10:53 / 22.05.2018
3 577

JCh-2018. «Boy qirg‘oq» bolalari yoxud Kosta-Rika terma jamoasi bilan tanishing (foto)

JCh-2018. «Boy qirg‘oq» bolalari yoxud Kosta-Rika terma jamoasi bilan tanishing (foto)
Rossiya o‘tadigan jahon chempionatiga boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Biz ushbu turnirda ishtirok etadigan terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bugun Kosta-Rika termasi haqidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Kosta-Rika terma jamoasi

Laqabi: «Los Ticos» (shinalar)
Konfederatsiya: KONFAKAF
Bosh murabbiy: Oskar Ramires
Jamoa sardori: Brayan Ruis
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan: Valter Senteno (137)
To‘purar: Aleksandr Kerjakov (30)
FIFA reytingi: 25 o‘rin (17 may holati)
Libos rangi: Qizil-ko‘k
Ilk rasmiy o‘yin: Salvador – 7:0 (1921)
Eng yirik g‘alabasi: Puerto-Riko – 12:0 (1946)
Eng yirik mag‘lubiyati: Meksika – 7:0 (1975)
JChdagi eng yaxshi natijasi: Chorak final (2014)
KONKAKAFdagi eng yaxshi natijasi: Chempion (1963, 1969, 1989)

Terma jamoaning qisqacha tarixi

Kosta-Rika Shimoliy-markaziy Amerikaning kuchli jamolari sirasiga kiradi. Ushbu mamlakat terma jamoasi bu yili beshinchi bor jahon chempionatida qatnashadi (1990, 2002, 2006, 2014, 2018). 1990 yilgi debyut mundialida Kosta-Rika 1/8 finalga qadar yetib bordi va 2002 yildan buyon muntazam JCh ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda.

O‘sha yilgi JCh-2002 guruh bosqichida Kosta-Rika bo‘lajak chempion (Braziliya) va bronza medali sohibiga (Turkiya) imkoniyatni boy berib guruhda uchinchi o‘rinda qolib ketgandi.

Ularning eng yaxshi natijasi shubhasiz o‘tgan safargi JCh-2014 musobaqasi hisoblanadi. Bu safar ham «Los Ticos» eng kuchli guruhga tushib qoldi, ular Italiya, Angliya va Urugvay termalariga qarshi o‘ynashlari kerak edi. Barcha autsayder sanayotgan Kosta-Rika 2-turdayoq guruh bosqichi masalasini hal qilib ulgurdi. 1/8 finalda Gretsiya termasi penaltilar seriyasida taslim qilindi. Biroq ¼ finalda gollandlar bilan tengma-teng o‘ynagan Kosta-Rika futbol lotoreyasida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Yetakchilari

Keylor Navas
Kosta-Rika mundialga o‘z tarixida ilk bor tarkibida jahon darajasidagi yulduz bilan yo‘l olmoqda. Navas JCh-2014da uch bor o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilib, musobaqaning haqiqiy sensatsiyasiga aylangandi. Shundan so‘ng, «Levante»dan «Real»ga yo‘l oldi va «Qirollik klubi»ning almashtirib bo‘lmas posboniga aylandi. Ayni damda Keylor terma jamoada haqiqiy yetakchi bo‘lib turibdi va o‘tgan galgi natijani yaxshilash uchun jamoasini olg‘a boshlaydi.

Brayan Ruis
«Sporting» klubining 32 yoshli hujumchisi Brayan Ruis Kosta-Rika jamoasining haqiqiy yetakchisi va to‘purari hisoblanadi. JCh-2014da Navasning sevylari qatori Ruisning muhim gollari ham «Los Ticos»ning muvaffaqiyatlariga sababchi bo‘lgan.

Mavsum boshida futbolchi o‘z faoliyatini Xitoy yoki MLSda davom ettirishi mumkin edi, ammo o‘yinchi terma jamoa manfaatlarini ustun qo‘ydi va lissabonliklar safida yana bir mavsum qolishga qaror qildi. Katta ehtimol bilan ushbu mundial jamoa veterani uchun oxirgisi bo‘ladi.

Ustunlik va kamchiliklari

Kosta-Rika ikkinchi raqamda harakat qiladigan jamoalar ichida eng xavflisi desak adashmagan bo‘lamiz. Ularning himoyaga asoslangan o‘yin uslublari har qanday jamoani qiyinchilikka solib qo‘yadi.

Kamchiliklariga keladigan bo‘lsak, yuqorida sanab o‘tilgan yetakchilarsiz Kosta-Rika ancha zaiflashib qoladi. Bunga Navassiz o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinlari yaqqol misol bo‘la oladi, o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘yinda shimoliy amerikaliklar Ispaniyaning ikkinchi tarkibiga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berishgandi.

JCh-2018 saralashi va turnirdagi raqiblari to‘g‘risida

JCh-2018 saralashining so‘nggi bosqichi Kosta-Rika uchun omadli boshlandi, safarda Trinidad va Tobagoni taslim qilgan (2:0) jamoa ikkinchi turda AQShni yirik hisobda yengdi (4:0). Kosta-Rika mundial yo‘llanmasini bir tur oldin hal qilib ulgurdi va so‘nggi turda keyinchalik AQShni ortda qoldirib ketgan Panamaga “yordam ” berib yubordi.

Rossiya maydonlarida kosta-rikaliklar Braziliya, Shveysariya va Serbiyaga qarshi bahs olib boradilar. Odatdagidek, Kosta-Rikaga yana qiyin guruh duch kelib qoldi. Bu turnirda Kosta-Rikaga ikki karra qiyin bo‘ladi, chunki bu safar hech qaysi jamoa ularga autsayder sifatida qaramaydi va ularga qarshi o‘zgacha motivatsiya bilan maydonga chiqadi.

Kosta-Rika guruh bosqichidagi ilk o‘yinini Serbiyaga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yin ushbu terma jamoalar o‘rtasidagi ilk bahsga aylanadi. Keyingi terma jamoa Braziliya esa «Los Ticos» uchun eng noqulay raqib hisoblanadi. Shveysariyaga qarshi Kosta-Rika ikki marta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan xolos.

Oskar Ramires shogirdlarining guruhdan chiqish masalasini hal qilish o‘z qo‘llarida, guruhda yaqqol favorit bo‘lsada, qolgan uch jamoa deyarli teng imkoniyatga ega.

JCh-2018 zayavkasi

Oskar Ramires shogirdlari quyidagi tarkibda Rossiyaga yo‘l oladilar:

Darvozabonlar: Keylor Navas («Real»), Parik Pemberton («Alaxuelense»), Leonel Moreyra («Erediano»).

Himoyachilar: Kristian Gamboa («Seltik»), Yan Smit («Norcheping»), Ronald Matarrita («Nyu-York Siti»), Brayan Ovedo («Sanderlend»), Oskar Duarte («Espanol»), Jankarlo Gonsales («Bolonya»), Fransisko Kalvo («Minnesota Yunayted»), Kendall Uoston («Vankuver Uaytkeps»), Jonni Akosta («Agilas»).

Yarim himoyachilar: David Gusman («Portlend Timberz»), Yelsin Texeda («Lozanna»), Selso Borxes («Deportivo»), Rendall Asofeyfa («Erediano»), Rodni Uolles («Nyu-York Siti»), Kristian Bolanos («Saprissa»), Xoan Venegas («Saprissa»).

Hujumchilar: Brayan Ruis («Sporting»), Daniel Kolindres («Saprissa»), Xoel Kempbell («Betis»), Markos Urenya («Los-Anjeles»).

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCh-2018. «Boy qirg‘oq» bolalari yoxud Kosta-Rika terma jamoasi bilan tanishing (foto)