O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi etib, Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev tayinlanganligini rasman e’lon qilgach, «Erudit Sport» gazetasi muxbiri Qarshida bo‘lib, terma jamoamiz ustozi bilan suhbatlashdi.
— Ro‘ziqul aka, avvalambor, sizni mamlakatimizning bosh jamoasi ustozi etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Vatanimizning bosh jamoasidan bo‘lgan taklifni qanday qabul qildingiz?
— Tabrik uchun rahmat. To‘g‘risini aytaman, milliy terma jamoadan taklif bo‘lishini umuman kutmagandim. Shu bois, buni xursandchilik va mas’uliyatni sezgan holda qabul qildim deyishim mumkin. Bilishimcha, Federatsiya xorijlik murabbiy borasida hali bir qarorga kelmagani bois, terma jamoani vaqtinchalik boshqarib turaman.
— Mirjalol Qosimov 2010 yilda ikkinchi bor termadan taklif olganida, «Vatanga yo‘q deyilmaydi» deya javob bergandi. Siz taklifni qay holatda qabul qildingiz?
— Chindanam, shunday – Vatanimiz uchun qancha xizmat qilsak shuncha oz bo‘lganidek, uning bosh jamoasi uchun ham qo‘ldan kelgan barcha yordamimizni ayamaymiz. Bu juda katta ishonch ekanligini sezib turibman. Terma jamoani boshqarish katta sharaf hamdir.
— Termadan taklif qachon bo‘lgandi va sizga kim taklif bilan chiqdi?
— Farg‘onada «Neftchi»ni mag‘lub etib qaytganimizdan keyin O‘FFga chaqirishgandi. U yerda Sardor Rahmatullayev hamda vitse-prezident Shoakram Isroilov bilan uchrashdim. Ular terma jamoani vaqtinchalik boshqarish masalasini aytishdi. Prezident Umid Ahmadjonov Qatar safaridan kelganidan keyin rasmiy qaror qabul qilishini ma’lum qilishdi. BAA bilan o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgani tufayli terma jamoani boshqarishimni so‘rashdi. Demak, bizga ishonishayotgan ekanlar, barchaning ishonchini oqlashga intilamiz.
— Terma jamoa murabbiylar shtabi tarqatilgandi. Yangi murabbiylar shtabida kimlar sizga yordam beradi?
— Ochig‘i, bu haqda endi bosh qotiraman. Asosan, klubdagi yordamchilarim bo‘lishadi. Qolaversa, shtabimizda boshqa murabbiylarni ham qo‘shib olishimiz mumkin. Yig‘ingacha ma’lum bo‘ladi.
— Ilk yig‘inda BAAga qarshi maydonga tushiladi. O‘sha yig‘in uchun tarkibda o‘zgarishlar katta bo‘ladimi? Ya’ni doimiy nomzodlar emas, o‘zingiz Oliy Ligada kuzatib yurgan futbolchilar taklif etiladimi?
— To‘g‘risi, hali bu savolingizga javob berishim qiyin. Chunki, shu paytgacha asosan o‘z klubimdagi faoliyatim bilan band edim va nomzod futbolchilarni kuzata olmagandim. O‘ylaymanki, Oliy Ligada bunday futbolchilar ko‘p va ertadan boshlab ularni kuzatib boraman. Futbolchilar faqat «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Nasaf» yoki «Paxtakor» emas, balki Oliy Liganing boshqa klublaridan ham taklif etiladi.
— O‘FF prezidenti «BAA bilan o‘yin milliy terma jamoa tarkibiga nomzod bo‘lgan yangi yoshlarni saralab olish va ularni sinovdan o‘tkazish imkonini beradi» deb aytdi. Hozirdan ko‘z ostingizga olib qo‘ygan shunday yoshlar bormi?
— Terma jamoalarimizga nomzod bo‘lgan, milliy terma jamoaning kelajagi bo‘lmish 50 dan ortiq yoshlar bor. Ular orasidan terma jamoa uchun kerakli futbolchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan munosib yoshlarni yig‘inga jalb etmoqchimiz. Ammo aytganimdek, hali bu borada ishlarni endi boshlayman. Hozirda Oliy Ligada iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Ularni kuzatish uchun ozgina vaqtimiz bor. Ular orasidan termaning ertasi bo‘ladigan munosiblarini yig‘inga chaqiramiz. BAAdagi yig‘inda legionerlar ishtirok etmasligi bois, bor e’tiborni Oliy Ligadagi futbolchilarimizga qaratamiz.
— Termada vaqtinchalik ishlasangizda bu «Nasaf»dagi faoliyatingizga ta’sir qilmaydimi?
— Albatta, men «Nasaf» bilan birga bo‘lishim kerak. Ammo, oldimizda hozirda muhim o‘yinlar yo‘qligi bois, terma jamoa uchun ham asosiy ishlarni boshlab yuboramiz. O‘ylaymanki, klub uchun ham, terma jamoa uchun ham vaqt topamiz. Bu klubdagi ishimga salbiy ta’sir qilmaydi.
— Ro‘ziqul aka, o‘z vaqtida Mirjalol Qosimov terma jamoadan ketayotganida O‘FFga aynan sizning nomzodingizni aytgan va bu haqda sizga ham qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Shu rostmi?
— Yo‘q, bo‘lmagan gap. Meni oldin termaga taklif qilishmagan, qo‘ng‘iroq ham bo‘lmagan. O‘FFdan ilk bor taklif oldim.
— Terma jamoa ulkan ma’suliyat ekanligi ma’lum. O‘FF taklifini eshitgach, termani boshqarish sizni cho‘chitmadimi?
— Yo‘q, cho‘chitdi demagan bo‘lardim. Bu ish juda ma’suliyatli ekanligini sezib tursamda, rahbarlar ishonishgan ekan, rad etmay, ishonchni oqlashim kerak, deya qaror qildim.
— Aynan qachondan boshlab, bor e’tiborni terma jamoaga qaratasiz?
— Oliy Liganing kelayotgan 27-tur uchrashuvlaridan so‘ng, milliy terma jamoamiz bilan ishni boshlaymiz. Rejalarimiz o‘zgarmasa, 6 noyabr kunidan boshlab yig‘inga kirishib, BAA bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Usmon IBODOV suhbatlashdi, «Erudit Sport» gazetasi.
Manba: www.erudit-sport.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Koreyaga ishlash uchun borgan ikki nafar o‘zbekistonlik ish joyidan qochib ketdi
Kimyogarlar terini quyoshdan himoya qilishning yangi usulini topdi
Rossiya tug‘ilish kam bo‘lgan hududlarning gubernatorlarini iste’foga chiqarishni boshlaydi