19:25 / 07.05.2018
3 939

O‘zbekiston OTJga Osiyo o‘yinlarida yoshi katta futbolchilar kerakmi?

O‘zbekiston OTJga Osiyo o‘yinlarida yoshi katta futbolchilar kerakmi?
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Indoneziyada xalqaro musobaqada ishtirok etdi. Bu ishtirokni birov sezib, birov sezmay qoldi. Umuman, balki KXDR, Bahreyn va Indoneziya olimpiya terma jamoalariga qarshi kechgan bahslarda g‘oliblik qo‘lga kiritilganda bu haqida ko‘proq gapirgan bo‘lardik.

Ammo g‘alaba bo‘lmadi va shunga yarasha piar ham kutilganidek amalga oshirilmadi. Shunday bo‘lsa-da bu musobaqaning ahamiyati biz uchun oz emas. Nimagaligini tushuntirishga harakat qilamiz.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov uchun “PSSI-2018” turniri shu jihati bilan ham muhimki, u xalqaro o‘yinlarda yangi futbolchilarni ko‘zdan kechirib oldi. Shuningdek Indoneziyaning iqlimiga moslashishda ham musobaqa ancha qo‘l keladi. To‘g‘ri, Superliga klublarida yetakchi bo‘lib turgan bir qator futbolchilar – Javohir Sidiqov, Azizbek G‘aniyev, Odil Hamrobekov, Bobir Abduholiqov, Abbos Otaxonov va Zabihillo O‘rinboyevlar Indoneziya safariga bormadi. Ammo ular shu vaqtga qadar juda ko‘p o‘lkalarda bo‘lganini inobatga olsak, Osiyo o‘yinlarida moslashish uchun ko‘p vaqt sarflamasliklari oydin bo‘lib qoladi.

Endi, eng muhim gapga o‘tsak. Ravshan Haydarov qo‘l ostidagi jamoa qay darajada iqtidor va mahoratga ega ekanini Xitoyda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatid ko‘rganmiz. Bu jamoa hammasidan ham bizni hamjihatlik va ajoyib ichki muhit bilan xursand qildi. 2011 yilgi Osiyo Kubogini aytmasa hali bizda bu qadar ahil va inoq jamoa bo‘lmagan. Shundan kelib chiqib taklif qilaman – O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida uch nafar yoshi katta futbolchi bilan ishtirok etish huquqidan voz kechsin. Kerak emas! Yaxshisi Xitoyda kim g‘olib chiqqan bo‘lsa, o‘shalar Osiyo o‘yinlarida ham o‘ynagani ma’qul.

Yoshi katta futbolchilardan kimni olimpiya terma jamoasiga olish mumkin? Odil Ahmedovmi? Yoki Vitaliy Denisov? Balki Sardor Rashidovni chaqirish kerakdir? Bu futbolchilar O‘zbekiston olimpiya terma jamoasidagi ajoyib muhitni buzib qo‘ymaydi, deb kim kafolat bera oladi? Albatta hech kim! Shunday ekan, Ravshan Haydarov barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, yoshi katta futbolchilardan voz kechsa, yaxshi bo‘larmidi?

Yoki siz boshqacha fikrdamisiz?
Abdulloh

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston OTJga Osiyo o‘yinlarida yoshi katta futbolchilar kerakmi?