Barselona Frenkie de Jong boʻyicha qatʼiy qaror qabul qildi: Yarim himoyachi uzoq muddatga safdan chiqdi

Kataloniyaning Barselona klubi yangi mavsum arafasida jiddiy yoʻqotishga yuz tutmoqda. Jamoaning niderlandiyalik yulduzi Frenkie de Jong tizzasidan olgan jarohati sababli uzoq vaqt maydonga tusha olmaydigan boʻldi. Bu holat klub rahbariyatini nafaqat sport nuqtai nazaridan, balki moliyaviy muammolarni hal qilish borasida ham keskin choralar koʻrishga majbur qilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Sport nashri bergan maʼlumotlarga koʻra, futbolchining jarohati kutilganidan ancha jiddiy boʻlib chiqishi mumkin. Hozirda klub tibbiy shtabi futbolchi taʼtildan qaytgach, uni toʻliq koʻrikdan oʻtkazdi va dastlabki tashxislar koʻngildagidek emas. Agarda jarohatning ogʻirligi tasdiqlansa, de Jong kamida toʻrt oy davomida jamoaga yordam bera olmaydi.
Moliyaviy yechim va de Jongning roziligi
Vaziyatning murakkabligi shundaki, Barselona rahbariyati ushbu holatdan foydalanib, klubning ish haqi fondida (salary cap) joy boʻshatishni rejalashtirmoqda. Ispaniya futbol federatsiyasi qoidalariga koʻra, agar futbolchi uzoq muddatga safdan chiqsa, uning oʻrniga boshqa oʻyinchini roʻyxatdan oʻtkazish uchun maʼlum imtiyozlar beriladi. Biroq, bu jarayonni amalga oshirish uchun bevosita Frenkie de Jongning roziligi talab etiladi.Klub ichidagi manbalarning taʼkidlashicha, rahbariyat va murabbiylar shtabi oʻrtasida Niderlandiya terma jamoasining harakatlaridan norozilik kayfiyati mavjud. Maʼlum boʻlishicha, futbolchi terma jamoa safida oʻz imkoniyatlaridan ortiqcha kuch sarflagan va jarohatini yanada ogʻirlashtirib olgan. Endilikda kataloniyaliklar ushbu masalani joriy hafta oxirigacha uzil-kesil hal qilishni maqsad qilgan.
Frenkie de Jong oʻz taʼtili davomida klubning sport bazasiga tashrif buyurib, chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlardan oʻtdi. Tekshiruv natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, yarim himoyachi dekabr oyidan oldin maydonga qaytishi amrimahol. Agar bu muddat rasman tasdiqlansa, Barselona uni uzoq muddatli jarohat olganlar roʻyxatiga kiritadi.
Ushbu qaror qabul qilinsa, klub yangi transferlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻshimcha imkoniyatga ega boʻladi. Bu ayniqsa moliyaviy feyr-pley qoidalari bilan kurashayotgan Kataloniya klubi uchun juda muhim hisoblanadi. Hozirda barcha eʼtibor futbolchining yakuniy qaroriga qaratilgan, chunki uning roziligisiz ushbu yuridik jarayonni yakunlash imkonsiz.






























Izohlar 0
…