20:01 / 21.12.2017
4 921

Mirjalol Qosimov: Bolalar futboliga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini beradi

Mirjalol Qosimov: Bolalar futboliga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini beradi
O‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri hisoblangan va ayni damda Toshkentning “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotgan Mirjalol Qosimov O‘zbekiston futbol federatsiyasining hozirgi kunda amalga oshirayotgan islohotlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar bermoqda.

Tajribali murabbiyning so‘zlariga ko‘ra O‘FF tomonida bolalar futboliga qaratilayotgan e’tibor kun kelib albatta o‘z samarasini beradi.

“O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi yangi rahbariyati klublar, murabbiylar, futbolchilar oldiga qat’iy talablarni qo‘ymoqda. Men o‘ylaymanki, bu o‘z samarasini beradi. Birinchi navbatda bolalar futboliga jiddiy ahamiyat qaratilayotgani ham bejiz emas. Bolalar futboli bu – poydevor. Agar poydevor mustahkam bo‘lsa, imorat baquvvat bo‘ladi. Mana shu yosh futbolchilar kelajakda terma jamoalarimizda to‘p surishadi.

Bolalar futbolini rivojlantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan Serbiya, Ispaniya kabi mamlakatlardan murabbiylar olib kelindi. Ular o‘z mahoratlari va tajribalari bilan yurtimizdagi bolalar futboli mutaxassislari va murabbiylariga katta yordam berishlari aniq.

Klublarni litsenziyalash bo‘yicha stadionlarga qo‘yilayotgan talablar ham juda o‘rinli. Chunki ayrim stadionlardagi maydonlar zamonaviy talablarga javob bermaydi. Masalan, ko‘p stadionlarda yoritish uskunalari ishlamasligi tufayli o‘yinlar ancha vaqtli, muxlislar uchun noqulay vaqtlarda o‘tkazilgan. Mana endi klublar oldiga stadionlardagi yoritish uskunalarini belgilangan talab asosida bo‘lishini ta’minlash vazifasi qo‘yilmoqda. Albatta, bu uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionlarga tashrif buyuradigan muxlislar uchun ancha qulayliklar tug‘diradi.

Milliy chempionatimiz 12talik formatga o‘tgani haqida ham ijobiy fikrlarni bildirish mumkin. Bu talablar o‘z samarasini beradi. Chempionatda qancha ko‘p raqobatbardosh jamoalar bo‘lsa, o‘sish bo‘ladi. Kurash, shijoat kuchayadi. Angliyada o‘z vaqtida kurashni kuchaytirish uchun maydon o‘lchamini kichraytirishgan. Eksperiment sifatida. Kurashlarga boy o‘yin bo‘lsa muxlislar bu o‘yinlarga keladi. Bu bilan maydon o‘lchamini kichraytirish kerak demoqchi emasman. Shunchaki bundan avval e’tibor berilmagan barcha jihatlarga federatsiya tomonidan e’tibor qaratilayotgani quvonarli.

12ta formatlik musobaqada oddiy o‘yinlar yo‘q bo‘ladi. Jamoalar kamaytirilganidan keyin kurash kuchayadi. Sport prinsipi kurash, g‘alabaga intilish, chiroyli o‘yin ko‘rsatish, muxlislarni xursand qilish. Har bitta o‘yinga boshqacha tayyorgarlik ko‘riladi.

Shuningdek, Federatsiya tomoindan futbolchilarning jismoniy holati nazorat qilib borilishi ham bejiz emas. Futbolda piyoda yurib g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Zamonaviy futbol o‘zgargan. Jismoniy tayyorgarlik birinchi o‘rinda. Fikrlash, texnika bularning hammasi keyingi o‘rinlarda turadi. Futbolchilar jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lsa, natija ham bo‘ladi , - deydi Mirjalol Qosimov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: Bolalar futboliga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini beradi