19:28 / 01.09.2018
3 166

Isroil Madrimov: “Menga aniq vazifa topshirilgandi - oltin medal”

Исроил Мадримов: «Менга аниқ вазифа топширилганди - олтин медаль»
Osiyo oʻyinlarida erkaklar oʻrtasidagi boks boʻyicha musobaqalarda -75 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgan Isroil Madrimov taqdirlash marosimidan soʻng qisqacha intervyu berdi.

«Taassurotlar juda yaxshi, sababi chempionlik shohsupasiga koʻtarildik. Bu gʻalaba faqat meniki emas, balki butun Oʻzbekistonning gʻalabasidir. Shu gʻalaba bilan barcha muxlislarni tabriklayman. Muvaffaqiyatga erishish oson boʻlmadi, buning tagida juda katta mehnat yotibdi. Bu bitta mening emas, balki murabbiylarimizning, Oʻzbekiston Boks federatsisining mehnati, prezidentimizning bizga ishonchi va yaratib berilgan sharoitlari mahsuli deb bilaman. Oltin medalimni Oʻzbekiston Mustaqilligining 27 yillik bayramiga bagʻishlayman.

Musobaqadan oldin masʼuliyat juda kuchli edi. Ikki hafta davomida nimalar boʻlishi, janglar qanday oʻtishi haqida oʻylagandim. Chunki menga aniq vazifa topshirilgandi - oltin medal. Xudoga shukr, bunga erishdim. Oʻtgan Osiyo oʻyinlarida kumush olgandim, bu oltin shunga javob boʻldi, deb oʻylayman.

Menga juda noqulaylik tugʻdirgan raqib yarim finalda boʻldi, oʻzimda ham biroz hayajon boʻldi. Biroq, barchasi yaxshi yakun topdi. Endi kelasi yili Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiada oʻyinlariga litsenziya olish kerak. Professional boʻyicha hali aniq emas, chunki Olimpiada kutyapti. Ammo, oʻzimda oʻtish niyatim bor», - deya aytib oʻtdi Isroil Madrimov Kun.uz muxbiriga.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov: “Menga aniq vazifa topshirilgandi - oltin medal”