16:41 / 14.09.2017
4 508

UFFning yangi prezidenti, avvalo, nimalarni hal qilishi kerak?

UFFning yangi prezidenti, avvalo, nimalarni hal qilishi kerak?
Va nihoyat, ko‘pchilik kutgan o‘zgarish ro‘y berdi. O‘zbekiston Futbol federatsiyasida rahbariyat almashdi. Mirabror Zufarovich Usmonov ketdi, Samvel Babayan ketdi. Ularning o‘rniga esa yangi rahbariyat keldi. Yangi prezident — Umidjon Ahmadjonovning bungacha “Paxtakor” klubi vitse-prezidenti lavozimida ishlagani ham biroz ko‘ngilni xotirjam qiladi, boisi, u bevosita futbolga aloqador shaxs, har holda futbolni uncha-buncha tushunadi. Xo‘sh, bu rahbariyat oldidagi asosiy muammolar nimalardan iborat? Umidjon Ahmadjonov avvalo qanday muammolarni hal qilishi kerak? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Futbol akademiyalari

Avvalo, futbol akademiyalaridagi shaffoflikni kuchaytirish kerak. Boisi, ayni paytda tan olish kerak, akademiyalarga futbolchi qabul qilinishini iqtidor bilan teppa-teng ravishda pul ham qiladi. Buni ko‘p bora eshitganmiz, bizga bizni aldamaydigan odamlar aytib berishgan. Demakki, bu muammoni hal qilmasa bo‘lmaydi. Axir iqtidor moddiy manfaatdan ustun kelsagina, bizda ham Ronaldu va Messilar yetishib chiqadi. Futbolni jonu dilidan sevadigan, futbol desa borini beradigan bolakaylarning iqtidorini puli yo‘qligi uchun yo‘qqa chiqarish insofsizlik-ku! Shu bois avvalo akademiyalarni bir isloh qilish lozim.

Milliy terma jamoa

Milliy terma jamoa — yangi rahbarning eng jiddiy muammosi. Garchi Mirabror Usmonov “Men kelganimda o‘zbek futbolining fundamenti yo‘q edi, endi esa bor”, qabilida gapirgan bo‘lsa-da, ammo terma jamoaning fundamenti ham ancha nurab qolgan. Shu bois yangi iqtidorlarni jalb qilish kerak. Buning uchun prezidentdan faqat bir narsa — o‘zimizdan birorta iqtidorli mutaxassisni terma jamoa murabbiyligiga tayinlash yoki chetdan tajribali murabbiy olib kelish hamda ularning ishiga aralashmaslik va aralashishlariga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi. Axir Samvel Babayan ana shunday tashqi ta’sirlarning qurboniga aylandi. Aynan ana shu tashqi ta’sirlar, tanish-bilishchilik va boshqa hokazolar milliy terma jamoamizni jar yoqasiga keltirib qo‘ydi.

Shaxsiy fikrim shunday — chetdan tajribali murabbiy olib kelish lozim. Chunki o‘zimizning murabbiylar, baribir, “o‘zbekchiligiga” boradi. Nima demoqchi bo‘lganimni tushungandirsiz? Shu bois xorijiy murabbiylardan birortasini olib kelsak, nur ustiga nur bo‘lardi. Nima, Xitoy Marchelo Lippini olib kelganida bizning bunga imkonimiz yetmaydimi? Shundoq ham million-million, kerak bo‘lsa, milliard-milliard pullarni havoga sovurib yotibmiz-ku! Shu pullarni tajribali murabbiyga sarflasak, natija bo‘ladi.

Korrupsiyani yo‘q qilish

Tan olish kerak, bugungi kunda o‘zbek futbolida korrupsiya anchagina urchigan. Davlatimiz rahbari sportga, xususan, futbolga katta e’tibor qaratgan. Demakki, bu sohalarga yaxshigina mablag‘ ajratilgani ham tayin. Xalqimizda “Pul bor joyda manfaatparastlar ko‘payadi”, degan gap bor. Shu boisdan yangi rahbar o‘zbek futboli rahbariyatida faqat futbol uchun ishlaydigan, futbol uchun jon kuydiradigan mutaxassislarni qoldirishi lozim. Ana shunda hech qanday korrupsiya bo‘lmaydi, ana shunda kassalardagi chiptalar qo‘lga chiqib, narxi osmon qadar ko‘tarilib ketmaydi, ana shunda Odil Ahmedov ta’kidlagandek kelishilgan o‘yinlar ko‘paymaydi, ana shunda futbolimiz rivojlanadi.

Albatta, bu muammolarning hammasi emas. Hali biz to‘xtalib o‘tmagan muammolar ham talaygina. Umid qilamizki, hammasi o‘z yechimini topadi.

Manba: Mazmun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » UFFning yangi prezidenti, avvalo, nimalarni hal qilishi kerak?