Jahon chempionati saralashining so‘nggi bosqichini yana-da yaxshiroq o‘tkazishni niyat qilgan Samvel Babayanning boshi qotibdi. Nima qilsam ekan? Nihoyat yechim topibdi, borib, Luis Enrikedan maslahat so‘rabdi. Axir aynan shu Luis Enrike oxirgi yillarda juda ko‘p sovrinlarni yutib olgan yedi-da. Bejizga emasdir?
Bu fikr terma jamoalar markaziga ham yoqib tushibdi va zudlik bilan Babayanni Ispaniyaga jo‘natib yuborishibdi.
— Luis, uka, senga qoyil. O‘yinlaringni ko‘rib, juda zavq olaman.
— Rahmat.
— To‘g‘risi, mening jamoam ham «Barselona»dek o‘ynashini orzu qilaman. Maslahat bersang-chi, nima qilsam, xuddi sizlardaqa o‘ynay olamiz?
— Buni yo‘li oson, — debdi Luis Enrike.
— Xo‘sh?
— Asosiy tarkibga o‘yinchi tanlayotganda nimalarga e’tibor berasan?
— Masalan, futbolchining legioner ekaniga. «Paxtakor»da o‘ynaydigan bo‘lsa ham yaxshi sabab. Yoshroq bo‘lsa, yanayam yaxshi, nomi chiqsa, chet elga sotib yuborish mumkin.
Luis Enrikening yuzi qizarib ketibdi va katalonchasiga bir nimalar deb g‘uldirabdi.
— Unaqa bo‘lmaydi-da, — debdi Babayanga qarab, — masalan, men futbolchilarning aqliy qobiliyatlariga ham alohida e’tibor qarataman. Aqlli futbolchilar taktikani ham yaxshi tushunadilar.
— Zo‘r-ku?! Rahmat!
Shunday deb, Babayan ketib qolibdi. Lekin yarim yo‘ldan yana qaytib kelibdi. Terma jamoalar markazi yarim yo‘lning chiptasini ham tashkil qilib beribdi. Ularga ham rahmat aytamiz.
— Luis, lekin men ularning qaysi biri aqlli ekanini qayerdan bilaman?
— Buni yo‘li oson! — debdi Enrike va oldiga Busketsni chaqiribdi. — Mana, Buskets — jamoamdagi eng aqlli o‘yinchilardan biri. Men unga mantiqiy savol beraman va javobiga qarab, aniqlashim mumkin.
— Qani, ko‘raylik-chi…
— Serxio, menga aytchi, — Busketsga yuzlanibdi Enrike, — dadangning o‘g‘li, lekin sening akang ham emas, ukang ham emas. U kim?
— Kim bo‘lardi, men, — deb javob beribdi Buskets.
— Qoyil! — debdi Luis Enrike.
— Qoyil, — debdi Babayan.
Murabbiyimiz xursand bo‘lib uyga qaytibdi. Zudlik bilan oldiga Stanislav Andreyevni chaqiribdi.
— Stas, menga qara, bo‘ldi, hammasi o‘zgardi, endi terma jamoada o‘ynashga loyiq ekaningni isbotlashing kerak.
— Xo‘p, ustoz, nima qilishim kerak?
— Endi tarkibni yangi uslubga ko‘ra tanlaymiz. Hamma o‘yinchilarga mantiqiy savol berib, to‘g‘ri javob berganlarni tarkibga olamiz, tushundingmi? Senga savol: Dadangning o‘g‘li, lekin akang ham emas, ukang ham emas, u kim? Vaqt ketdi.
Stanislav Andreyev juda ko‘p o‘ylabdi. O‘ylayveribdi, o‘ylayveribdi. Murabbiy unga ertagacha muhlat berib, chiqarib yuboribdi.
O‘yga cho‘mgan Andreyev yo‘lda ketayotsa, Geynrix turganmish.
— Eh, Sasha, seni menga Xudoning o‘zi yetkazdi.
— Tinchlikmi, Stas?
— Samvel aka menga bitta savol berdi. Juda qiyin ekan. Shuni topa olmasam, terma jamoaga chaqirmasmish. Boshim qotib ketyapti.
— Xo‘sh, qanaqa savol ekan?
— Qara, dadangning o‘g‘li, lekin sening akang ham emas, ukang ham. Kim u?
— Eh, shuniyam bilmadingmi? Kim bo‘lardi, men-da.
— Qoyil, — debdi Andreyev va Babayanning oldiga yugurib ketibdi.
— Topdim, ustoz, topdim! — deya baqir-chaqir qilib kelibdi Andreyev.
Babayan bilan Asqar Tolibjonov bo‘lajak o‘rtoqlik o‘yinlarini muhokama qilib, ya’ni choy ichib o‘tirgan ekanlar.
— Ha, namuncha, tinchlikmi?
— Ustoz, boyagi savolingizga javobni topdim.
— Yo‘g‘-ye, malades, ayt-chi, dadangning o‘g‘li, lekin senga aka ham emas, uka ham, qani kim u?
— Geynrix, ustoz, Geynrix!
Babayanning istimasi ko‘tarilib ketibdi. «Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi» filmidagi shohga o‘xshab baqiribdi:
— Yo‘qo-o-o-o-o-o-o-o-o-o-o-lll!!!
Stanislav Andreyev qochib ketibdi.
— Ha, Samvel, tinchlik-mi?
— Qaramaysizmi, Asqar aka buni. Geynrixmish, axir to‘g‘ri javob Buskets-ku!
Qahramon Aslanov
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda