15:50 / 30.10.2017
5 083

Rasman! Oliy liga ishtirokchilari soni qisqardi

Rasman! Oliy liga ishtirokchilari soni qisqardi
O‘zbekiston futbol federatsiyasining Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining qaroriga ko‘ra, futbol bo‘yicha 2018 yilgi Oliy liga musobaqalarida 12 jamoa ishtirok etadi.

Chempionat o‘yinlari esa 3 davra tizimida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘FF Matbuot xizmati bugun, 30 oktyabr kuni xabar berdi.

Yangi formatga ko‘ra, 12 ta jamoa 3 davrada aylanma tizimda o‘ynaydi. Bunda har bir jamoa mavsum davomida 33 ta o‘yin o‘tkazadi.

Dastlabki ikki davraga mavsum boshida qur’a tashlanadi va jamoalar “uyda-safarda” tizimida bahs olib boradi.

Musobaqaning uchinchi davrasiga esa reglament asosida qur’a tashlash yo‘li bilan mezbon-mehmon aniqlanadi.

Natijada klublar o‘rtasida chempionlik va ligada qolish uchun raqobat kuchayib, musobaqa saviyasi oshadi.

2018 yilgi 12 ta jamoadan iborat 3 davrali tizim ishtirokchilarini aniqlashda 2017 yilgi futbol mavsumi hamda 2018 yilgi mavsumga futbol klublarini litsenziyalash yakunlari asos bo‘lib xizmat qiladigan bo‘ldi. Natijada 2018 yilgi musobaqada 2017 yilda 1–11 o‘rinlarni egallagan 11 jamoaga Birinchi liga musobaqalarida g‘olib bo‘lgan futbol klubi qo‘shiladi.

Ushbu qarorni qabul qilish asnosida O‘FF va PFL rahbariyati murabbiylar, klublar rahbarlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining har bir taklifini chuqur o‘rganib chiqdi.

“Men bugungi qabul qilingan qarordan qoniqish hosil qildim. Chunki, u bir tomonlama qabul qilinmadi. Biz hamma kiritilgan taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqdik. Keyin esa yangi formatning bizning sharoitga qanday to‘g‘ri kelishini o‘rgandik.

Yakunda esa 12 ta klub qatnashadigan musobaqa variantida to‘xtadik. Men ushbu qarorning qabul qilinishida ishtirok etgan har bir ekspert va ommaviy axborot vositalari vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”
, deydi O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov.

Umid Ahmadjonov chaqirgan O‘FF Ijroqo‘mining Byurosi, shuningdek, Birinchi ligada o‘ynaydigan jamoalar sonini 16 taga kamaytirish to‘g‘risida ham qaror qabul qildi.

Birinchi liga asosan yoshlar o‘ynaydigan musobaqa bo‘lib, Oliy liga klublari hamda terma jamoalar uchun nomzod tayyorlaydigan o‘ziga xos fabrika bo‘lib xizmat qilishi kerakligi alohida aytildi.

Bundan tashqari, futbolni butun Respublika bo‘ylab bir tekisda rivojlanishiga erishish maqsadida Birinchi ligada har bir viloyatdan bitta jamoaning ishtirok etishi asosiy talablardan biri etib qo‘yiladi.

Shu orqali O‘FF va PFL musobaqalarida ishtirok etadigan futbolchilarning yosharib borishiga erishiladi va yakunda murabbiylarni aynan yoshlarga ko‘proq imkoniyat berishga undaydi.

“Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va uni o‘tkazish tizimi islohga muhtoj ekanligi, milliy chempionatida raqobatbardosh jamoalar sonini ko‘paytirish orqali sog‘lom raqobatni kuchaytirish va bir so‘z bilan aytganda oliy liga o‘yinlarini tomoshabop musobaqa darajasiga olib chiqish uchun islohotlarni amalga oshirish juda muhim edi.

Bu borada biz eng avvalo ichki imkoniyatlar va sharoitlarni o‘rganib chiqib, keyin xalqaro tajribaga tayandik. Ekspertlar bilan maslahatlashgan holda 12 ta jamoadan iborat liga tanlovida to‘xtadik.

Xuddi shu maqsad bilan birinchi liga jamoalari sonini ham 16 taga qisqartirdik. Umid qilamanki, bu islohotlar o‘zining ijobiy samarasini beradi”
, deydi O‘FF prezidenti Ahmadjonov.

Ushbu haftada Oliy va Birinchi liga futbol klublariga 2018 yilgi musobaqalarda ishtirok etish uchun OFK va O‘FF xujjatlari asosida belgilangan talablar aks ettirilgan yangi me’yoriy hujjat yuboriladi.

Hujjatdagi talablarga javob bermagan yoki buni bajarishda muddatidan kechikkan futbol klublari musobaqalarga qo‘yilmasligi ma’lumot sifatida taqdim etildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rasman! Oliy liga ishtirokchilari soni qisqardi