18:06 / 14.10.2018
3 447

«Bu chakalakzorda faqat bitta qirol bo‘ladi». Nurmagomedov Meyvezerni jangga chaqirdi

«Bu chakalakzorda faqat bitta qirol bo‘ladi». Nurmagomedov Meyvezerni jangga chaqirdi
UFC bo‘yicha yengil vazn chempioni, rossiyalik jangchi Xabib Nurmagomedov amerikalik bokschi Floyd Meyvezerga qarshi ringga chiqishga tayyor. 30 yoshli sportchining chaqirig‘i boks menejeri Dexuan Bleykning instagramdagi sahifasida joylashtirilgan.

«Olg‘a, Floyd! Men sen bilan kuch sinashishga tayyorman, 50-0 27-0ga qarshi. Ikki yengilmas yigit jang qiladi. Nega bunday bo‘lmasligi kerak? Kel! Junglida faqat bir qirol bo‘ladi, qirol esa menman. Men Konorni yengdim, u endi yo‘q. Men uni osonlik bilan taslim etdim», — degan Nurmagomedov.

Qayd etish kerakki, bungacha ham muxlislar aralash kurashlar jangchisi va bokschi o‘rtasidagi bellashuvga guvoh bo‘lishgandi. 2017 yilning 26 avgustida kichik Meyvezer boks qoidalari bo‘yicha Konor Makgregor bilan mushtlashgandi. O‘shanda amerikalik 41 yoshli bokschi irlandiyalik raqibini 10-raundda texnik nokautga uchratgan.

Bu tarixiy jang natijasiga ko‘ra amerikalik bokschi maxsus WBC Money Belt kamarini qo‘lga kiritgan, 300 million dollar ishlab olgan va bokschilik faoliyatini yakunlagandi.

Shundan keyin u Makgregor bilan aralash qoidalar bo‘yicha jang qilishga tayyorligini ma’lum qilgan, u oktagonda shug‘ullana boshlagani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ikki vazn toifasi sobiq chempioni Makgregor unvonlaridan mahrum etilishi ortidan faoliyatini yakunlagandi, ammo u keyinroq qaytishni amalga oshirdi va yengil vazn toifasi chempionligi kamari uchun Xabib Nurmagomedov bilan jang qilish huquqini qo‘lga kiritdi. 7 noyabr kuni Las-Vegasda o‘tkazilgan jangda rossiyalik sportchi muddatidan avval g‘alabaga erishdi, u to‘rtinchi raundda irlandiyalik raqibini bo‘g‘ish uslubida taslim etdi.

Jangdan keyin Nurmagomedov o‘zini tutib tura olmadi va oktagondan chiqib, Makgregorning tarafdorlariga hujum qildi. Uning tarafdorlari esa oktagon ichida qolgan Makgregorga tashlanishdi. Buning uchun jamoatchilik rossiyaliklarni keskin tanqid ostiga olgandi. Nurmagomedovga jang uchun gonorar to‘lanmadi va istiqbolda diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkin.

Bu voqeaga Meyvezer ham o‘z munosabatini bildirib o‘tgan.

«Men Makgregor bilan jang qilgan bu yigitni yaxshi tanimayman, ammo u mag‘lubiyatga uchramaganini eshitganman. Uning xatti-harakati professionallikdan yiroq. U oktagonni tark etmasligi, uning tashqarisida mushtlarini ishga solmasligi kerak edi.

Uni katta miqdorda jarima kutmoqda. Bunga ishonchim komil. Zab Jubda bilan jangimdan keyin ringda katta to‘polon kelib chiqqandi, o‘shanda buni katta jarima bilan jazolashgandi. Adashmasam, 7ta raqamli jarima bo‘lgandi»,— deya amerikalikning so‘zlarini keltirgan Daily Mail.

Nurmagomedov ishini Nevada shtati sport komissiyasi ko‘rib chiqmoqda. Rossiyalik jangchi 24 oktyabrgacha vaqtinchalikka diskvalifikatsiya qilingan. Muddat yakunida yakuniy qaror e’lon qilinadi.

Jarimadan tashqari, Nurmagomedovga 6 oylik diskvalifikatsiya qo‘llanishi kutilmoqda.

Meyvezer esa filippinlik Menni Pakyaoga qarshi jang o‘tkazishni rejalashtirgan. U Yaponiyadagi musiqa festivalida eski tanishni yana bir jang o‘tkazishga chorlagandi.

«Men shu yilda Menni Pakyao bilan jang qilish uchun qaytdim. Yana bir 9 raqamli chek», deya yozgandi bokschi o‘z instagramida.

Pakyao ham jang bo‘yicha muzokaralar ketayotganini tasdiqlagan.

«Bizda jiddiy muzokaralar ketmoqda. Biz Floyd bilan Yaponiyadagi tadbir vaqtida uchrashdik, fanatlar bizning uchrashuvimizdan xursand edi, Meyvezer bilan jang o‘tkazish ehtimoli haqida gaplashdik. Katta ehtimol bilan biz yana jang qilamiz, ammo biz jang qachon va qayerda o‘tkazilishini kelishib olishimiz kerak»,— deya Pakyaoning so‘zlarini keltirgan GMA News.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, bu jang dekabr oyi boshida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Bokschilarning avvalgi jangi 2015 yilning 2 mayida Las-Vegasda o‘tkazilgandi. O‘shanda hakamlar bir ovozdan Meyvezerni g‘olib deb topishgan. Jang translyatsiyasi jahon rekordini o‘rnatgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Bu chakalakzorda faqat bitta qirol bo‘ladi». Nurmagomedov Meyvezerni jangga chaqirdi