16:02 / 15.08.2017
4 894

Jung Vu Yong: Saralashdagi so‘nggi o‘yin safarda o‘tishi bizga qo‘shimcha yuk bo‘ladi

Jung Vu Yong: Saralashdagi so‘nggi o‘yin safarda o‘tishi bizga qo‘shimcha yuk bo‘ladi
Janubiy Koreya terma jamoasi hamda Xitoyning “Chongking Lifan” klubi yarim himoyachisi Jung Vu Yong JCh–2018 saralash bosqichidan o‘rin olgan so‘nggi ikki o‘yin – Eron va O‘zbekistonga qarshi bellashuvlar oldidan nimalar kutayotgani, jamoadagi o‘rni va boshqalar haqida so‘zlab berdi. OFK rasmiy sayti koreyalik futbolchining FIFA matbuot xizmatiga bergan suhbatini taqdim qildi.

“Dunyodagi barcha futbolchilar singari Jahon chempionatiga yo‘llanma olishni eng asosiy vazifa deb bilamiz. Yoshlikdan Jahon chempionatiga chiqishni orzu qilamiz. Tez orada hammasi hal bo‘ladi va biz yakunda afsuslanishni istamaymiz. Rossiyada bo‘lib o‘tadigan JCh–2018 turniriga yo‘l olishimizga ishonamiz”, – dedi Jung Vu Yong.

27 yoshli futbolchi, shuningdek, Janubiy Koreya termasining JCh saralashidagi taqvimi noqulay ekanini aytdi. Koreyaliklar 31 avgust kuni o‘z maydonida Eronni qabul qilsa, 5 sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekistonga qarshi maydonga tushadi.

“Rostini aytish kerak, taqvim biz uchun biroz noqulay. Saralash bosqichidagi so‘nggi o‘yin safarda (O‘zbekistonga qarshi Toshkentda) o‘tishi bizga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Janubiy Koreya termasida Osiyoning kuchli jamoalariga qarshi munosib kurasha olish qobiliyati bor. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar biz eng kuchli ekanimizga ishonamiz. O‘zimizga bo‘lgan ishonch yordamida barcha to‘siqlardan o‘ta olamiz”, – deb o‘z fikrini davom ettirdi yarim himoyachi.

JCh–2018 saralashi davomida 7 o‘yinda maydonga tushgan Jung Vu Yong terma jamoaga qanday kelib qolgani va undagi vazifalari haqida ma’lumot berdi.

“Milliy terma jamoaga Uli Shtilike davrida, J-ligada to‘p surgan paytlarimda chaqirilganman. Menimcha jismoniy holatim va pas berish qobiliyatim o‘shanda Shtilikega ma’qul kelgan. Janubiy Koreya termasi safida to‘p surayotanimdan baxtiyorman. Albatta, o‘z ustimda ishlashda davom etishim kerak. Terma jamoadagi vazifam ko‘p yugurib, himoya va hujumdagi sheriklarimga yordam berish. Milliy terma uchun har qanday pozisiyada o‘ynashga tayyorman”, – dedi “Chongking Lifan” a’zosi Jung Vu Yong.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Shin Te Yong Eron va O‘zbekistonga qarshi o‘yinlar uchun 26 futbolchidan iborat tarkibni e’lon qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jung Vu Yong: Saralashdagi so‘nggi o‘yin safarda o‘tishi bizga qo‘shimcha yuk bo‘ladi