23:26 / 05.06.2018
2 760

Fazliddin G‘oibnazarov: «Olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioni bo‘lishni istardim» (foto)

Fazliddin G‘oibnazarov: «Olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioni bo‘lishni istardim» (foto)
Fazliddin G‘oibnazarovning havaskor boksda hali qiladigan ishlari bor. To‘g‘ri, u Olimpiada chempioni! Ammo, hozircha O‘zbekistonda ikki karra Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan bokschi yo‘q. Harakat qilsa arziydigan maqsad, shunday emasmi? Asosiysi, huddi ikki yil oldingidek unga yana ishonch bildirilishi lozim. E’tiboringizga bokschi bilan uyushtirilgan suhbatni taqdim etamiz.

Professional boksdagi faoliyat haqida
Professional boksdagi faoliyatim muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bugungi kungacha to‘rtta jang o‘tkazib, ikkitasida nokaut evaziga g‘alaba qozondim. Navbatdagi jangim 14 iyul kuniga rejalashtirilmoqda. Raqibim hozircha noma’lum. Yaqin orada aniq ma’lumotlar e’lon qilinadi. Professional boksdagi qiyinchiliklar haqida gapiradigan bo‘lsam, vazn borasida biroz qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Havaskor boksda -64kg vazn toifasida jang o‘tkazardim. Hozir esa 61,2 kg (135 funt) vaznli bokschiman. Umuman olganda ko‘nikish qiyin bo‘lgani yo‘q. Axir prof ringga karate orqali kirib borganim yo‘q-ku.

Havaskor boksda hali o‘z so‘zimni aytganim yo‘q
Olimpiada chempioni bo‘lganimga qaramay, havaskor boksda hali erishishim lozim bo‘lgan yutuqlar bor. Axir O‘zbekistonda hali boks bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni yo‘q. Nima uchun men bu borada birinchi bo‘la olmasligim kerak? Agar Milliy olimpiya qo‘mitasi, murabbiylar shtabi tomonidan shunday taklif bo‘lsa faxr va iftixor bilan Olimpiya o‘yinlarida vatanim sharafini himoya qilaman. Asosiysi menga ishonishlari lozim. Men doimo tayyorman. Riodagi Olimpiada oldidan tarkibda mendan ham kuchli bokschilar bor edi. Ammo, murabbiylar shtabi menga ishonch bildirdi. Orada mag‘lubiyatlarga ham uchradim. Olimpiada finalidagi raqibim Lorenso Sotomayorga 2015 yili Ozarbayjondagi musobaqada yutqazganman. Aslida o‘shanda mag‘lub bo‘lmagandim, murabbiylar buni ko‘rishgan. Hakamlar xatosi tufayli u g‘alaba qozongan. Keyin esa Bokuda Ozarbayjon terma jamoasi bilan qo‘shma yig‘in o‘tkazganmiz. O‘shanda Sotomayorga qarshi sparring jangda g‘alaba qozonganman. Buni barcha ko‘rgan. Rio Olimpiadasida uning finalga yetib borishi men uchun kutilmagan hol bo‘lgan. Hal qiluvchi jangda umuman boshqa bokschini kutgandim. Chunki, -64kg vazn toifasida kuchli bokschilar yetarli edi. O‘shanda o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlay olgandim. Bu safar taklif qilishsa yana ishtirok etaman. Lozim bo‘lsa ichki musobaqalarda qatnashib, yaxshi formada ekanligimni isbotlayman.

Rioda professional bokschilar medal qo‘lga kirita olishmagan
Riodagi Olimpiya o‘yinlarida professional bokschilar ham ishtirok etishgan. Ammo, ularning xech biri medal qo‘lga kirita olmagan. Chunki, professional boksda siz asosiy e’tiborni bitta jangga qaratasiz. Jangdan so‘ng sizda oylab tanaffus bo‘ladi. Havaskor boksda esa bunday emas. Bugun jang o‘tkazdingizmi? Ertaga yoki bir kun o‘tib navbatdagi bahsda ringga chiqasiz. Bunday vaziyatda bo‘shashmaslik lozim. Bu professional bokschi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi degani emas. Bo‘lishi mumkin. Shunchaki, Olimpiadadan kamida 9 oy oldin professional bokschi havaskorlar bilan birga mashg‘ulotlar olib borishi, ularning uslubiga qayta ko‘nikishi lozim bo‘ladi.

Islohotlar haqida
Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan islohotlar yoshlar uchun ayni muddao. Bu sport rivoji yo‘lida katta ahamiyatga ega. Bolalar bizning kelajagimiz. Ular orasida sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish zarar qilmaydi. Bir necha kun oldin Qoraqalpog‘istonda katta sport festivali o‘tkazildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov doimiy izlanishda, turli tabdirlarda ishtirok etadi, bolalarga e’tibor qaratadi, eng yaxshilarni taqdirlaydi, sport inshootlariga tashrif buyuradi. Bu keng ko‘lamdagi ishlar yoshlar orasida sportga qiziqishni yanada oshiradi. Yoshlarimiz yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, sport bilan shug‘ullanib, sog‘lom turmush tarzini olib borishlarini istardim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fazliddin G‘oibnazarov: «Olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioni bo‘lishni istardim» (foto)