14:40 / 17.02.2018
5 428

O‘zbekistonda sportga oid tarixiy qaror qabul qilinadi

O‘zbekistonda sportga oid tarixiy qaror qabul qilinadi
Kecha Toshkentdagi O‘zbekiston milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan sport federatsiya va assotsiatsiyalar, Olimpiya zaxiralari sport kollejlari, Iqtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari tizimlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘rtasida uchrashuv, o‘ziga xos ochiq muloqot tashkil qilindi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov, Davlat maslahatchisining o‘rinbosari Bekzod Mavlyanov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va mamlakat futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilovlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni ochib bergan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov uchrashuvni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ayni payt O‘zbekistonda sport sohasining eng quyi bo‘g‘inlarida yuzaga kelgan muammolar va ularning yechimini aniqlash orqali yaqin kunlarda Prezident Shavkat Mirziyov tomonidan imzolanishi kutilayotgan sport sohasini rivojlantirishga doir yangi tarixiy qarorning mukammal ko‘rinish hosil qilishiga zamin yaratishdan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan tashkil etilgan uchrashuvda soha mutaxassislari o‘z takliflari bilan chiqish qilishdi. Mavjud muammolar va ularning yechimi xaqida so‘z bordi.

Shuningdek, ayni paytda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanmaslik, buning oqibatida natijalarning pasayib ketishi, seleksiya ishlarining to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilmasligi, yosh va iqtidorli sportchilarning chetda qolib ketayotganligi eng katta kamchilik ekanligi aytib o‘tildi.

Olimpiya zaxiralari kollejlari va ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari faoliyati islohotlarga muxtoj ekanligi, malakali kadrlar yetishmasligi, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda o‘rta maktablarda jismoniy tarbiya fani va sport to‘garaklari talab darajasida o‘tilmasligi kabi muammolar ko‘tarildi.

Shoakram Isroilov tomonidan O‘zbekiston sporti dovrug‘ini yuqori ko‘tarish, muvaffaqiyatga erishish, chet el tajribasini o‘rganish uchun xalqaro aloqalarni rivojlantirish lozimligi alohida qayd etildi.

“Sir emaski, sport bugungi kunda katta siyosat darajasiga chiqib bo‘lgan. Agar yangiliklarni, tajribalarni o‘zimiz o‘rganmasak, birov bizga kelib o‘rgatib bermaydi. Buning uchun qo‘lga kitob olish, izlanish kerak”, - deya gapirdi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan Shoakram Isroilov yaqinda Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga rahbar etib tayinlangandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonda sportga oid tarixiy qaror qabul qilinadi