Bugun Yevropa Chempionlar Ligasi nimchorak finalida javob o‘yinlari boshlanadi. “PSJ” o‘z maydonida “Real”ni qabul qilsa, “Liverpul” “Portu”ga mezbonlik qiladi. Inglizlar dastlabki o‘yindagi yirik hisob tufayli, keyingi bosqich masalasini amalda hal qilishgan. O‘sha o‘yinga aloqador faqat bir narsani aytish mumkin – Yurgen Klopp bu o‘yinga barcha asosiy futbolchilarini tushirishga va’da bergan. “Liverpul” shanba kuni “Old Trafford”ga safar qilishi ham, bugungi o‘yin aslida shunchaki rasmiyatchilik maqomida ekani ham nemis murabbiyiga ahamiyatli emas, “Liverpul” o‘z muxlislari uchun o‘ynashda davom etadi.
E’tiboringizga, nafaqat kunning, turnirning markaziy to‘qnashuvi haqidagi mulohazalarni havola qilamiz.
ISPAN-FRANSUZ TO‘QNASHUVI
Taqdir xazilini qarangki, YECHL ning markaziy o‘yinlaridan birida ispan jamoasi fransuz murabbiyi qo‘l ostida, fransuz jamoasi esa, ispan murabbiyi qo‘l ostida kurashga kirishishgan.
Har ikki jamoaning ichki chempionatdagi holati solishtirilsa, ta’qibchilardan juda katta farqda o‘zib ketgan “PSJ” va “Barselona”dan 15 ochko ortda qolib, chempionlikdan umidini uzgan “Real”ning holati butunlay farqli ko‘rinsa-da, aslida o‘xshashliklar bor. Umumiylik shundaki, Unai Emeri uchun ham, Zayniddin Zidan uchun ham bu to‘qnashuv mavsumni qutqarib qolish uchun oxirgi imkoniyatlardan birinchisidir.
Ha, rostan ham, agar Emeri “PSJ”ni Yevropa Chempionlar Ligasida so‘nggi bosqichlargacha olib bora olmasa, Fransiyadagi barcha sovrinlarni yutishidan qat’i nazar, mavsumni yomon yakunlagan bo‘lib chiqadi. Chunki shundoq ham, “PSJ” fransuz jamoalariga nisbatan bir necha barobar ko‘proq moliyaviy imkoniyatlarga ega va o‘tgan yozda Neymar, Mbappe kabi top-futbolchilarni ham o‘z safiga qo‘shib oldi. Bularning hammasi aynan Yevropaning eng katta turnirida g‘alaba qozonish bo‘lgani va murabbiyga bundan kam vazifa qo‘yilmasligi turgan gap.
Madrid muhitini yaxshi biladigan muxlis esa, Zidanga ham havas qilmayotgan bo‘lsa kerak. Bu yerda har qancha sovrinlarni yuting, farqi yo‘q, siz oxirgi o‘yinda, oxirgi mavsumda, ya’ni hozir yomon ahvoldamisiz, demak sizni kechirishmaydi. Zayniddin Zidan qisqa vaqt ichida “Real” tarixida o‘chmas iz qoldirdi, qatorasiga ikki marta Chempionlar Ligasini yutdi, Ispaniya chempioni bo‘ldi, ammo hozir iste’fo yoqasida turibdi. La Liga va Ispaniya kubogi uchun da’vogarlikdan chiqib ketib bo‘lgan “Real” uchun yagona yupanch aynan mana shu turnir ekani hech kimga sir emas.
Demak, aytish mumkinki, bugungi o‘yin ayniqsa, bosh murabbiylaring keyingi mavsumni jamoada qolish yoki qolmasliklarini ham hal bo‘ladi bugun. Hech shubhasiz aytish mumkinki, buguning o‘zida ulardan birini yozda iste’foga chiqishi aniq bo‘ladi.
YO‘QOTISHLAR
Parijliklarning yetakchi hujumchisi Neymarning mavsum oxirigacha safdan chiqqani anchadan beri gapirilmoqda. “Marsel”ga qarshi o‘yindan keyin operatsiya stoliga yotgan braziliyalik yulduz jahon chempionati boshlanguncha, o‘z sport formasiga qaytsa ham katta gap. Ammo bir qator mutaxassislar, xususan Zayniddin Zidan ham, Neymarning yo‘qligi raqibni kuchsizlantirib yubormasligini tan oldi. Aksincha, Neymarning yo‘qligi Emeriga boshqalar uchun sirli bo‘lgan bir qator variantlar qoldiradi. Ya’ni, Neymarning o‘rnini qanday futbolchilar bilan yoki qanday taktik qarorlar bilan to‘ldirilishi raqib uchun ham sir bo‘lib qoladi. Bu ham madridliklarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. Zero, Draksler yoki Di Mariya kabi futbolchilar ham o‘ziga yarasha kuchli futbolchilar va “Real”ga muammolar keltirib chiqarishlari tabiiy hol.
Madriddagi o‘yinni eslasangiz, Neymar juda ko‘p holatlarda tashabbusni o‘z qo‘liga olishga uringan, jamoadoshlari ham imkon qadar u orqali hujum tashkil qilishga harakat qilishgandi. Neymarning yo‘qligi “PSJ”da hujumda rang-baranglikni olib kirishi ham mumkin.
Neymardan tashqari, Emerining argentinalik “koziri” Xavyer Pastorening tayyor bo‘lishi so‘roq ostida. Tarkib borasida fransiyaliklar murabbiyida boshqa muammo yo‘q.
“Real”ning muammolari yanada og‘riqli deb aytish mumkin. Chunki maydonga tushishlari so‘roq ostida bo‘lgan, aniqrog‘i, to‘liq tiklanib ulgurmagan Toni Kroos va Luka Modrich jamoaning o‘yinini tashkil qiladigan muhim bo‘g‘in hisoblanishadi. Ayniqsa, to‘pni ko‘proq ushlab turib, o‘yin tempini nazorat qilish talab etiladigan, hisobni saqlashga harakat qilinadigan bunday o‘yinda markazni boshqaradigan futbolchilar juda zarur bo‘lar edi. Bu futbolchilar maydonga tushishlari ham mumkin, ammo yuksak sport formasida emasliklari ravshan.
JAMOALAR HOLATI
“PSJ” so‘nggi 11 o‘yinning 10 tasini g‘alaba bilan yakunladi. Albatta, o‘sha birgina mag‘lubiyat Madriddagi “Real”dan qabul qilingandi va bu hozircha juda qimmatga tushib turibdi.
“Real” ham mavsumning dastlabki yarmidagi holatidan birmuncha chiqib olgan, jamoa so‘nggi 9 o‘yinda atigi bir marotaba mag‘lubiyatga uchradi. “Espanol”ga qarshi ikkinchi tarkibni tushirgan Zidan yakunda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, u qadar qattiq xafa bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Yuqorida aytilganidek, La Ligada “Real”ga “non qolmadi”, ular uchun muhimi bugungi o‘yinga tayyor holatda bo‘lish va hech kimning jarohat olmasligi edi.
TAXMINIY TARKIBLAR:
PSJ: Areolya, Kurzava, Markinos, Silva, Alves, Rabo, Verratti, Draksler, Di Mariya, Mbappe, Kavani
RЕAL: Navas, Marselo, Ramos, Varan, Karvaxal, Kazemiro, Kovachich, Isko, Beyl, Ronaldu, Benzema
E’TIBOR MARKAZIDA: ANXЕL DI MARIYA
Neymarning maydonga tushmasligi Anxelning bugungi o‘yinda qatnashish imkoniyatini oshiradi va hatto jamoani kuchaytirishi mumkin. Bir paytlar “Real” tarkibida YECHL g‘olibi bo‘lgan Di Mariyaning Madrid klubiga nisbatan alami qolgan bo‘lishi mumkin, sababi, o‘sha mavsumdan keyin uni “Manchester Yunayted”ga sotib yuborishgandi.
Anxel bu o‘yin orqali Madridga o‘z darajasi qaytadan namoyish qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, Di Mariya bilan “PSJ” yanada muvozanatli o‘yin ko‘rsatishi mumkin. Sababi yarimhimoyachi markazda intizomliroq harakat qiladi va bir pas bilan raqib himoyasini sarosimaga tushira oladi.
BU QIZIQ
Javob o‘yini oldidan ko‘pchilik 1992/93 mavsumdagi UYEFA kubogi pley-off to‘qnashuvini esga ola boshladi. O‘shanda ham aynan “Real” va “PSJ” to‘qnash kelgan va madridliklar birinchi o‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi.
Javob o‘yinida “PSJ” kerakli hisobni qayd etishga muvaffaq bo‘lgan. Fransiyalik hujumchi David Jinolaning hal qiluvchi goli parijliklarga 4:1 hisobidagi g‘alabani olib kelgandi.
Keyinchalik, “PSJ” yarim finalda “Yuventus”ga to‘qnash keldi. O‘sha musobaqada yakunda g‘alaba qozongan turinliklar “PSJ”ni yarim finalda qoldirib ketishgandi.
MURABBIYLAR NIMA DЕYDI?
Unai Emeri: “Albatta, bu yilning eng muhim o‘yinidir. Bu bizga oldinga qadam tashlash uchun imkoniyat. Agar biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olsak, vazifani uddalay olamiz. Umid qilamanki, «Real” eng kuchli tarkibi bilan keladi va kuchli raqib bizning ham eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimizga sababchi bo‘ladi. Istardimki, raqibning omadsiz o‘yini emas, o‘z o‘yinimiz tufayli muvaffaqiyat qozonsak...
Biz sovuqqon va shu bilan birga yurakdan o‘ynashimiz kerak. Agar tanlash kerak bo‘lsa, yurak bilan o‘ynashga ko‘proq urg‘u bergan bo‘lardim»
Zayniddin Zidan: Bugun kimdir yutqazadi, lekin nimayam qilardik, bu futbol. Men faqat chiroyli futbol bo‘lishi tarafdoriman. Bizga oson bo‘lmasligi aniq, lekin bu qiyinchiliklarni yengib, yaxshi o‘yin ko‘rsatishimizdan umidvorman.
Neymarning yo‘qligi bizni o‘ylantirmayapti, albatta, uning o‘rniga boshqa yaxshi futbolchi tushadi va u ham o‘zining eng yachxshi xislatlarini bizga qarshi qo‘llaydi»
RAQAMLAR
“PSJ” qatorasiga 6-marta nimchorak finalda o‘ynamoqda va ulardan dastlabki to‘rttasida keyingi bosqichga chiqa olgan.
YECHL ning bu mavsumida “PSJ” o‘z maydonidagi uchala o‘yinni ham yirik hisobda o‘z foydasiga hal qilgan.
2006/07 mavsumidan beri “PSJ” YECHL da o‘z maydonida 46 o‘yin o‘tkazgan va faqat bir marta “Barselona”dan mag‘lubiyatga uchragan xolos.
Shu paytgacha “PSJ” 7 marta pley-offning dastlabki o‘yinini boy bergan va ulardan 5 tasida keyingi bosqichga chiqa olishgan.
“Real” qatorasiga 8-marotaba chorak finalga chiqish imkoniyatiga ega.
Ronaldu ushbu mavsumda ham YECHL to‘purarlari ruyxatini boshqarmoqda. Uning hisobida 11 gol bor.
So‘nggi 26 yevrokubok o‘yinida “Real” atigi 2 marotaba mag‘lub bo‘lgan.
“Real” safarda fransuz jamoalariga qarshi u qadar ishonchi emas: 14 o‘yindan 5 g‘alaba va 6 mag‘lubiyat.
HAKAMLAR
O‘yinni Feliks Brix boshchiligidagi nemislar brigadasi boshqaradi. 42 yoshli hakam ushbu mavsumda 4 o‘yinni boshqardi va 21 sariq, 1 qizil kartochka ko‘rsatdi. Biror marta ham penalti belgilamadi.
“Real”ning o‘tgan mavsum finalida “Yuventus”ga qarshi o‘yinini (4:1) aynan Feliks Brix boshqargandi.
Qahramon Aslanov tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi