11:25 / 24.05.2018
3 113

Maradona Belarus klubida ish boshladi - bu nimani anglatadi?

Maradona Belarus klubida ish boshladi - bu nimani anglatadi?
16 may kuni Argentina va dunyo futboli afsonasi Diyego Maradona Belarusning Brest shahri vakili «Dinamo» klubi bilan shartnoma imzoladi.

Tantanali marosim Dubay shahrida o‘tkazildi. «Dinamo» klubi matbuot kotibi Olga Xijinkova gaplariga ko‘ra, Diyego katta ishtiyoq bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.

«Diyego bilan shartnoma imzolash qiyin bo‘lmadi. Uning o‘zi klubimizda ishlash, bolalar akademiyasi bilan shug‘ullanish, bolalar futbolini rivojlantirishga tayyorligini va bu borada ishtiyoqi juda kuchli ekanini bildirdi» - dedi Xijinkova.

Klub matbuot xizmati vakili so‘zlariga ko‘ra, Maradonaning Belarusga kelishi - bu nafaqat «Dinamo» uchun, balki butun milliy futbol uchun muhim voqeadir.

Bu yangilikda qanaqadir bir-biriga zid narsalar bordek tuyuladi: tarixdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri qayerdayu, MDH hududidan tashqarida umuman nomi chiqmagan Belarus futbolining o‘rtamiyona klubi qayerda?

Ammo, Diyegoning futbolchilikdan keyingi hayotiga nazar solib, buning sabablarini tushungandek bo‘lamiz.

Maradonaning g‘alati va noodatiy qiliqlari borligi hech kimga sir emas. U o‘z obro‘si haqida unchalik qayg‘urib o‘tirmaydi. Futbolchilik paytidagi ishqiy mojarolar, doping va giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni eslash kifoya. Afsuski, Maradona futbolchilik iqtidorini kapitalizatsiya qilolmadi, o‘tmishdagi yutuqlarini allaqachon yo‘qotib bo‘ldi va hayotda o‘zini goh o‘tga, goh cho‘g‘ga urib yashamoqda.

Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Maradona o‘zini murabbiylikka urdi. Dastlabki va hozircha yagona jiddiy ishi Argentina terma jamoasi bo‘ldi. U bilan JCh-2010 musobaqasi chorakfinaligacha yetib borib, Germaniyaga yutqazdi.

Shundan so‘ng, arab futboliga sho‘ng‘ib, «Al-Vasl» va «Al-Fujayra» klublarida samarasiz ishladi. Endi esa navbat Belarus klubiga keldi.

Maradona «Dinamo» bilan uch yillik shartnoma imzolagan, uning shartlari sir tutilmoqda. Klub rasmiy sayti xabariga ko‘ra, Diyego «klubning strategik rivojlanishi bilan shug‘ullanadi, shuningdek, barcha bo‘limlari, xususan bolalar akademiyasi ishini boshqaradi». Diyego Armandoning o‘zi esa bosh murabbiy bo‘lib ishlashini ham aytmoqda, ammo faqat jahon chempionatidan so‘ng. U murabbiylar shtabiga sobiq jamoadoshlari Luis Islas, Ektor Enrike va Xorxe Burruchagani taklif qilmoqchi.

Foto: Dinamo-Brest
Ko‘p narsaga Maradona va klub vakillari ishtirokidagi matbuot anjumani oydinlik kiritishi mumkin. U Brestda emas, balki Abu Dabi shahrida o‘tkaziladi. Nega aynan u yerda? Gap shundaki, «Dinamo» asl sovetcha nomga ega bo‘lishiga qaramay, xususiy klub hisoblanadi. Ikki yil oldin uni ishbilarmon Pol Daer sotib olgan. Uning kompaniyasi Belarus Respublikasi qishloq xo‘jaligi texnikalarini Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Ayni paytda, «Dinamo» Belarus chempionatida 16ta jamoa ichida 8-o‘rinda bormoqda. Unga chexiyalik mutaxassis Radoslav Latal murabbiylik qilyapti. 20 may kuni esa klub kutilmaganda BATE klubini mag‘lub etib, Belarus kubogini qo‘lga kiritdi. Bu yutuq Maradona qadamining qutlug‘ kelgani bilan baholandi.

Foto: by.tribuna.com
Diyegoning o‘zi shaxsan futbolchilarni tabriklab, Instagram sahifasida: «Dinamo» Brest klubidagi yigitlarimni Kubok sohibi bo‘lgani bilan qutlayman» - deb yozdi.

Foto: oskbrest.by
Bugun mavzuga oid yana bir shov-shuvli xabar tarqaldi. Belarus matbuotining yozishicha, «Dinamo»ga tegishli bo‘lgan Brest stadioni (diqqat!) BAA davlatining sobiq amiri Zayd ibn Sulton An-Nahayon sharafiga «Zayd» deb nomlanadi. U qayta ta’mirlanadi va sig‘imi 10 mingdan 30 minggacha oshiriladi.

Belarus-arab-Argentina eksperimenti qanday natija bilan tugashidan qat’iy nazar, bir narsa aniq, klub yaxshigina reklama qilindi (ayniqsa, uning egasi biznesi). Qolgan narsalar esa, albatta ikkinchi darajali...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maradona Belarus klubida ish boshladi - bu nimani anglatadi?