14:24 / 02.09.2017
2 761

Jahon chempionatiga chiqishimiz uchun yagona yo‘l: Babayanni bo‘shatish

Jahon chempionatiga chiqishimiz uchun yagona yo‘l: Babayanni bo‘shatish
Bahorda «Barselona» «PSJ»dan 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, javob o‘yinida vaziyatni o‘nglash uchun deyarli imkoniyat qolmagandek edi. Murabbiyning qanday taktikasi, qanday rejasi, qanday qarori «Barselona»ni butunlay o‘zgartirib, kutilgan darajada natija qayd etishiga ishonish qiyin, buning yo‘li yo‘qdek edi go‘yo. Ammo Luis Enrike yo‘lini topdi. Bilasizmi u nima qildi?

Bayonot berdi. Shu mavsumdan keyin «Barselona»dan ketishini aytdi. Bu mavsum uning klubdagi so‘nggisi ekanini rasman ma’lum qildi. Aynan Parijdagi mag‘lubiyatdan keyin. Vaqtini topganini qarang.

Rostan ham shunday deb o‘ylayman — hech qanday taktika, hech qanday tarkib, hech qanday reja «Barselona»ning Parij darvozasiga oltita gol urishini dalolat qila olmasdi. O‘yinni ham ko‘rgansiz, kataloniyaliklar ko‘proq ruhiy ustunlik, ishonch, kuchli istak evaziga g‘olib kelgandilar. Agar o‘shanda «Barselona» yuta olmaganida, hech kim Messini, Neymarni yoki darvozabonni ayblamasdi, Luis Enrikening ismi, u jamoa atrofida yaratib turgan salbiy muhit barcha aybni olmos misoli o‘ziga tortayotgandi. Gap bu yerda professional Messining o‘yinga bo‘lgan motivatsiyasining bo‘lmaganida, yarim kuch bilan o‘ynaganligida emas, yo‘q, futbolchilarda ayb yo‘q.

Shunaqa bo‘ladi, futbolchilar olayotgan maosh, qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislar, shaxsiy orzulardan tashqari, ularni birlashtiruvchi yana bir omil, kuch bo‘lishi kerak. O‘sha bayonot jamoani qayta birlashtirdi, Enrike bilan o‘rtadagi negativ barham topdi.

Futbolchilar murabbiy uchun o‘ynashni to‘xtatganlarida, unga ishonmay qo‘yganlarida, kelajakni o‘sha murabbiy bilan birga ko‘rmayotganlarida — murabbiyning iste’fosi ijobiy turtki bo‘lishi tabiiy. E’tibor bersangiz, muvaffaqiyatsizlik girdobiga tushib qolgan har qanday jamoa, agar yangi murabbiy qo‘l ostida o‘ynashni boshlasa, raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, ijobiy natija qayd etadi. Aksariyat hollarda gap yangi murabbiyning yangi taktikasida yoki aqlli qarorlarida bo‘lmaydi — tekshirib ko‘rishingiz mumkin, baribir keyinchalik, o‘sha jamoa yana yutqazishni boshlaganini ko‘rasiz. Ammo ilk o‘yinlar baribir qandaydir ijobiy ruhda o‘tadi.

Terma jamoamiz har tomonlama mana shunday holatga tushib qoldi. Biz muvaffaqiyatsizlik girdobidamiz. To‘plagan ochkoimiz, o‘z qo‘limizda bo‘lib turgan imkoniyatimiz haqida gapirmang — biz so‘nggi 7 o‘yindan 5tasida mag‘lubiyatga uchradik. Bu so‘nggi 20 yildagi eng yomon seriyadir.

Bosh murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi ximiya yo‘qoldi. Oldingidek emas. Buni o‘yindan-o‘yinga rostanam jamoaga yordam bera oladigan futbolchilar kamayib borayotganidan ham, Odil Ahmedovning jahl ustida bergan intervyusidan ham payqab olishingiz mumkin.

Hamma hammani yutishi mumkin, jumladan biz Janubiy Koreyani ham. Lekin bilasizmi, bu qandaydir kuchli taktika yoki jamoaviy xarakter evaziga bo‘lishiga ishonish juda qiyin. Menimcha, mana shu oxirgi o‘yin oldidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan eng aqlli ish — Samvel Babayanning iste’fosi bo‘lar edi.

Janubiy Koreya dovdirab turibdi. Salkam bir yildan beri 2-o‘rinda ketayotgan jamoa birdaniga 4-o‘ringa tushib qolish xavfi ostida. Durang ularni ham qoniqtirmaydi. Ulardan nima kutishni, qanday o‘yinga tayyorlanishni bilmaymiz umuman. Jeparov tushishi kerakmi, boshqasimi, hujumchi kim bo‘lishi kerak, darvozada kim, bu savollar bu o‘yinda umuman ahamiyati yo‘q. Qanday taktikada to‘p surishimiz ham muhim emas. Joze Mourino keladimi, Anchelottimi, farqi yo‘q, aynan shu paytda terma jamoamiz boshqaruvini qo‘liga olsa, Babayandan farqi bo‘lmaydi, ishoning. Mana shunday xaos paydo bo‘ldi guruhimizda.

Bunday holatda vaziyatni qo‘lga olishning yagona yo‘li — terma jamoamizga, futbolchilarga, stadionga keladigan muxlislarga, televizorda sharhlaydigan sharhlovchilarga, hammaga pozitiv ruhiyat berish. Aynan mana shu ruhiyat ostida, koreyslarni yanada dovdiratish, izdan chiqarish. Buning uchun esa, turtki kerak.

Babayan boshlagan ishini oxirigacha yetkazishi kerak, yangi murabbiyga vaqt yo‘q, hali imkoniyati bor, degan gaplarni yig‘ishtirish kerak. Imkoniyat Babayanda emas, terma jamoamizda, muxlislarimizda, xalqimizda bor. Babayan imkoniyatini ko‘kka sovurib bo‘ldi. Endi Koreyani yutib ham, chempionatga bora olmasligi mumkin. Bizning imkoniyat esa saqlanib qoldi, biz endi faqat umid va ishonch orqali JChga chiqishimiz mumkin. Bu ham sovurilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

JCh saralashlarining so‘nggi turlari oldidan murabbiyni almashtirgan paytlarimiz bo‘lgan. O‘sha Babayandan ham yomonroq seriya qilganimiz JCh-98 saralashida Vega Da Silva kelgan va birinchi o‘yinida 4:0 hisobida g‘alaba qozongan. Keyingi saralashning so‘nggi turi oldidan ham murabbiylarni iste’foga chiqarganmiz. Leonid Ostroushko boshchiligida Xitoyni yengdik. JCh-2006 saralashining so‘nggi turida esa yangi murabbiy Bob Xougton bizga Kuvayt ustidan g‘alabani taqdim etdi.

O‘sha o‘yinlarni eslaysizmi? Terma jamoamiz o‘yin uslubida, tarkibida hech qanday yangilik bo‘lmagan. Shunchaki, ruhan kuchaygandik, so‘nggi mag‘lubiyatlar natijasida paydo bo‘lgan negativ ruhiyatni, g‘uborni chiqarib tashlagandik, mabodo mag‘lubiyatga uchrasak, aybdor qiladiganimiz odam qolmagandi — o‘ynash kerak edi, faqat o‘ynash. Shunchaki, darvozaga tepadigan paytda pas berib o‘zini soqit qilish hech kimning xayoliga kelmay qo‘ygandi xolos.

O‘rniga kim kelishining farqi yo‘q. Diplomi bor kimnidir o‘tkazib qo‘yamizmi, uch kunga Gvardiolani olib kelamizmi, Odil Ahmedovning o‘zi boshqaradimi, farq qilmaydi — Samvel Babayanni iste’foga chiqarib turish kerak.

Keyin kech bo‘ladi. Keyin foydasi ham yo‘q.

Qahramon Aslanov


Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon chempionatiga chiqishimiz uchun yagona yo‘l: Babayanni bo‘shatish