18:18 / 22.07.2018
4 280

O‘zbekiston termasiga kelishi kutilayotgan "eng omadsiz murabbiy"ning orzusi - finalda g‘alaba qozonish!

Ўзбекистон термасига келиши кутилаётган "энг омадсиз мураббий"нинг орзуси - финалда ғалаба қозониш!
O‘zbekiston terma jamoasiga kelishi kutilayotgan argentinalik mutaxassis Ektor Kuperni nega omadsiz murabbiy deb atashlari haqida.
Ektor Kuper haqida gap ketganda doim ikkinchi bo‘ladigan, finallarda omadi yurishmaydigan eng omadsiz murabbiy ko‘z oldimizda gavdalanadi. Chunki Kuper murabbiylik faoliyatida doim final o‘yinlarini yutqazib kelgan. O‘sha mashhur YeChL finallari, Ispaniya kubogi finali, Gretsiya kubogi finali va Afrika Millatlararo Kubogi finali bunga yaqqol misol.

Keling, Kuper nega omadsiz ekanligiga nazar solamiz.

Janob "ikkinchi"
Ektor Kuper murabbiylik faoliyati davomida 6 marotaba final o‘yinlarida ishtirok etgan va barchasida mag‘lub bo‘lgan. Albatta bu omadsizliklar Ektor Kuperga nisbatan adolatsizlikka o‘xshaydi. Chunki uning jamoalari ko‘p marotaba yorqin va qiziqarli futbol o‘ynagan finallarida mag‘lubiyat alamini tatishga majbur bo‘lgan. Penaltilar seriyasi yoki o‘yinning oxirgi daqiqalari Kuperning finallardagi eng yoqimsiz daqiqalariga aylangan.

Ektor Kuper hisobida kam bo‘lsada harqalay sovrinlar mavjud. Kuper ikkinchi darajali KONMEBOL kubogida o‘z yurti jamoasi "Lanus" bilan muvaffaqiyatga erishgan. O‘shanda final o‘yini ikkita uchrashuvdan iborat bo‘lgani Kuperga qo‘l kelgan. Chunki Kuper bir o‘yinlik hal qiluvchi final bahslarida doim yutqazgan. Yoki Ispaniya Superkubogidagi muvaffaqiyat ham ikkita o‘yinlik bo‘lgani Kuperni foydasiga ishlagan.

1-final

Kuperni birinchi yutqazgan finali Ispaniyada ruy beradi. O‘shanda argentinalik mutaxassis kamtargina "Malorka"ni birinchi mavsumdayoq Ispaniya Kubogi finaliga qadar yetaklab kelishni uddasidan chiqadi. Lekin total futbolni boplayotgan Lui van Gaal boshqaruvidagi "Barselona"ga faqatgina penaltilar seriyasida yutqazib qo‘yadi. Qizig‘i, o‘shanda "Malorka"ning shtat penaltisichi hisoblangan va adashmagan Yovan Stankovich "nuqta"dan ilk bor gol ura olmagani pand beradi.

2-final

Keyingi yili esa Kuper kamtargina "Malorka"ni Kubok egalari kubogida "Chelsi"ni musobaqadan chiqarib yuboradi va finalda Mixaylovich, Nesta, Stankovich, Veri, Nedved, Manchini va Salas kabi yulduzlarga ega "Latsio"ga duch keladi. Finalda favorit nomi aniq - "Latsio" bo‘ladi. "Malorka"ni hal qiluvchi bekatga qadar kelgani qahramonlikka tenglashtiriladi. Ammo Kuperning finallardagi noxush seriyasi yana davom etadi. O‘shanda Sven-Yoran Eriksson taktik jihatdan Kuperni dog‘da qoldirib, yakunda chempionlikni qo‘lga kiritadi.

3-final

Ektor Kuperni "Valensiya"ga o‘tishi ham finallardagi omadsizlikni yo‘qqa chiqara olmaydi. "Valensiya"ni 1999 yili qabul qilib olgan argentinalik "ikkinchi" 2000 yili fevralga qadar o‘z manzili tomon juda keskin va qattiq tanqidlarga chidashiga to‘g‘ri keladi. Ammo hammasi YeChL pley-offida "Latsio" va "Barselona" parchalanishidan so‘ng to‘xtaydi. Har ikkala to‘qnashuvda ham Kuper jamoasi masalani birinchi o‘yindayoq hal etadi. O‘shanda Kuperga aynan tanqidga bosh sababchi bo‘lgan taktik sxemalari yordam beradi. Kuper qo‘llagan taktik sxemalari tufayli tanqidga uchragan murabbiy yakunda haq bo‘lib chiqadi. Lekin finalda yana eski qo‘shiq takrorlanadi. Bu safar YeChL finalida "Real" "Valensiya"ga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi - 3:0.

Ammo Kuper 20 yillik tanaffusdan so‘ng YeChLga qaytgan "Valensiya"ni finalga qadar olib kelganini o‘zi muvaffaqiyat sanaladi. Shuningdek, o‘sha payti "Valensiya" tarkibida YeChL havosidan nafas olgan Kanisares, Ayyala va Lopes bo‘ladi. Qolgan barcha futbolchilar YeChLdagi debyut mavsumlaridayoq finalgacha borishadi.

4-final

Keyingi yili Kuper "Valensiya"ni YeChLda yana mashaqqatli yo‘ldan finalgacha olib kelishni uddasidan chiqadi. "Bavariya"ga qarshi "jang"da Kuperga tom ma’noda penaltilar to‘sqinlik qiladi. "Bavariya" o‘yinda penalti evaziga hisobni tenglashtirgach, g‘olib nomi ham "lotereya" orqali aniqlanishiga to‘g‘ri keladi. Kuperning finallardagi omadsizliklari endi an’anaga aylanadi. "Valensiya" ketma-ket ikkinchi yili YeChL finalida mag‘lub, Kuper esa yana xomush.

5-final

Ektor Kuperning keyingi finali Gretsiyada ruy beradi. Argentinalik murabbiy o‘shanda "Aris" jamoasini boshqarib mamlakat kubogi finaliga qadar yetib keladi. Ammo o‘sha futbol tili bilan aytganda finallardagi "fart" yana Kuperni chetlab o‘tadi. "Panatinaikos"ga qarshi bahsda "Aris" birgina to‘p evaziga mag‘lubiyat alamini tatib ko‘radi. Ektor Kuper jamoasini mag‘lub etgan golni esa mutaxassisning vatandoshi Sebastyan Leto ajoyib kuchli zarbasi evaziga darvozaga joylab qo‘yadi.

6-final

Misrni Afrika Millatlar kubogi finaliga qadar olib chiqqan Ektor Kuper terma jamoa miqiyosida ilk bor finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Kuper klublarda davom etgan noxush seriyaga aynan terma jamoa miqiyosida barham berishga qattiq ishonadi. Ammo Misrning Kamerunga qarshi final uchrashuvi Kuper uchun yana dramatik ssenariy ostida o‘tadi. Hisobni ochgan Misr ikkinchi bo‘lim o‘rtasida gol o‘tkazib yuboradi va muvozanat tiklanadi. Uchrashuv yakuniga 2 daqiqa qolganida esa Abubakar Kuperga yana eski va yoqimsiz qo‘shig‘ini kuyini eslatadi. Kuper boshchiligidagi Misr finalda mag‘lub.

"Men avvalo Kamerunni muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Navbatdagi finalni boy berganimdan ranjimayapman. Shunchaki Misr xalqini xursand etolmaganimdan xafaman. Men yana finalni yutqazdim. Finallarda yutqazishga ko‘nikib yoki o‘rganib qoldim demayman. Lekin...", - deya Ektor Kuper finaldan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.

"Valensiya"dagi faoliyatidan keyin "Inter"da ishlagan Kuper Italiya Kubogi finaliga qadar bormagan bo‘lsada, chempionatda skudetto uchun chinakamiga kurashgan. O‘shanda "Inter" o‘zining chempionatdagi chempionlik o‘yini, ya’ni finalini boy berib qo‘yadi. Va yakunda Kuper Italiya A Seriyasida ham "ikkinchi" bo‘ladi. O‘shanda Kuperning "Inter"ini yo‘liga Kuperga eski tanish bo‘lgan "Latsio" tug‘anoq bo‘ladi. "Latsio"ga qarshi chempionlik hal bo‘ladigan bahsda Kuper qo‘l ostidagi "Inter" Verining gollari evaziga ikki bor hisobda oldinda borayotib, yakunda 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchraydi. "Inter" va Kuper o‘sha mavsum Italiyada "ikkinchi" bo‘ladi. Janob "ikkinchi"ning muhim pallada yana omadi chopmaydi.

Kuper boshqargan jamoalar finallarda hech qachon favorit bo‘lmagan. Aksincha, Kuper kutilmagan jamoalarni yuqori cho‘qqiga qadar yetaklashni uddalagan. Ammo so‘nggi qadamni qo‘yish hozircha Kuperga nasib etmagan. Insof doirasida aytganda, Kuper murabbiylik faoliyati davomida kamida yana bitta finalga qadar yetib borishga va unda g‘olib bo‘lishga haqli inson. Murabbiy sifatida ham finalda g‘oliblik hissini tuyishga munosib mutaxassis.

"Umid qilaman, biror kun menga ham finalda omad kulib boqadi" (c) Ektor Kuper.

Hozircha rasman e’lon qilinmadi. Ammo O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkin bo‘lgan eng asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgan Ektor Kuper Osiyo Kubogi finalida O‘zbekiston terma jamoasi bilan orzusiga erishishini juda istayman. Bu bilan men Ektor Kuper to‘g‘ri tanlov yoki noto‘g‘ri deyish fikridan yiroqman. Hozircha aniq bir narsa deyish mushkul. Shunchaki O‘FA Ektor Kuper nomzodiga jiddiy qaragani va muzokaralar yakuniy pallaga kirgani uchun Ektor Kuperning faoliyatidagi kulminatsion lahzalar haqida to‘xtalishni istadim. Uning uslubi yoki taktik jihatlariga boshqa safar, rasman e’lon qilingach alohida to‘xtalarman.

Ektor Kuper agarda terma jamoamiz ruliga kelsa, bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri hali aytganimdek noma’lum. Kuperning ustun jihatlari va kamchiliklarini yetarlicha sanash mumkin. Shunchaki uning faoliyati bilan tanish bo‘lgan istalgan futbol muxlisi Kuperni finalda g‘alaba qozonishini istashi aniq. Bu O‘zbekiston terma jamoasi bilan BAAda o‘tadigan Osiyo Kubogida (yaxshi niyat) sodir bo‘lsachi? O‘zbekistonda qarshiliklar juda ko‘p, ammo bu fikrimga qarshiliklar ham qarshilik qilmasliklariga to‘liq ishonaman :-)

Eng omadsiz, doim "ikkinchi" deya e’tirof etiladigan Kuperning bu xunuk nomdan O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida qutilishini juda istardim.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston termasiga kelishi kutilayotgan "eng omadsiz murabbiy"ning orzusi - finalda g‘alaba qozonish!