggi toʻrt yil ichida ilk bor 26 yoshdan oshgan futbolchi uchun katta mablagʻ sarflamoqda.
Tajriba yetishmasligi muammosi
Chelsi sobiq sardori Marsel Desayyi Lakruaning mahoratini inkor etmagan holda, jamoaga boshqacha profildagi himoyachi kerakligini taʼkidladi. Uning fikricha, jamoaga hozirda oʻz ortidan ergashtira oladigan, elit darajadagi tajribaga ega boʻlgan yetakchi zarur."U haqiqatan ham Chelsi uchun kerakli oʻyinchimi? Menimcha, jamoaga koʻproq tajribaga ega, himoyani boshqara oladigan shakllangan markaziy himoyachi kerak. Bizga mudofaa markazida haqiqiy tajribali yetakchi lozim", — deya taʼkidladi Desayyi. Afsonaviy himoyachi klub oʻz darajasidagi bosimga oʻrgangan futbolchilarni nishonga olishi kerakligini qoʻshimcha qildi.
Taktik moslashuv va yutuqlar
Shunga qaramay, Desayyi bu transfer Xabi Alonso taktikasi uchun mos kelishini tan oldi. Alonso uchta markaziy himoyachi bilan oʻynashni afzal koʻradi va Lakrua Kristal Pelas safida Oliver Glasner qoʻl ostida aynan shunday sxemada oʻynab, katta tajriba toʻplagan.Maksans Lakruaning soʻnggi yillardagi oʻsishi hayratlanarli boʻldi. 2024-yilda Volfsburgdan Angliyaga kelgan himoyachi oʻtgan mavsumda Kristal Pelas bilan birga Angliya kubogi va Konferensiyalar ligasida gʻolib chiqishda asosiy ishni bajardi. Shuningdek, u Fransiya terma jamoasi safida ham oʻzini koʻrsatishga ulgurdi.
Ayni paytda Chelsi muxlislari va mutaxassislar Lakruaning kelishi jamoa himoyasidagi muammolarni hal qila oladimi yoki yoʻqmi, degan savol ustida bahslashmoqda. Desayyi kabi nufuzli shaxslarning xavotiri oʻrinli boʻlsa-da, Xabi Alonso oʻz falsafasini aynan shunday ijrochilar bilan qurishga qaror qilgan koʻrinadi.






























Izohlar 0
…