10:55 / 02.04.2018
3 021

Mashhur murabbiylarning futbolchilariga qo‘ygan antiqa ta’qiqlari

Mashhur murabbiylarning futbolchilariga qo‘ygan antiqa ta’qiqlari
Yangi jamoaga kelgan har bir mutaxassis oldiga qo‘yilgan vazifani ado etish uchun ma’lum o‘zgarishlarni amalga oshiradi.

Natijada kun tartibi - ovqatlanish, mashg‘ulotlar jarayoni, futbolchilarning yurish-turishlari va o‘zaro munosabatlari o‘zgacha ko‘rinish oladi.

Murabbiylar shuningdek, o‘z shogirdlariga nisbatan qandaydir taqiqlarni ham joriy etadilar. E’tiboringizga taniqli mutaxassislar tomonidan qo‘llanilgan antiqa cheklovlar o‘nligini havola etamiz.

Alek Fergyuson: «Rangli butsa kiyish yo‘q»
2010 yili afsonaviy murabbiy o‘rinbosarlar tarkibidagi futbolchilar faqat qora rangdagi butsalarda maydonga tushishlari kerak, degan qarorga keldi. Uning fikricha, yoshlar asosiy tarkibdan joy olganlaridan keyingina oyoq kiyimlarining rangiga vaqt ajratishsa, o‘rinli bo‘lardi.

Bungacha ular bor diqqat-e’tiborlarini mahoratlarini oshirishga qaratishlari lozim. Tan olaylik, mana shu arzimasdek ko‘ringan cheklov orqali ser Aleks o‘z shogirdlarini mukammallikka da’vat etgan.

Darvoqe, Xosep Gvardiola ham mashhur kasbdoshidan ibrat olib, «shaharliklar» o‘rinbosarlariga turli rangdagi butsalardan foydalanishni man etdi.

Raymon Domenek: «Chayon»larga o‘rin yo‘q!»
Fransiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi jamoa tarkibini shakllantirish jarayonida munajjimlar bashoratiga qat’iy amal qilardi.

Masalan, Rober Piresdek iqtidor sohibini xalqaro musobaqalarda jamoaga omadsizlik keltiradi, deb hisoblab, JCh-2010 ishtirokchilari safidan unga joy bermadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rober «Chayon» burjida dunyoga kelgan ekan. Xullas, JARga Piressiz yo‘l olgan fransuzlar hatto guruhdan ham chiqisholmadi.

Nil Lennon: Qalpoqqa cheklov
Bir paytlari «Bolton»ni boshqargan murabbiy qishki mashg‘ulotlar paytida shogirdlariga qalpoq kiygan holda maydonga tushishni taqiqlab qo‘ygandi. Chindan ham antiqa cheklov, bu chora futbolchilarga qanday manfaat berishi noma’lum.

«Ularning qalpoq bilan maydonga tushishlariga hech kim hech qachon ruxsat bermaydi. Shu sababli ham mashg‘ulotlarni bosh kiyimisiz o‘tkazishga qaror qildim», - degandi Lennon.

Arsen Venger: Sardor - futbolkalar yengiga sarkor
Ingliz futbolining dastlabki inqilobchi murabbiyi bo‘lgan «professor» talabiga ko‘ra, futbolchilar zararli taomlar va spirtli ichimliklardan olisda yuradigan bo‘lishgandi. Keyinchalik boshqa jamoalar ham «Arsenal»dan ibrat olishdi.

Lekin bitta cheklov faqat «to‘pchilar»ga tegishli bo‘lib qoldi: futbolchilarning maydonga uzun yoki kalta yengli liboslarda tushishini faqat jamoa sardori hal qilardi. Hamma bir xil kiyinishi shart!

Jovanni Trapattoni: «Qo‘ziqorin yemang!»
Italiyalik mutaxassis Irlandiya terma jamoasini boshqargan davrida futbolchilarni o‘yin arafasida qo‘ziqorin yemaslikka da’vat etgandi. Darhaqiqat, bu tabiat ne’mati ba’zan qorin og‘rig‘iga sabab bo‘ladi.

Devid Moyes: Klub an’anasiga taqiq
Ser Aleks vatandoshi hamda vorisi - Devid Moyes Manchesterdagi omadsizliklarni jamoaning azaliy an’anaga amal qilayotganiga yo‘ydi va shogirdlarini undan voz kechishga majbur etdi.

Shu tariqa «MYu» vakillari uchrashuvlar arafasida chips iste’mol qilmaydigan bo‘lishdi. Murabbiyning mazkur qarori futbolchilarga unchalik yoqmadi.

Jumladan, Rio Ferdinand taqiqni «professionallarga xos bo‘lmagan irim» sifatida baholadi. Yakunda Moyesning cheklovi hech qanday naf bermadi.

Alan Pardyu: «Fransuz tilini unuting!»
O‘z vaqtida «Nyukasl»ga ustozlik qilgan mutaxassis transfer mavsumida fransiyalik futbolchilarni xarid qilgandi. Lekin tez orada uning jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘yganligi oydinlashdi - 13 nafar fransuz ingliz tilidan mutlaqo bexabar edi.

Ana shu murakkab vaziyatda murabbiy o‘z nazdida eng to‘g‘ri qarorni qabul qildi. Ya’ni qo‘shni davlat vakillariga ona tilida so‘zlashishni man etdi.

Bundan tashqari, Alan futbolchilarning tilmochlarini ishdan bo‘shatdi, legionerlar uchun haftada 3 marta o‘tkaziladigan bir oylik ingliz tili kurslarini tashkilladi. Biroq bu tadbir «qarg‘alar»ning ko‘rsatkichlari yaxshilanishini ta’minlay olmadi.

Paolo Di Kanio: Cheklovlar guldastasi
Italiyalik mutaxassisning «Sanderlend»dagi faoliyati 5 oyga ham yetib bormaganligi bejiz emas. Di Kanioning cheklovlar ro‘yxati quyidagicha: ketchup, kofe, mayonez, gazli ichimliklar, muz, mobil telefonlar, latifa aytish, g‘iybatlar... Ular orasida eng bema’nisi yuvinish xonasida xirgoyi qilishning taqiqlanishidir.

Xosep Gvardiola: «Internet ishlatmang!»
Kataloniyalik murabbiy zamonaviy kishilarga nisbatan o‘ta shafqatsiz cheklovni qo‘lladi - «shaharliklar» yechinish xonasi Internet tarmog‘idan uzib qo‘yildi.

Pep shu yo‘l bilan shogirdlarini ko‘proq muloqot qilishga, asosiy e’tiborni o‘yinga qaratishga majbur etmoqchi bo‘lgandi. «Siti» o‘yinchilari orasida cheklovdan norozi bo‘lganlar ham yo‘q emas.

Lekin Gvardiola jamoani yaqqol peshqadamga aylantirganini inkor etib bo‘lmaydi.

Joze Mourino: Kompyuter o‘yinlariga taqiq
Martial, Pogba va Shou kabi futbolchilar «MYu»ning mashg‘ulotlar bazasida kompyuter o‘yinlariga berilib ketishgandi. Buni ko‘rgan murabbiy «ov»ni taqiqlab qo‘ydi.

Ochig‘i, Mourino haq - mashg‘ulotlar paytida fikrni chalg‘ituvchi narsalar bo‘lmasligi kerak, «ovchilik san’ati»ni bo‘sh paytlarda namoyish etish maqsadga muvofiq, deb bilgandi Mou.
S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mashhur murabbiylarning futbolchilariga qo‘ygan antiqa ta’qiqlari