13:57 / 24.08.2017
3 651

Server Jeparov: Ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonishimizga ishonyapman

Server Jeparov: Ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonishimizga ishonyapman
Eron pro-ligasining 3-turiga kelib, nihoyat, tehronliklar raqib darvozasini ishg‘ol qilishdi.
Milliy terma jamoamiz yarim himoyachisi Server Jeparov o‘yinning 42-daqiqasida uzoq masofadan o‘ng oyog‘ida zarba yo‘llab, «Traktorsozi» darvozabonini ojiz qoldirdi.

Bu «Istiqlol»ning yangi mavsumdagi ilk goli bo‘lish bilan bir qatorda, jamoaning birinchi g‘alabasiga zamin yaratdi. Tehron klubi 3-turdan so‘ng 4 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 8-o‘rinda bormoqda.

«Traktorsozi»ga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng hamyurtimiz bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.

- Server, avvalo, ajoyib gol va jamoangizning ilk g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Juda qiyin g‘alaba qo‘lga kiritildi, shunday emasmi?

- Albatta. Mazkur bahsda bizga har qanday hisobdagi g‘alaba suv va havodek zarur edi. Boisi, ketma-ket ikki o‘yinda ochko yo‘qotib, birorta ham gol urolmay, turnir jadvalidagi holatimizni birmuncha og‘irlashtirib yuborgandik.

Ochig‘i, bu «Istiqlol»ning ko‘p ming sonli muxlislari orziqib kutgan muvaffaqiyat bo‘ldi. Jamoamiz ishqibozlari har bir uchrashuvni intizor kutishadi. Ular har bir o‘yin g‘alaba bilan yakunlanishini xohlashadi.

- Uch ochko nimaning evaziga keldi, deb o‘ylaysiz?

- Butun o‘yin davomida raqibga nisbatan sezilarli ustunlikka ega bo‘ldik. Dastlabki 20 daqiqa ichida ikki yoki uchta juda qulay vaziyatni boy berdik.

Ayniqsa, hujumchilarimizdan xuddi avvalgi o‘yinlardagi kabi omad yuz o‘girdi. Ikkinchi bo‘lim boshida tezkor gol urib oldik.

Qolgan daqiqalarda o‘yin tizginini o‘z qo‘limizda ushlab turdik va yakunda mavsumdagi ilk g‘alabani qo‘lga kiritdik.

- Gol juda ham chiroyli chiqdi. O‘sha vaziyatda darvozadan uzoqda edingiz. To‘p ham siz uchun noqulay o‘ng oyoqda tepildi. Tavakkal qildingizmi yoki bu oldindan o‘ylangan zarba edimi?

- O‘yindan oldin murabbiy menga «Zarba beradigan nuqtaga chiqdingmi, vaziyatni qo‘ldan chiqarma», deb ko‘rsatma bergandi. Shu talabga amal qildim va bu jamoamizga muvaffaqiyat keltirdi.

Ha, siz aytgandek, to‘p o‘zim uchun biroz noqulay o‘ng oyoqqa tushib qoldi. Lekin zarba beradigan nuqtada edim. Qarangki, bunday qarorni raqib darvozaboni ham kutmagan ekan.

Yaxshi zarba besamar ketmaganidan xursandman. Eng muhimi, «Istiqlol» mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishdi. Bu qolgan o‘yinlarda jamoamizga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

- Avvalgi ikki uchrashuvdagi omadsizlikni tahlil qilib ko‘rdinglarmi? Raqiblar kuchli edimi yoki jamoangizga omad kulib boqmadimi?

- Hammasiga o‘zimiz aybdormiz. Ikkala bahsda ham o‘z imkoniyatimiz darajasida harakat qila olmadik. Boshqa tomondan, chempionat endigina boshlandi. Mavsum avvalida bir qator omillar futbolchilarga xalal berishi tabiiy hol.

Dastlabki ikki turda hayajon kuchli ekanligi sezilib qoldi. O‘ylaymanki, endi omadsizliklar o‘rnini chiroyli g‘alabalar egallaydi.

- Ochig‘i, sizni 20-raqamli libosda ko‘rib, hayron qoldik. Shu kungacha o‘ynagan jamoalaringizda yo «30» yoki «8»da harakat qilgansiz. Nimaga aynan 20-raqamni tanladingiz?

- Ha, bu raqam o‘zimga ham biroz g‘alati tuyulyapti. Aslida irimchi emasman-u, ammo o‘rganish qiyin bo‘lmoqda. Hamisha 8-raqamda to‘p surishga odatlanganman.

Afsuski, «Istiq-lol»da 8 yoki shu son ishtirok etgan boshqa barcha raqamli futbolkalar band ekan. Qizig‘i, 20-raqamni menga bosh murabbiyning o‘zi tavsiya qildi.

Birinchi bor shunday holatga tushdim. Negaki, hech bir jamoa ustozi menga raqam borasida maslahat bermagandi.

- Nihoyat, siz «Istiqlol»dasiz. O‘tgan mavsumning yarmini «Sepaxon» jamoasida ijara asosida o‘tkazdingiz. Yarim yil ichida klubda nimalar o‘zgaribdi?

- Katta o‘zgarishlar ro‘y bergan, deya olmayman. Xabaringiz bor, transfer siyosati tufayli ijara asosida o‘zga jamoa safida o‘ynashga majbur bo‘ldim.

«Istiqlol» bilan shartnoma imzolagan bo‘lsamda, o‘tgan mavsum bu klub tarkibida birorta o‘yinda ham maydonga tushmadim. Xuddi xizmatni o‘tab qaytgan askardek, yana jamoa safidaman.

Bilganim shuki, bosh murabbiyning o‘zi meni jamoada ko‘rishni istagan va klub rahbarlaridan sotib olishlarini so‘ragan.

Murabbiyimiz juda ham tajribali va o‘ta talabchan. O‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda, jamoa o‘yini, taktikasi va modelida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bergan.

- Jamoa oldiga aniq vazifa qo‘yilganmi?

- O‘zimiz qatnashadigan barcha musobaqalarda zafar quchishimiz kerak. Birinchi galda Eron chempioni bo‘lish, keyin mamlakat kubogini qo‘lga kiritish.

- Bu maqsadga erisha olasizlarmi?

- Zabt etilmaydigan cho‘qqi yo‘q. Harakat qilsak, albatta, o‘z maqsadimizga erishamiz. Shaxsan o‘zimning ham niyatim shu.

Hozirgacha O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya mamlakatlari chempioni bo‘ldim. Ana shu oltin medallar qatoriga Eron pro-ligasi g‘olibligini ham qo‘shib qo‘ymoqchiman.

- Eron chempionatida 3ta tur uchrashuvlari ortda qoldi. Ilk taassurotlar qanday?

- Hech ikkilanishsiz aytishim mumkin, futbol - eronliklarning eng sevimli sport turi. Muxlislar bilan to‘la stadion, ularning olqishi, ayniqsa, «Ozodi»dagi atmosfera. Tabiiyki, bunday ajoyib muhitda futbol o‘ynash kishiga estetik zavq bag‘ishlaydi. O‘z-o‘zidan o‘yiningiz ham qovushadi. Mazza qilib to‘p surasiz.

- Jamoada kim bilan ko‘proq hamsuhbat bo‘lasiz?

- Braziliyalik legioner Padovani bilan yaqin do‘stmiz. Legionerning dardini legioner biladi-da (kuladi). Umuman olganda, hamma futbolchilar bilan ham do‘stona munosabatdaman. Pejman va Mushtaba ingliz tilida bemalol so‘zlasha olishgani bois, ular bilan ham ko‘proq muloqotda bo‘laman.

- Turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringiz ham yoningizdami?

- Hozircha yo‘q. Ular ayni payt Toshkentda.

- Umuman, legionerning oilasi futbolchi singari «ko‘chmanchi» bo‘lgani yaxshimi yoki..?

- Endi bu... hammada har xil. Lekin baribir, aksariyat futbolchilar oilasi yonida bo‘lishni xohlaydi. O‘zim ham doimo shunday yo‘l tutganman. Yaqinda Tehrondan alohida kvartira berishdi.

Shu kunlarda viza bilan bog‘liq masalalar hal etilyapti. Tez orada oilamni olib kelaman. Balki terma jamoa yig‘ini sabab Toshkentga borgan paytim bu ish amalga oshar?! Hozir shu mavzuda gapiryapmanu, bir zumda farzandlarimni sog‘indim. Ularni ko‘rgim kelyapti.

- Eronda zerikmayapsizmi? Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazyapsiz?

- Mashg‘ulotlar, o‘yinlar, safarlar... Bunday tig‘iz sharoitda bo‘sh vaqt juda kam bo‘ladi. Dam olish kunlari restoranga boraman. Shahar markazidagi savdo majmualarini aylanaman. Kamida ikki kunlik ta’til berilsa, baliq oviga chiqishni rejalashtirib turibman.

- Oktyabr oyida 35 yoshga to‘lasiz. Charchoq alomatlari sezilmayaptimi?

- O‘zimni qalban 35 yosh his qilmayapman. Hali maydonda 90 daqiqa o‘ynay olaman, bunga kuchim etadi. Hattoki, undan ham ko‘pga chidashim mumkin. Fikrimni asoslash uchun bir fakt: gol urgan o‘yinimda 10 km. masofani bosib o‘tibman.

Shunday ekan, hali oyog‘imda kuchim ko‘p. Futboldan ketish haqida umuman o‘ylayotganim yo‘q. Modomiki, maydonda jamoadoshlarim yoki raqiblardan ortda qolayotganimni sezgan kunimoq, butsalarimni mixga ilaman. Hozircha futboldan charchamadim.

- Keling, endi milliy terma jamoa haqida suhbatlashsak. Bizni oldinda ikkita muhim uchrashuv kutib turibdi. Ikki g‘alaba va terma jamoamiz JCh-2018 final bosqichida. Yaxshi niyat-a? Shaxsan siz bo‘lajak o‘yinlardan nimalar kutyapsiz?

- Nimagadir ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonishimizga ishonyapman. Eng muhimi, hammasi o‘z qo‘limizda, oyog‘imizda va boshimizda (kuladi). Agar o‘zimiz qoqilmasak, bizga boshqa hech kim mundial yo‘lida to‘sqinlik qila olmaydi.

Shukrki, hozir millionlab muxlislarimiz tomonidan juda yaxshi qo‘llab-quvvatlashni his qilyapmiz.

Ishonchim komil, bu holat biz futbolchilarga qo‘shimcha kuch-quvvat baxsh etadi. Fursatdan foydalanib, bizga qayta ishona boshlagan muxlislarga o‘yinchilar nomidan minnatdorchilik bildiraman.

- Qatar terma jamoasining o‘z maydonida Janubiy Koreyani mag‘lub etishi bizga tom ma’noda sovg‘a bo‘ldi. O‘sha o‘yindan keyin futbolchilar o‘zaro gaplashdinglarmi? Kayfiyat ko‘tarilgandir?

- Albatta, quvondik. Endi Qatar taqdim etgan sovg‘adan unumli foydalanib qolishimiz shart. Hech qachon bunday imkoniyatga ega bo‘lmaganmiz. Foydalanib qolmasak, bizni muxlislar kechirishmaydi.

- Mundial yo‘lidagi birinchi to‘siq bu - Xitoy. Chin yurti jamoasini nimaning evaziga mag‘lub etish mumkin?

- Bu termani sifatli, tashkiliy va jamoaviy o‘yin evaziga engsa bo‘ladi. Ha, Marchello Lippining kelishi Xitoy jamoasi o‘yinini kuchaytirdi. Buni ham tan olish kerak. Ammo mazkur holat bizning g‘alabamizga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Qaytarib olingan imkoniyat bizni yanada kuchaytirdi.

- Vitaliy Denisovning jarohat olishi terma jamoamiz chap qanotini sezilarli darajada kuchsizlantirdi. Bosh murabbiy munosib nomzod bo‘la turib, bu chiziqqa boshqa futbolchini tushirdi. Shaxsan siz ushbu pozisiyada kimni ko‘rishni istardingiz?

- O‘ylaymanki, Denisov Xitoy va Koreyaga qarshi kechadigan o‘yinlarda maydonga tushadi. Hozir Vitaliy «Lokomotiv» umumiy mashg‘ulotlariga qo‘shilgan. Hali oldinda ikki haftacha vaqt bor. Uning sog‘ayib ketishi va o‘yinga tayyor bo‘lishiga umid qilyapmiz.

- Ko‘pchilikning nazdida, hozirgi Janubiy Koreya avvalgidek kuchli emas. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Ha... Ammo bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Terma jamoaga nomzod futbolchilarga bir ko‘z yugurtiring. Aksariyati Evropaning top-klublarida o‘ynaydi. Koreyaliklar murabbiyi ushbu o‘yinchilardan bemalol ikkita deyarli bir xil kuchga ega jamoa tuzishi mumkin. «Ko‘hna qit’a»da mavsum endi boshlandi.

Shu bois, legionerlar hali o‘zining yuksak formasini tiklab ulgurishgani yo‘q. Ana shu kamchilikdan foydalanib qolishimiz shart. Lekin har qanday holatda ham raqibga past nazar bilan qaramaslik lozim. O‘z o‘yinimizni ko‘rsatsak, ko‘p yillik orzumiz ro‘yobga chiqadi.

- Adashmasak, «Chelsi»ga muxlislik qilasiz-a? Lekin amaldagi chempion mavsumni mag‘lubiyat bilan boshladi. Bu o‘yinni ko‘rdingizmi?

- O‘sha payt mashg‘ulotimiz bo‘layotgandi. O‘yinning takroriy lavhalarini kuzatdim. Antonio Konte jamoasi 9 kishi bo‘lib mag‘lubiyatga uchrabdi. Chempionat endigina boshlandi. Buni kutilmagan natija degan bo‘lardim. Hali «Chelsi» o‘z so‘zini aytadi.

- Neymarning «PSJ»ga o‘tishi yil transferi bo‘ldi. Braziliyalik futbolchining «Barselona»ni tark etishini kutganmidingiz?

- Avvaliga umuman ishonmagandim. Shunchaki gap-so‘zlar bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo keyin ijtimoiy tarmoqlardagi jiddiy xabarlardan so‘ng bu transfer amalga oshishiga ishonch hosil qildim. Arab shayxlari qancha pul sarflab bo‘lsa ham Neymarni olib kelishlari aniq bo‘lib qolgandi.

- Professional boks janglarini tomosha qilasizmi?

- Har-har zamonda.

- 26 avgust kuni yengilmas bokschi Floyd Meyvezerga qarshi aralash qoidalar bo‘yicha UFC chempioni Konor Makgregor ringga ko‘tariladi. Sizningcha, kim g‘olib bo‘ladi?

- Ikkovi ham ajoyib sportchi. Jang boks qoidalari asosida o‘tkazilishini inobatga olib, Meyvezer imkoniyatlarini yuqoriroq baholayman. Albatta, Las-Vegas shahrida o‘tkaziladigan shouni ko‘rishga harakat qilaman.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Server Jeparov: Ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonishimizga ishonyapman