14:57 / 22.06.2017
5 325

O‘FF rasmiylari Xalqaro press-klub sessiyasida OAV savollariga javob berdi

O‘FF rasmiylari Xalqaro press-klub sessiyasida OAV savollariga javob berdi
21 iyun kuni Toshkent shahridagi Xalqaro press-klubda “O‘zbekistonda sport: Yangi vazifalar, Olimpiya harakati va sog‘lom turmush tarzi” mavzusida OAV vakillari, sportchilar va jurnalistlar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston Futbol Federasiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullaev, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori Shoakrom Isroilov hamda O‘zPFLning kelishilgan o‘yinlarga qarshi ma’sul ofiseri Axrol Inoyatov ishtirok etdi.

Anjumanda sport olami, mamlakatda sportni rivojlantirish, Olimpiya harakati va xususan futbol haqida so‘z bordi. Press-klubda O‘zbekiston futbol federasiyasi vise-prezidenti Sardor Rahmatullaev ishtirok etib, o‘z sohadagi muammolar, rejalar va istiqbollar haqida o‘z firklarini bildirdi.

“Avvalambor, 2018 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida so‘z yuritmoqchiman. Ha, xatolar bor, ammo bizda mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati saqlanib qoldi. Bugungi kunda mamlakat futbol federasiyasi va murabbiylar shtabi ushbu vazifani bajarish uchun bor kuchini ishga solmoqda. Murabbiylar shtabidagi yoki O‘FFdagi iste’folar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘FF Ijroiya qo‘mitasi buyurosi milliy terma jamoa murabbiylar shtabiga ishini oxirigacha bajarishga imkon berdi”, – dedi Sardor Rahmatullaev.

MTJ murabbiylar shtabi bo‘yicha O‘FF bayonoti

O‘FF bosh kotibi milliy terma jamoa murabbiylar shtabining o‘z lavozimida qoldirilishi sababini tushuntirdi.

“Birinchidan, Samvel Babayan bilan saralash o‘yinlarining oxirigacha shartnoma tuzilgan va agarda u o‘ziga yuklatilgan vazifani uddalay olmasa, iste’foga chiqarilishi mumkin. Lekin, ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasida Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyat mavjud va bu imkoniyat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmadi. Bunda jamoa murabbiylar shtabining roli katta. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun asosiy raqobatchimiz – Janubiy Koreya terma jamoasining ahvoli bizdan yomonroq.

Chunki, ularning taqdiri o‘z qo‘lida emas. O‘zbekiston terma jamoasining taqdiri o‘z qo‘lida. Qolgan 2 o‘yinni yutsa, Janubiy Koreyaning natijasidan qat’i nazar Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Janubiy Koreya, masalan, Qatar bilan o‘yinlarda 3 ochko oldi. O‘zbekiston esa 6 ochko. Ana shu jihatlarni inobatga olib, O‘zbekiston futbol federasiyasining Ijroiya qo‘mitasi byurosi 15 iyun kuni Samvel Babayanni o‘z lavozimida qoldirish haqida qaror qabul qildi. O‘zbekiston terma jamoasi mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, natija uchun faqatgina bosh murabbiy emas, balki O‘FF ham javob beradi”, – deya vaziyatga aniqlik kiritdi Sardor Rahmatullaev.

O‘zbekiston Futbol Federasiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullaev Xalqaro press-klub yig‘ilishida, shuningdek, sentyabr oyida o‘zbek futbolini rivojlantirishning yangi konsepsiyasi qabul qilinishini haqida ma’lum qildi.

“Shu yilning sentyabr oyida O‘FFning hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda federasiyasining yangi tarkibi tanlanadi. O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish tizimining yangi konsepsiyasi ishlab chiqildi va bu konsepsiya konferensiyada tasdiqlanadi. Yangi tuzilma, yangi boshqaruv tarkibi, PFLda o‘zgarishlar, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish: bu dastur 2017–2020 yillarga mo‘ljallangan. Bizda nafaqat milliy terma jamoa, balki yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi ham turli turnirlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘smirlar va yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bosqichida ishtirok etadi. 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ham Osiyo birinchiligiga chiqish uchun saralash bosqichiga qatnashadi”, – dedi Sardor Rahmutullaev.

Sardor Rahmatullaev O‘FF rasmiylari jurnalistlar bilan muloqotdan qochmasligi, ular bilan aloqa qilinishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“O‘FF rasmiylari jurnalistlar bilan muloqotdan qochmaydi. Birinchidan, har bir musobaqa reglamentida o‘yin-oldi, o‘yindan keyingi matbuot anjumanlari, flesh intervyu, mikst zonadagi qisqa intervyu kabi tadbirlar majburiy qilib qo‘yilgan. Ikkinchidan, O‘FFning matbuot xizmati bor. O‘FFning rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlarda alohida akkauntlari mavjud. Qolaversa, O‘FF Prezidenti shaxsan eksklyuziv intervyular berib keladi. Ammo, har bir tadbirning o‘rnatilgan tartibi va o‘rni bor. Shunga rioya qilingan holda muloqot amalga oshiriladi”, – deydi O‘FF bosh kotibi.

Bundan tashqari, Halqaro press-klubda kelishilgan o‘yinlarga qarshi mas’ul ofiser Axrol Inoyatov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, O‘zPFLning joriy mavsumida kelishilgan o‘yinlar kuzatilmaganligi, agar shunga o‘xshash holatlar qayd etilsa ularga qarshi chora qo‘llanishini aytib o‘tdi.

“Joriy mavsumda hech qanday kelishilgan o‘yinlar kuzatilmadi. Turnir jadvalidagi holatga e’tibor bersangiz, etakchi va undan keyingi o‘rinlarni egallab turgan jamoalar orasidagi farq 2–3 ochkoni tashkil etadi. Umuman olganda o‘yinlar rang-barang tus olmoqda”, – dedi Inoyatov.

Shuningdek, Axrol Inoyatov OAV vakillari va jurnalistlarni hamkorlikda ishlashga chaqirdi va shubhali holatlar aniqlansa xabar berish kerakligini ta’kidladi.

Anjuman yakunida qolgan muhim o‘yinlar oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi, murabbiylar shtabi va futbolchilarga bosim o‘tkazmay, qo‘llab-quvvatlash, dalda berish kerakligi ta’kidlandi.

Manba: www.the-uff.com

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FF rasmiylari Xalqaro press-klub sessiyasida OAV savollariga javob berdi