Yakuniga yetgan Oliy Liga-2017 sarhisobini qilishda davom etamiz. Bu safar milliy chempionatimiz jamoalarining 2017 yilgi eng yaxshi futbolchilarini tanladik. Tanlovda futbolchining yil davomidagi o‘yinlari, gollari va foydaliligi alohida e’tiborga olindi. Aynan ular mavsum davomida o‘z klublarida ajralib turishdi.
«LOKOMOTIV»: MARAT BIKMAYeV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 25 o‘yin (1966)
Yoshi: 31; Gollari: 26 ta
Ampluasi: hujumchi
E’tirofga munosib: Sardor Mirzayev, Ikrom Aliboyev, Ignatiy Nesterov.
Nega aynan u?
Ketma-ket ikki marta chempionlikka va kubok sohibiga aylangan «Temiryo‘lchilar» safida Marat Bikmayev yaqqol ajralib turdi. Terma jamoamiz a’zosining Oliy Ligadagi 25 o‘yinidagi 26 goli va kubok finalidagi yagona goli bilan «Loko»ga «oltin dubl»ni taqdim etdi. Birgina Bikmayev Oliy Ligada «Dinamo», «Neftchi» va «Obod» jamoalaridan ko‘proq gol urishga erishdi. Shubhasiz, u nafaqat jamoasi, balki ligamizning eng yaxshi futbolchsidir.
«NASAF»: DRAGAN ChERAN
O‘yinlari soni (daqiqasi): 28 o‘yin (2511)
Yoshi: 30; Gollari: 19 ta
Ampluasi: hujumchi
E’tirofga munosib: Bahrom Abdurahimov, Akmal Shorahmedov, Farrux Sayfiyev.
Nega aynan u?
«Nasaf» jamoasi gollarining 3/1 qismini aynan bolqonlik hujumchi nomiga yozildi. Qarshiliklarni yil davomida kumush medali sari olg‘a boshlay olgan, muhim gollarga mualliflik qilgan futbolchi ham Cheran bo‘ldi. Shuningdek, Bahrom Abdurahimov, Akmal Shorahmedov, Farrux Sayfiyevlar ham Ro‘ziqul Berdiyevning «yil murabbiyi» deb topilishidan munosib hissa qo‘sha olishdi.
«PAXTAKOR»: VLADIMIR KOZAK
O‘yinlari soni (daqiqasi): 29 o‘yin (2496)
Yoshi: 24; Gollari: 3 ta
Ampluasi: yarimhimoyachi
E’tirofga munosib: Igor Sergeyev, Marko Simich, Davron Hoshimov.
Nega aynan u?
Aslida «Paxtakor»ning eng yaxshi futbolchisi sifatida Kozak emas, Sergeyevni ham topish mumkin edi. Ammo biz 13 ta gol urgan ammo stabil o‘yin namoyish etgan Igorni emas, mavsum davomida barqaror o‘yini bilan jamoada eng ko‘p – 29 o‘yinda maydonga tushgan futbolchini tanladik.
«BUNYoDKOR»: DOSTONBEK HAMDAMOV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 30 o‘yin (2576)
Yoshi: 21; Gollari: 14 ta
Ampluasi: yarimhimoyachi
E’tirofga munosib: Otabek Shukurov, Rustam Ashurmatov, Akromjon Komilov.
Nega aynan u?
«Eng yaxshi futbolchi» nomi uchun «Qaldirg‘ochlar» safida Hamdamovga yagona raqobatchi Otabek Shukurov edi. Terma jamoamiz a’zosi bo‘lmish Shukurov joriy yilda katta o‘sishga erishgan bo‘lsada, Dostonbek «Bunyodkor» safida eng ko‘p o‘yin va eng ko‘p gol urish bobida tengsiz bo‘ldi. Hamdamov 30 o‘yindagi 14 goli bilan mavsum to‘purarlari safiga kirishga erishdi.
«NAVBAHOR»: AZIZBEK TURG‘UNBOYeV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 29 o‘yin (2097)
Yoshi: 23; Gollari: 8 ta
Ampluasi: yarimhimoyachi
E’tirofga munosib: Oybek Qilichev, Dilshod Jabborov, Ro‘zimboy Ahmedov.
Nega aynan u?
Uzoq tanaffusdan so‘ng yana «kuchli beshlik»dan o‘rin olgan «Navbahor»ning yetakchisi bu safar legioner yoki tajribali futbolchi emas, aynan yosh «vinger» Aziz Turg‘onboyev bo‘ldi. 23 yoshli namanganlik futbolchi yil davomida Ilhom Mo‘minjonov tomonidan eng ko‘p 29 o‘yinda maydonga tushirilib, 8 goli bilan Oliy Liga-2017 kashfiyotlaridan biriga aylandi. Oliy Ligadagi ilk golini may oyida amaldagi chempion «Lokomotiv» darvozasiga kiritgan Azizbek, shu yilning o‘zidayoq 8 ta gol urish bilan birga, 5 marta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu esa Turg‘unboyevni «Navbahor»ning 2017 yildagi eng yaxshi futbolchisi» deya tanlashimizga sabab bo‘ldi.
«BUXORO»: VLADIMIR BAYeNKO
O‘yinlari soni (daqiqasi): 27 o‘yin (2430)
Yoshi: 27; Gollari: 3 ta
Ampluasi: himoyachi
E’tirofga munosib: Ivan Nagayev, San’at Shixov, Javohir Qahramonov.
Nega aynan u?
«Buxoro» safida eng yaxshi futbolchi sifatida eng ko‘p — 10 ta gol urgan Ivan Nagayev yoki eng ko‘p – 30 ta uchrashuvda maydonga tushgan San’at Shixovni tanlash ham mumkin edi. Ammo, O‘zbekistondagi ilk mavsumida «Buxoro»ni sardor sifatida maydonga olib tushgan ukrainalik legioner Vladimir Bayenko nomzodiga to‘xtaldik. Sababi, buxoroliklar markaziy himoyachisi eng ko‘p o‘yin o‘tkazish borasida Shixovdan keyingi o‘rinda turgan bo‘lsada, mavsum davomida 3 ta goli va barqaror o‘yinlari bilan sardorlarga xos harakat qila oldi. 27 yoshli legioner Ulug‘bek Baqoyevning maydondagi «o‘rinbosari» bo‘la oldi. Qo‘shimcha qilish kerak, agarda Javohir Qahramonov 1-davrani «Buxoro» safida boshlaganida «eng yaxshi futbolchi» nomi Bayenkoga nasib qilmasdi.
«MASh’AL»: JAVOHIR ILYoSOV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 29 o‘yin (2610)
Yoshi: 23; Gollari: -31 ta
Ampluasi: darvozabon
E’tirofga munosib: Humoyun Murtazoyev, Zafar To‘rayev, Shahzod Shaymanov.
Nega aynan u?
Klublar orasidan faqatgina «Mash’al»da «eng yaxshi futbolchi» darvozabon bo‘ldi. Muborakliklar posboni Javohir Ilyosov eng ko‘p o‘yin o‘tkazish borasida nafaqat jamoasida, balki chempionatda ham darvozabonlar orasida peshqadam bo‘ldi. «Mash’al» posboni belgilangan 6 penaltidan teng yarmi – 3 tasini qaytarishga erishdi. Penaltini bartaraf etish bobida ham 23 yoshli ushbu darvozabonga Oliy Ligada barcha posbonlar havas qilishdi.
«OLMALIQ»: IGOR YELICh
O‘yinlari soni (daqiqasi): 29 o‘yin (2529)
Yoshi: 27; Gollari: 5 ta
Ampluasi: himoyachi
E’tirofga munosib: Vladislav Kosminin, Shohnazar Norbekov, Dilshod Jo‘rayev.
Nega aynan u?
Serbiyalik himoyachini «Olmaliq»ning 2017 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topganimizga sabab, aynan Yelich Viktor Kumikov qo‘l ostida eng ko‘p o‘yin – 29 bahsda maydonga tushib, 5 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi. Qolaversa, u ma’lum muddat yarimhimoyachi sifatida ham to‘p surdi. Bu borada Yelichga belorusiyalik Vladislav Kosminin ham raqobat uyg‘otgan bo‘lsada, bu himoyachining qo‘polligi uning zarariga ishladi.
«QO‘QON-1912»: MUROD XOLMUHAMMEDOV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 29 o‘yin (2596)
Yoshi: 26; Gollari: 6 ta
Ampluasi: himoyachi
E’tirofga munosib: Javohir Siddiqov, Suhrob Berdiyev, Filipp Rayevats.
Nega aynan u?
Mavsum kashfiyotiga aylangan qo‘qonliklarning eng yaxshi futbolchisi sifatida «yil kashfiyoti»ga aylangan Javohir Siddiqovni yoki jamoada eng ko‘p gol – 11 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan Suhrob Berdiyevni ham tanlash mumkin edi, ammo bu eng ko‘p – 29 o‘yini bilan mavsumni barqaror o‘tkazgan jamoa sardori Murod Xolmuhammedovga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Jismonan baquvvat himoyachi 6 ta goli bilan chempionatdagi «goleador-himoyachi»lardan biriga aylandi.
«METALLURG»: ZOHID ABDULLAYeV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 27 o‘yin (2417)
Yoshi: 33; Gollari: 12 ta
Ampluasi: hujumchi
E’tirofga munosib: Hikmat Hoshimov, Murod Toshmatov, Ayubxon No‘’monov.
Nega aynan u?
Bekobodliklar safida «eng yaxshi futbolchi» laureati uchun yagona nomzod Zohid Abdullayev bo‘ldi. 27 o‘yinda maydonga tushgan 33 yoshli hujumchi 12 marta raqiblar darvozasini nishonga oldi. Aslida bu Abdullayev uchun pasayish sanaladi. Sababi, faoliyatidagi 6-mavsumni «Metallurg»da o‘tkazayotgan Zohid 2016 yilgi mavsumda 18 ta gol urishga erishgandi.
«QIZILQUM»: ILHOM YuNUSOV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 28 o‘yin (2334)
Yoshi: 35; Gollari: 6 ta
Ampluasi: yarimhimoyachi
E’tirofga munosib: Erkin Boydullayev, Artur Gevorkyan, Otabek Zokirov.
Nega aynan u?
Joriy mavsumda «Qizilqum»da bo‘lganidek, jamoa yetakchisi Ilhom Yunusov natijasida ham pasayish kuzatildi. Yunusov 2016 yilda 10 ta gol urgan bo‘lsa, 2017 yilda 6 ta gol bilan cheklandi. Shunga qaramay, 35 yoshli yarimhimoyachi Navoiy jamoasi tarkibida eng sermahsul futbolchiga aylandi. Ilhom o‘yin o‘tkazish borasida Erkin Boydullayev va Artur Gevorkyandan keyingi o‘rinda turgan bo‘lsada, sermahsullik bobida ulardan ustun keldi. «Qizilqum» yil davomida 37 ochko jamg‘argan bo‘lsa, shundan 11 ochkosi aynan Yunusovning gollari evaziga qo‘lga kiritildi.
«DINAMO»: JASUR AZIMOV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 25 o‘yin (2205)
Yoshi: 23; Gollari: 2 ta
Ampluasi: himoyachi
E’tirofga munosib: Amirjon Safarov, Akmal Bozorov, Radu Rogak.
Nega aynan u?
«Dinamo» jamoasi birinchi davrani qay daraja yaxshi boshlagan bo‘lsa, ikkinchisini shu daraja yomon yakunladi. 1-davrada porlagan Javohir Qahramonov 2-davrani «Buxoro»da o‘tkazgan bo‘lsa, 2-davrada yaxshi o‘ynagan Adnan Oraxovats «Dinamo»da yarim mavsumgina to‘p surdi, xolos. Shu bois, «eng yaxshi futbolchi» sifatida Jasur Azimov gavdalandi. 23 yoshli universal futbolchi «Dinamo» safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazib, himoya va yarimhimoyachi sifatida to‘p surib, 2 ta golga mualliflik qildi.
«SO‘G‘DIYoNA»: SANJAR RAShIDOV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 25 o‘yin (2204)
Yoshi: 24; Gollari: 14 ta
Ampluasi: hujumchi
E’tirofga munosib: Sardor Eminov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Sardor Qulmatov.
Nega aynan u?
Shubhasiz, «So‘g‘diyona»da yil laureati nomiga faqat bitta futbolchi – Sanjar Rashidov munosib edi. Sardor Rashidovning ukasi akasining izdoshi sifatida tez orada grand klubga o‘tsa ajablanmaymiz. «Pleymeyker»ning 25 o‘yin davomida 14 ta goli bilan to‘purarlar orasidan joy olgani tahsinga sazovordir. E’tiborlisi, Sanjar «So‘g‘diyona»ning qariyb teng yarmi gollariga mualliflik qilgan.
«ShO‘RTAN»: OTABEK NARZULLAYeV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 27 o‘yin (2303)
Yoshi: 33; Gollari: 4 ta
Ampluasi: yarimhimoyachi
E’tirofga munosib: Igor Taran, Obid Jo‘raboyev, Eldor Boymatov.
Nega aynan u?
G‘uzorliklar uchun qoniqarsiz o‘tgan mavsumda jamoa yetakchisi Igor Taran jarohatlar bois o‘z saviyasini ko‘rsata olmadi. Mavsum davomida chap qanot himoyachisi va yarimhimoyada to‘p surgan Otabek Narzullayev esa 27 o‘yinda 4 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi. Mavsumdagi barqarorligi Otabekni «Sho‘rtan» safidan alohida ko‘rsatishimizni ta’minladi.
«NEFTChI»: MUZAFFAR MUZAFFAROV
O‘yinlari soni (daqiqasi): 25 o‘yin (2239)
Yoshi: 22; Gollari: 4 ta
Ampluasi: yarimhimoyachi
E’tirofga munosib: Muydin Mamazulumov, Dilyor Ermatov, Sherzod Hakimov.
Nega aynan u?
Farg‘onaliklar uchun omadsiz yakunlangan mavsumda yarq etib ko‘ringan futbolchi Muzaffar Muzaffarov bo‘ldi. 22 yoshli yarimhimoyachi «Neftchi» safida ushbu mavsumda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan holda gollar soni bo‘yicha 4 goli bilan jamoa to‘purari Muydin Mamazulumovdan keyingi o‘rinda bo‘ldi. Intizom borasida ham barchaga o‘rnak bo‘la oladigan Muzaffar jamoasi uchun omadsiz o‘tgan mavsumda ham o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan kam sonli futbolchilardan biri bo‘ldi.
Manba: www.erudit-sport.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar