16:09 / 26.11.2018
2 705

Ravshan Haydarov: «Hammaga o‘zining bolasi Messi yoki Ronaldu bo‘lib ko‘rinaveradi»

Ravshan Haydarov: «Hammaga o‘zining bolasi Messi yoki Ronaldu bo‘lib ko‘rinaveradi»
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida seleksiya ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgani borasida gapirib o‘tdi. Bu haqda Tribuna.uz xabar bermoqda.

«Seleksionerlarimizda futbolchilarning juda katta hajmdagi kartotekasi bor. Biz ikkinchi tarkibni yig‘ganimizda ularni shunchaki o‘ynatib, ortga jo‘natib yubormaymiz. Ularni avvalo psixologik va jismoniy testlardan o‘tkazamiz. Undan keyin o‘yinlarda, mashg‘ulotlar jarayonida ularning saviyasini ko‘rishimiz mumkin.

Albatta, hammaga o‘zining bolasi Messi yoki Ronaldu bo‘lib ko‘rinaveradi. Ammo bu kuchli jamoaga qarshi o‘yinda ko‘rinadi.

Olimpiya terma jamoasida (shu yil boshida Xitoyda Osiyo chempioni bo‘lgan jamoa nazarda tutilmoqda – Tribuna) 165 nafar futbolchini ko‘rikdan o‘tkazgandik. Har bir guruhni besh kun davomida sinab ko‘rib, hammaga imkoniyat berdik.

Bundan tashqari, «Zo`r TV» ham yaxshi loyiha o‘tkazdi. Respublika bo‘yicha kimdir balki qolib ketayotgandir, kim o‘zini kuchini sinab ko‘rmoqchi, degan mazmunda e’lon berdi. Loyiha ko‘proq shouga yaqin tarzda o‘tgan bo‘lsa ham, unda «Chig‘atoy»ning professional murabbiylarini biriktirib, shu loyihada ham seleksiya ishlarini olib bordik. Mayli, bolalar futbolni yaxshi ko‘rishadi, kimdir klublarga kira olmayapti. Ayrim ota-onalar istak bildirdi, kimdir esa o‘zi men haqiqatan ham olimpiya terma jamoasiga a’zo bo‘lishim kerak, deb keldi. Ammo shunisi aniqki, olimpiya terma jamoasi professionallardan tuzilishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, ularga ham («Zo`r TV» loyihasi ishtirokchilari – Tribuna) imkoniyat berish kerak. Imkon berildi ham.

19-21 yosh oralig‘idagi bolalarni yig‘ib, test-ko‘riklardan o‘tkazishdi. Tanlab olinganlarda o‘smirlar terma jamoasi bilan o‘ynatdik. Ko‘pchiligi ko‘chada futbol o‘ynab yurgan bolalar edi, mana bu saviyada o‘zini qanday ko‘rsatishini kuzatdik. Har holda, imkoniyat edi bu ham. Mutaxassislarni yig‘ib, o‘sha yerda o‘yinni ko‘rdik. O‘smirlar termamiz 9-10ta gol urib yutdi.

Loyihadan keyin federatsiyalarga: «Bu bolaga e’tibor qaratinglar, klubga joylanglar, klubsiz ko‘chada yurmasdan muntazam ravishda shug‘ullansin», degan tavsiyalar bilan jo‘natildi. Bu ham ommaviy futbolni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ish edi. Ammo nima bo‘lganda ham, olimpiya terma jamoasida o‘ynaydigan futbolchilar o‘z klublarida muqim mashg‘ulotlarda qatnashadigan, juda bo‘lmaganda yoshlar ligasida doimiy o‘ynaydigan bo‘lishi kerak. Talablarga javob berishi kerak.

Men klub murabbiylari bilan doimiy aloqada bo‘lib turaman, ularni tinch ham qo‘ymayman. Kim qanaqa ishlayapti, kim o‘yinga chiqyapti... Mana, hozir «Bunyodkor»da bitta hujumchi o‘sib kelyapti, uni (Dubai Cup turniriga - Tribuna) olib ketib, imkoniyat berdik. Xalqaro tajriba yo‘q edi unda. Uchta o‘yinda imkoniyat berdik, o‘zini ko‘rsatdi. Kelajakka deb ko‘rib turibman, bu boladan u-bu narsa chiqadi. Lekin buyog‘iga professional yondashuv ketadi», - deya ta’kidlab o‘tdi Haydarov.

«Hozirgi olimpiya termasining birinchi tarkibiga 30-32 nafar futbolchi individual sifatlari bo‘yicha saralab bo‘lindi. Buyog‘iga shu jamoaning o‘yinini shakllantirishimiz kerak. Saralash jarayoni ham davom etaveradi. Kimdir porlab chiqsa, albatta, shu o‘ttiztalikka kiritamiz», - deya qo‘shimcha qildi Ravshan Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, jamoaga Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi yuklatilgan. Kelasi yil mart oyida Toshkentda shu yo‘ldagi ilk musobaqa – Osiyo chempionati saralashi bo‘lib o‘tadi. Avvalroq ushbu turnirga tayyorgarlik doirasida OTJ Turkiya va Ispaniyada yig‘in o‘tkazishi, Slovakiya va Ozarbayjon olimpiya termalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etilishi xabar qilingan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: «Hammaga o‘zining bolasi Messi yoki Ronaldu bo‘lib ko‘rinaveradi»