00:11 / 16.08.2017
5 348

Diyor Imomxo‘jaevdan: Pozitiv maqola

Diyor Imomxo‘jaevdan: Pozitiv maqola
Umidsiz vaqtlarimda ham asosan bitta prinsip – to‘g‘ri gapni aytishga harakat qildim.
Jurnalistning kosasi oqarmaydi, deyishardi. Har doim shu soha taqdirimga yozilib qolganidan afsuslandim. Ketish fikri ko‘p bor aylandi. Bugun esa undan ketish qiyin ekanini his qilaman. Uning katta kuch ekanini tushunaman.

Umidsiz vaqtlarimda ham asosan bitta prinsip – to‘g‘ri gapni aytishga harakat qildim. Siz bilgan Axbor Imomxo‘jaev sodda odam, haligacha ayrim fikrlariga lol qolaman, havasim keladi, erishgan muvaffaqiyatlarida shu qadar ishonuvchan inson bo‘lganlari rol o‘ynaganmi deb o‘ylanib qolaman. Rost gapga o‘rgata oldi bu inson. Otam uning ta’sirida o‘sha tanish prinsip bo‘yicha harakat qildi, menga yuqtirishga intildi.

Kosasi oqarmaslik deganda kim nimani tushunadi, bilmayman. Ammo men doim borimga shukur qilaman. Topganimni orttira olmasligim mumkindir, biroq etkaza olayotganimning o‘zi baxt, to‘g‘rimi? Kimgadir shu ham nasib qilmagan-ku.

Xudo ergashishim mumkin bo‘lgan odamlarni uchratishimda ham kam qilmadi. Yutug‘im – ustozim deb bilganlarim xarakteri va dunyoga boqishi tomonidan otamdan ham, bobomdan ham katta farq qilsa-da, ularni asosan bir narsa – halollik va to‘g‘ri so‘zga tashnalik o‘zaro jipslashtiradi, deb ayta olaman. Men bunda Xayrulla Hamidov va Avaz Berdiqulovni nazarda tutdim.

Shu sohada tanishgan do‘stlarim men sanagan insonlardan-da butkul farq qiladi. Ammo ularda ham umumiy prinsiplar, orzular, intilishlar o‘xshash: Muhrim A’zamxo‘jaev, Temur A’zam, Xushnud Xudoyberdiev, Abror Qodirov… Sohaga bir vaqtda kirib kelgan bo‘lsak-da, ularning har biridan ko‘p narsa o‘rgandim.

Buning barini o‘zimga yordam deb bilaman, shukur qilaman. O‘zi istamaganida, atrofimda balki butunlay boshqa tipdagi insonlar to‘planishi katta ehtimol edi. Aytmoqchimanki, inson zarracha yutuqqa erishsa, bunda u bilgan insonlarning ta’siri juda katta bo‘ladi. Onamni eslamadim, chunki u mening borim, jahonim.

To‘g‘ri so‘z kichik kulfatlar keltirsa, uni aytishdan qo‘rqish shart emas. Buni Hamidov misolida ko‘raman. O‘z prinsipidan toyib ketmagan inson sifatida ular katta muvaffaqiyatga erishdi, deb bilaman. Mana shu nomni tanitish uchun yillab mehnat qilgan insonga endi o‘sha nomning o‘zi yordam beradi. Qaerga borsa – izzat va hurmatda. Odamlar uni to‘g‘riso‘z deb biladi, futbol olamiga qaytib kirishim qiyin bo‘ladi deb o‘n martalab qaytargan, hatto bir oz ikkilangan bo‘lsalar-da, hech qancha o‘tmay yana joylariga chiqib olgan inson u.

Bugun bu inson yana peshqadam. Qolganlar bilan solishtirishning o‘zi xato. O‘zimdan nafratlanadigan, izohlarida kurakda turmaydigan fikrlar aytadigan muxlislarni bilaman, ammo Hamidov haqida nojo‘ya fikr yozadigan muxlisni ko‘rmadim. Bu joyda o‘z vaqtida Turdialiev bor edi, undan avval esa Axbor Imomxo‘jaev.

Bugun futbol jurnalistikasiga kirib kelayotgan do‘stlarimiz, ukalarimiz ko‘p. Shu sohada bo‘lmasa-da, maqola etib boradigan, boshqa sohalarda to‘g‘ri so‘zni aytishi kerak bo‘l-ganlarimiz ko‘p. O‘rnak olishlarini istardim shu insonlardan. O‘zim doim shunga harakat qilaman. Va hozirgacha afsuslangan joyim yo‘q. Kasbimda ishim kundan-kunga yaxshilandi, hozircha ortga ketgani yo‘q. Men o‘zim aytgan cho‘qqiga chiqish haqida o‘ylamayman ham, buning uchun da’vogarlar juda ko‘p. Atrofimdagi insonlar kim bo‘lishini belgilab bergan zotning o‘zi, cho‘qqi egalarini ham tanlab qo‘ygan deb bilaman. Maqsad boshqa – odamlar keyinchalik yaxshi nom bilan eslasin, topganlarimga javob berish qiyin bo‘lib ketmasin.

Shuncha gapni nega yozganimni hozir o‘quvchimga aniq tushuntirib bera olmayman. Balki kimlarningdir ensasini qotirishga ham ulgurgandirman. Shunchaki kayfiyatim shuni taqozo qildi. Qilganlarimga afsuslanmasligim, borimdan uyalmasligim va shukur qilishim haqida aytgim, kimlarga o‘xshashni xohlashim va nima uchunligini tushuntirishga harakat qildim. Balki kim uchundir kerak bo‘lib qolar, degan maqsadim bor edi chog‘i.

Mana shu avgust hayotimda unutilmas onlarni taqdim etishi mumkin. Go‘yoki, umrim 2017 yilning avgustini kutish umidida o‘tib kelgandek. Hozir hammasidan yaxshi o‘tishidan, chiroyli kechishidan umidvorman. Buning ichida hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan quvonch ham, “Real” va “Barselona” kabi grandlarga tutash yangiliklar ham bo‘lishi mumkin. Istardimki, xayrli bo‘lsin, oxirgisi bo‘lmasin.

Kimdandir, nimadandir umid qilmay, bir tekis faoliyat olib borish u qadar yomon bo‘lib chiqmadi. Agar ko‘proq, mashaqqatliroq mehnat qilinsa, shu soha ortidan o‘sha kosani ham oqartirish mumkindek ko‘rindi. Buning uchun kattaroq lavozimda ishlash yoki kimlarnidir ishlatish shart emas. O‘zingiz mehnatdan qochmasangiz etarli, deb o‘yladim. Shu xulosaga kela olganim uchun ham kayfiyatim yaxshi. Davomiy bo‘lsin, ishqilib.

Diyor Imomxo‘jaev


Manba: www.erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jaevdan: Pozitiv maqola