10:41 / 03.11.2017
4 840

Voqealar rivojidan o‘zib yoxud "Loko" chempionmi...?

Воқеалар ривожидан ўзиб ёхуд "Локо" чемпионми...?
Yana uch haftadan keyin Oliy Liga-2017 bahslari yakuniga yetib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. O‘tkazilgan 26-tur uchrashuvlaridan keyin chempionlik uchun asosiy da’vorgar Toshkentning «Lokomotiv» klubi bo‘lib turgan bo‘lsa, Qarshining «Nasaf» va poytaxtning yana bir klubi «Paxtakor» ham matematik jihatdan bosh sovrin uchun imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Voqealar rivojidan o‘zgan «Erudit Sport» jamoalarning chempionlik va sovrindorlar safidan o‘rin olish imkoniyatlarini chamaladi.

1. «LOKOMOTIV» — 60 ochko
Qolgan o‘yinlari:
27-tur: «Neftchi» — «Lokomotiv»
28-tur: «Lokomotiv» — «Buxoro»
29-tur: «Dinamo» — «Lokomotiv»
30-tur: «Lokomotiv» — «Bunyodkor»

Mavsum yakunlanishiga 4 tur qolganda amaldagi chempion «Lokomotiv» 60 ochko bilan eng yaqin ta’qibchisi «Nasaf»dan 7 ochkoga ortda bormoqda. Oldindagi to‘rt uchrashuvda «Temiryo‘lchilar»ni jiddiy to‘qnashuvlar kutib turibdiki, bu bahslarda ularning ochko yo‘qotishi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi. 27-tur doirasida 3 noyabr kuni «Loko» Farg‘onada Vadim Abramov qo‘l ostidagi ligada qolish umidi hali so‘nmagan «Neftchi»ga qarshi saf tortadi. O‘tgan turda «Qizilqum»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan vodiyliklarni g‘alabadan boshqa natija uzil-kesil taqdirlarini hal etadi. Shu bois, «Loko»ni Farg‘onada oson o‘yin kutayotgani yo‘q.

Qolaversa, amaldagi chempionning «Buxoro» bilan, Samarqandda esa yana bir ligada qolish uchun kurash olib borayotgan «Dinamo» bilan, so‘nggi 30-turda esa «Bunyodkor» jamoasiga qarshi o‘yinlari borki, «Temiryo‘lchilar»ni oltin medalllar bilan muddatdan oldin tabriklab qo‘yishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

2. «NASAF» — 53 ochko
Qolgan o‘yinlari:
27-tur: «Nasaf» — «Metallurg»
28-tur: «Sho‘rtan» — «Nasaf»
29-tur: «Nasaf» — «Paxtakor»
30-tur: «Navbahor» — «Nasaf»

Oliy Liganing ketma-ket sakkizinchi uchrashuvida ham g‘alabali seriyasini davom ettirgan «Nasaf» jamoasining ham oldinda qiyin o‘yinlar kutib turibdi. Qarshiliklar 27-turda o‘zlari uchun noqulay raqib sanaladigan «Metallurg»ga qarshi saf tortishsa, 28-turda G‘uzordagi «Voha derbisi»da «Sho‘rtan»ga qarshi maydonga tushishadi. So‘nggi ikki o‘yin esa ancha og‘ir kechishi aniq: «Nasaf» 29-turda «Paxtakor»ga qarshi juda muhim o‘yinda maydonga tushsa, so‘nggi turda Namanganga safar uyushtiradi. «Navbahor»ning o‘z maydonida mag‘lubiyat nimaligini bilmayotganligini inobatga olsak, «Nasaf» jiddiy qarshilikka uchrashini taxmin qilish mumkin.

3. «PAXTAKOR» — 50 ochko
Qolgan o‘yinlari:
27-tur: «So‘g‘diyona» — «Paxtakor»
28-tur: «Paxtakor» — «Olmaliq»
29-tur: «Nasaf» — «Paxtakor»
30-tur: «Paxtakor» — «Obod»

Afsuski, «Paxtakor» jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar mojarolarga sabab bo‘layotgani achinarli hol. «Paxtakor»ning «Buxoro» va «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yinlaridan keyin «Paxtakor» — «Bunyodkor» bahsida ham hakamlarning qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganligini barcha ko‘rdi. Poytaxt klubini keyingi to‘rt uchrashuvda ham kamida 9 ochko jamg‘arishini taxmin qilish mumkin. Zero, jamoani 27-turda «So‘g‘diyona» bilan bahs kutayotgan bo‘lsa, 28-turda «Olmalik»ni qabul qiladi. 29-turdagi Qarshidagi «Nasaf» bilan o‘yin «Paxtakor» uchun eng asosiysi bo‘ladi. Sababi, yakuniy tur bahsida «Obod» bilan uchrashuv o‘tkazilmaydi va texnik g‘alaba yoziladi. «Paxtakor» chempionlik uchun kurashdan amalda chiqqan bo‘lsada, sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati yaxshi.

4. «BUNYoDKOR» — 45 ochko

Qolgan o‘yinlari:
27-tur: «Bunyodkor» — «Navbahor»
28-tur: «Qo‘qon-1912» — «Bunyodkor»
29-tur: «Bunyodkor» — «Buxoro»
30-tur: «Lokomotiv» — «Bunyodkor»

«Paxtakor»ga qarshi hakamlarning xatosi tufayli alamli tarzda mag‘lub bo‘lgan Mirjalol Qosimov boshchiligidagi «Bunyodkor» klubining medallar uchun kurashishga matematik jihatdan imkoniyati bo‘lsada, bunga ishonish juda qiyin. Zero, «Qaldirg‘ochlar»ni keyingi to‘rt o‘yini ancha og‘ir o‘tadi. Qosimov shogirdlari 27-turda «Navbahor»ni qabul qilishsa, keyin Qo‘qonga safar qilishadi. So‘nggi turlardagi «Buxoro» va «Lokomotiv»ga qarshi safar o‘yinida ochko olish ancha mushkul vazifa sanaladi. Shunday ekan, «Bunyodkor» bor e’tiborini O‘zbekiston Kubogi finalidagi «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinga qaratib, OChL yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin. Sababi, finalgacha «Temiryo‘lchilar» amalda Oliy Liga chempionligi va OChL yo‘llanmasini naqd qilib ulgurgan bo‘lishi ehtimoli katta.

Usmon IBODOV

Manba: erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Voqealar rivojidan o‘zib yoxud "Loko" chempionmi...?