So‘nggi haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzusi bu Ro‘ziqul Berdiyevning O‘zbekiston milliy termasiga bosh murabbiy etib tayinlangani bo‘ldi.
Qizig‘i shundaki, 22 oktyabr kuni 46 yoshga to‘lgan Ro‘ziqul Sa’dullayevich mamlakatimiz bosh jamoasini faqat bitta o‘yinga tayyorlaydi.
Xabaringiz bor, 14 noyabr kuni BAA va O‘zbekiston termalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Biz 20 yildan beri «Nasaf»ga sodiq bo‘lib kelayotgan mutaxassisdan eksklyuziv intervyu oldik.
Ma’lumot uchun, Berdiyev 2008 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylar shtabiga qo‘shilgandi. 2012 yildan e’tiboran «Nasaf» bosh murabbiyi sifatida ishlab kelyapti.
- Bu men uchun kutilmagan taklif bo‘ldi, - deya so‘z boshladi Ro‘ziqul Sa’dullayevich. - Farg‘onada «Neftchi»ga qarshi kechgan o‘yindan keyin federatsiyaga chaqirishdi. U yerda O‘FF vitse-prezidenti Shoakram Isroilov bilan uchrashdim va terma jamoani vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida qabul qilib olishimni aytishdi. Bu taklifga rad javobini berib bo‘lmasdi. Bitta o‘yinga bo‘lgani uchun rozilik berdim.
- «Nasaf» oldida o‘ta muhim o‘yinlar turgan bir paytda bu qaror klubingiz uchun biroz qaltis emasmi? Har holda, «Nasaf» OChL yo‘llanmalari uchun kurash olib boryapti...
- Bu haqda o‘ylab ko‘rdim. Haqiqatan ham «Nasaf» uchun juda tig‘iz va shu bilan birga muhim palla. Hamisha bir murabbiy ikki jamoada ishlashiga qarshi bo‘lganman. Lekin gap milliy terma haqida ketarkan, bu qoidalarni biroz chetlab o‘tishga to‘g‘ri keldi. Aytishadi-ku, Vatan tanlanmaydi, deb!
- O‘FF bilan rasman shartnoma imzoladingizmi?
- Yo‘q. Hammasi og‘zaki kelishuv asosida bo‘ldi. Terma jamoani faqat bitta o‘yinga tayyorlayman.
- Vazifangizga qachondan kirishasiz?
- Ishni boshlab yubordik. Shaxsan o‘zim «Buxoro» - «Paxtakor» uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatdim. Yordamchilarim «Bunyodkor» - «Sho‘rtan» bahsini tomosha qilishdi. Bir kunda 2-3ta o‘yinlar yozilgan disklarni ko‘rib, tahlil qilyapmiz.
- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beryapti?
- Bitta o‘yinga tayinlanganim uchun asosan «Nasaf»dagi yordamchilarim Shuhrat Toshpo‘latov va Denis Ivankov ko‘maklashishmoqda. Ivankov darvozabonlar bilan ishlaydi. Shuningdek, Ja’far Irismetov ham milliy jamoa murabbiylar shtabidan joy oladi va biz bilan BAAga boradi. 26-turda ham bir nechta e’tiborga molik uchrashuvlar bor. Jumladan, «Bunyodkor» - «Paxtakor», «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912»... Bu o‘yinlarni ham yordamchilar hamrohligida kuzatamiz. Bugungi kunda termaning kengaytirilgan tarkibidan 50 nafar futbolchi joy olgan.
- Bu ro‘yxatni sizga O‘FF tuzib berdimi yoki u o‘zingizning kuzatishlaringiz asosida yuzaga keldimi?
- Yaqinda oliy liga klublari murabbiylarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda har bir jamoa ustozi o‘z kuzatishlari asnosida bosh jamoaga nomzod futbolchilarni tavsiya etgandi. Ro‘yxat shu asosda tuzib chiqilgan. Ular orasida o‘zim kuzatib yurgan futbolchilar ham bor.
- BAAga qarshi kechadigan o‘yinga tayyorgarlik qachondan boshlanadi?
- Rejaga ko‘ra, 10 noyabr kuni Toshkentda yig‘ilamiz. Ikki kunlik mashg‘ulotlardan so‘ng BAAga jo‘naymiz. FIFA kunlari arafasida tur o‘yinlari ham bor. Bu uchrashuvlarga ta’sir o‘tkazmaslikka harakat qilamiz.
- O‘yin FIFA kunlari o‘tkaziladi. Shu nuqtai nazardan, unga legionerlar taklif etiladimi?
- Yo‘q, faqat mahalliy futbolchilar xizmatiga tayanamiz. Asosiy e’tiborni terma jamoada o‘ynashga haqli, lekin kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganlar, qolaversa, iqtidorli yoshlarga qaratamiz. Ularga ko‘proq imkoniyat taqdim etmoqchimiz.
- O‘yinning BAAda o‘tkazilishini inobatga olib, hech bo‘lmasa, arab klublarida o‘ynayotgan legionerlarni taklif qilmaysizmi?
- Bu yig‘inda legionerlar umuman bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, BAA termasi ham bizga qarshi o‘zining optimal tarkibi bilan o‘ynamaydi. Ularda ham bosh murabbiy almashgan va u tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirishi tayin. Shu sababli, xorijda to‘p surayotganlarsiz o‘ynashni normal holat deb hisoblayman.
- Muxlislar tomonidan jiddiy tanqid qilingan Igor Sergeyev va Aleksandr Lobanovning termaga taklif etilmasligi haqida gap-so‘zlar urchidi...
- Biz ko‘proq shu kungacha milliy jamoaga chaqirilgan, lekin maydonga tushirilmagan futbolchilarga imkoniyat beramiz. Sergeyev va Lobanov uchun ham termamiz eshiklari ochiq. Lekin BAA bilan o‘yinda e’tiborni boshqa futbolchilarga qaratmoqchiman.
- Hamisha hujumkor futbol tarafdori bo‘lib kelgansiz. Termada ham shu an’anaga sodiq qolasizmi?
- Takror aytaman, men faqat bitta o‘yinda bosh jamoaga murabbiylik qilaman. BAA bilan safarda o‘ynaymiz. Faqat hujumga berilib ketish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Himoyani esdan chiqarmaslik kerak. Mudofaa chizig‘ini mustahkamlamay turib g‘alabaga erishib bo‘lmaydi.
- Raqib jamoa haqida ma’lumot to‘playapsizmi?
- O‘rganishni boshladik. BAAning JCh-2018 3-saralash bosqichi doirasidagi Tailand, Iroq va Saudiya Arabistoni termalariga qarshi o‘tkazgan o‘yinlari yozilgan disklarni yetkazishdi. Yozuvlarni ko‘rib, tahlil qilyapmiz.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Putin Ukrainaning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi
Yapon psixiatri qiyinchiliklarni qanday yengish va mazmunli yashash sirlarini aytdi
Shoygu Rossiyaning “yadro soyaboni” kimni himoya qilishini aytdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi