17:15 / 18.02.2018
4 144

Umid Ahmadjonov: “Futbolchi o‘z ustida ishlashi shart, aks holda unga litsenziya berilmaydi”

Umid Ahmadjonov: “Futbolchi o‘z ustida ishlashi shart, aks holda unga litsenziya berilmaydi”
Endilikda Superliga va Pro-liga klublarida ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holati O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan test-sinovlari orqali nazorat qilib boriladi.

Test-sinovlari maxsus innovatsion texnologik vositalar orqali o‘tkazilayotgan bo‘lib, shu paytga qadar Superliganing 6 klubi normativlarni topshirishga ulgurdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov normativlarni futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilib borish muntazam ravishda amalga oshirilib, bu jarayon terma jamoa foydasiga ishlashini aytib o‘tdi.

Ahmadjonov assosiatsiya Matbuot xizmatiga intervyu berar ekan 40 nafarga yaqin futbolchi normativlardan o‘ta olishmaganini va futbolchilar o‘z ustilarida ishlashmasa, belgilangan litsenziyalarni olishmasligini ta’kidladi.

“Futbolchilarning jismoniy holatini doimiy ravishda nazorat qilib borish maqsadida ulardan normativlar qabul qilish amaliyotini o‘zbek futboli tarixida birinchi marta yo‘lga qo‘ydik.

Superliga klublari o‘tgan yil dastlabki normativlarni topshirishgan va natijalar ancha salbiy chiqqandi. O‘shanda barcha klublardagi futbolchilarga fevral oyigacha muhlat berilib, yangi mavsum boshlanishidan avval ulardan yana bir bor normativlar qabul qilinishi e’lon qilingandi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ilmiy-metodik guruhi mutaxassislari futbolchilardan ikkinchi normativlarni qabul qilishni boshlab yuborishdi. Hozirgacha 6 ta klub futbolchilari normativlar topshirishdi.

Birinchi normativlar bilan ikkinchi normativlar natijalarini solishtirganda 30-40 ga yaqin futbolchining natijalarida ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lmaganini ko‘rish mumkin.

Agar futbolchilar o‘z ustilarida ishlashmasa, jismoniy holatlarini yaxshilab borishmasa, belgilangan litsenziyalarni olishmaydi. Har bir futbolchining jismoniy holati va natijalarini shaxsan o‘zim nazorat qilib boryapman.

Terma jamoalarimiz Xalqaro maydonlarda natija ko‘rsatishini, Olimpiada va Jahon chempionatlariga yo‘llanma olishini istasak, birinchi navbatda, futbolchilarimizning jismoniy holatini yaxshilashimiz zarur”, - deydi Umid Ahmadjonov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umid Ahmadjonov O‘zbekistonda sport tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab o‘tgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: “Futbolchi o‘z ustida ishlashi shart, aks holda unga litsenziya berilmaydi”