15:20 / 27.09.2018
2 982

Pogba va Mourino yana janjallashmoqda: sardorlik bogʻichi olinishi va mashgʻulotlar vaqtidagi video

Pogba va Mourino yana janjallashmoqda: sardorlik bogʻichi olinishi va mashgʻulotlar vaqtidagi video
Foto: Squawka
“Manchester Yunayted” Angliya Ligasi kubogida chempionship vakili, Frenk Lempard boshqaruvidagi “Derbi Kaunti”ga yutqazib, turnirni tark etgach, jamoa ichki muhiti OAV diqqat markazida turibdi. Ayniqsa, Joze Mourino va Pol Pogba oʻrtasidagi qilichbozlikni kuzatish qiziq boʻlmoqda.

Murabbiy fransiyalik futbolchidan ochiqchasiga shikoyat qildi: “Yagona haqiqat shuki, men u bundan buyogʻiga jamoa vitse-sardori boʻlmasligi toʻgʻrisida qaror qabul qildim. Ammo hech qanday tortishuv yoʻq, muammo mavjud emas. Men – murabbiyman va shunday qaror qabul qilishim mumkin. Oʻrtamizda muammo yoʻq, bu shunchaki men izohlashim shart boʻlmagan qaror xolos”.
Koʻrinishidan Joze Pogbaning yakshanba kungi intervyusidan qattiq dargʻazab boʻlgan. Chempioantning 6-turida “Vulverhempton” bilan oʻyinda qayd etilgan durangdan keyin fransiyalik futbolchi jamoa oʻyin uslubini tanqid qilgandi. Natijada, Mourino uni “Derbi Kaunti”ga qarshi oʻyin qaydnomasiga ham kiritmadi, keyingi kuni mashgʻulotlar vaqtida esa futbolchi murabbiyning oldidan oʻtgach, uning aytgan soʻzlaridan keyin yuzini ochiqchasiga tirishtirdi.

The Guardian xabariga koʻra, Mourinoning oxirgi soʻzi shunday boʻlgan: “Yoʻqol”. Klub esa, portugaliyalik murabbiy tilidan bu soʻz chiqqanini inkor etmoqda.

Sky Sports ham bu muloqotni ochiqlashga harakat qildi; aytishlaricha, Joze press-attashega murojaat qilgan: “Pol buni instagramga qachon qoʻygandi?”. U bu bilan fransiyalik futbolchi “Vulverhempton”ga qarshi oʻyinda zayavkaga kiritilmaganidan keyin tribunada oʻtirib, zayavka qilinmagan jamoadoshlari bilan kulib oʻtirgani aks etgan tasvirini nazarda tutgani taxmin qilinmoqda.

Qayd etish kerakki, Joze va Pol munosabatlari oʻtgan mavsum yarmida, futbolchining oʻyini pasayishi tufayli boshlangandi.

Pogba qishda erinchoq boʻlib qolgan va himoyaga yordam bermay qoʻygandi. Natijada, murabbiy fevral-mart oyida uni asosiy tarkibdan chiqardi. Ayniqsa, YECHL 1/8 finalida “Sevilya”ga qarshi oʻyinlar buni koʻrsatib qoʻydi: ikki oʻyinda ham Pol faqat zaxiradan oʻyinga qoʻshildi. Oʻyinlarda fransuz futbolchisi oʻrnini yosh Skott Maktomini egallay boshladi va Joze uni doimiy ravishda maqtab turdi.

YECHLni erta tark etganiga qaramasdan, “MYU” oʻtgan mavsumda APLda Fergyuson ketganidan buyon eng yaxshi natijani qayd etdi (2-oʻrin) – bu esa barchani xotirjam qildi va murabbiy-futbolchi mojarosi unutildi.

Keyin Pogba jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, finaldan keyin taʼtilga chiqib ketdi – avvaliga Los-Anjelesda, keyin Fransuz Polineziyasida. Joze yozgi transferlar yoʻqligidan asabiylasha boshladi va rahbariyat bilan ziddiyatga bordi. U yaxshi futbolchilar sotib olinmaganiga yarasha, jamoa mavsumoldi yigʻinini toʻliq tarkibda oʻtkazishini talab qildi.

Pol murabbiyning irodasini bajo keltirmadi va taʼtilni oxirigacha ado etdi. U taʼtilda yallo qilib yurganida Mourino uning goh “Yuventus”ga, goh “Barselona”ga oʻtishi haqidagi xabarlarni oʻqib, chandon asabiylashardi.

Foto: REUTERS/Phil Noble
Vaziyatga klub rahbariyati aralashishga majbur boʻldi: Pogba sotilmaydi! Bu Mourino uchun ham signal edi, u Pol bilan birga ishlashda davom etishini tushunib oldi.

Joze taktikani oʻzgartirdi: Pogbani jamoa sardori Antonio Valensiyaning oʻrinbosari etib tayinladi. U futbolchini yana maqtay boshladi: “Pogba monstr”, “men Pogbadan har qachongidan koʻra koʻproq roziman”, “Pogba klubimizda baxtiyor” – u fransiyalik futbolchini hatto penaltini aniq ijro eta olmaganidan keyin ham maqtashda davom etdi.

Foto: REUTERS/Phil Noble
Bu esa yordam berdi. Pol uch oʻyinda jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushdi, 4 gol urib, 2 golga assistentlik qildi. U “MYU”ning haqiqiy yetakchisiga aylangandi. Ammo Pogbaning oʻzi OAVni kelajagi borasidagi noaniqlik bilan chalgʻitishda davom etardi.

Koʻrinishidan Pogbaning kayfiyatiga agenti Mino Rayola taʼsir koʻrsatmoqda. Bu italiyalik agentning imzosi: u kichik choʻgʻni katta olovga aylantira oladi, futbolchini boshqa klubga transfer qilishga koʻndiradi, u bu orqali transferdan komission ulush ishlab olishni koʻzlaydi.

Ayni vaqtda Polga koʻplab top-klublardan qiziqish mavjud, qolaversa, endilikda YECHLda birinchi davrada boshqa jamoa uchun oʻynagan futbolchilarni ikkinchi davra oʻyinlariga zayavka qilish mumkin boʻladi.

Ammo Pogbaning sotuvi “MYU”ning imijiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tayin. Pol Manchesterga ikki yil muqaddam kelgandi – inglizlar “Yuventus”ga 105 million yevro toʻlagan va futbolchi bilan 2021 yilgacha shartnoma tuzgan. Italiya nashrlari maʼlumotiga koʻra, kelishuv doirasida klublar maxsus bandni qoʻshishgan: Pol “Yuve”ga 60 million yevro evaziga qaytishi mumkin boʻladi. Boshqa daʼvogarlar uchun qancha narx belgilangani maʼlum emas.

Pogba va Mourino ziddiytini “Barselona” diqqat bilan kuzatib bormoqda: maʼlum boʻlishicha kataloniyaliklar yozda “MYU”ga futbolchi uchun 50 mln yevro taklif etishgan; endi ular yanvar uchun yangi taklifni tayyorlashmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pogba va Mourino yana janjallashmoqda: sardorlik bogʻichi olinishi va mashgʻulotlar vaqtidagi video