07:53 / 23.12.2018
3 416

O‘zbekiston terma jamoasi xorijlik jurnalist nigohida

O‘zbekiston terma jamoasi xorijlik jurnalist nigohida
Osiyo Kubogi yaqinlashgani sayin O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qiziqish ortib bormoqda.

Endilikda nafaqat o‘zimiz, balki xorijlik jurnalistlar ham terma jamoamiz haqida yoza boshlaydilar. Osiyo futbolini muntazam yoritib boruvchi jurnalistlardan biri Martin Louv O‘zbekiston terma jamoasi haqida maqola chop etdi. Quyida uning yozganlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Osiyoning elit jamoalari ro‘yxatiga kiradigan O‘zbekiston milliy terma jamoasining "oltin avlodi" Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati imkoniyatini boy berdi. Bunga bir qator sabab va omillar ta’sir qildi. Lekin endilikda chang ortda qoldi va terma jamoa yangi bosh murabbiy Ektor Kuper qo‘l ostida yangi musobaqalarga hozirlik ko‘rmoqda. Bu Osiyo Kubogi-2019 va 2022 yil Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionati saralash o‘yinlari.

O‘tgan to‘rt yil mobaynida O‘zbekiston yuqoriga ko‘tarila oldi desa bo‘ladi. Terma jamoa Server Jeparov, Aleksandr Geynrix, Azizbek Haydarov kabi futbolchilar bilan bir qator muhim bellashuvlarda ishtirok etdi. Oxirgi jahon chempionatiga saralash o‘yinlarini bir yodga oling-a. Filippin ustidan 5:1 hisobidagi g‘alaba, safarda Qatar 1:0 hisobida mag‘lub etilishi... Ammo ko‘ngilsiz holatlar ham uchrab turdi. Masalan, KXDRga 2:4 hisobida boy berilgan o‘yin, Suriyadan 0:1 hisobida uchralgan mag‘lubiyat. Bu mag‘lubiyatlar ikki murabbiy davrida kuzatildi: Mirjalol Qosimov va Samvel Babayan.

Natijada nimanidir o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri kelgandi, shu bois yangi rahbariyat argentinalik murabbiy Ektor Kuperni olib keldi. Aytish mumkinki, Kuperda hamon obro‘ yuqori, chunki bir paytlari "Valensiya"ni boshqargan murabbiy Misrning 25 yillik orzusini ro‘yobga chiqarib, jahon chempionatiga olib chiqdi. Agar Muhammad Salah jarohat olmaganida bu jamoa mundialda o‘zini ko‘rsatishi mumkin edi.

Bu murabbiy hozirda futbolga nisbatan qaralashlarini O‘zbekiston terma jamoasiga singdirishga harakat qilmoqda. Kuper ayniqsa himoyada nihoyatda ehtiyotkor, lekin buning uchun unga iqtidorli futbolchilar kerak. O‘zbekistonda esa yosh iqtidorlar yetarli, har holda 10 yildan beri ular Osiyo va jahon maydonlarida o‘zlarini ko‘rsatib kelishyapti. Masalan, O‘zbekiston U-19 terma jamoasi o‘zi ishtirok etgan beshta Osiyo chempionatining uchtasida yarim finalga qadar yetib bordi. Bundan tashqari U-20 jahon chempionatida 2013 va 2015 yillar guruhdan chiqishni uddalay oldi.

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi shu yilning o‘zida avvaliga Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, undan keyin Osiyo o‘yinlarida yaxshi o‘yin namoyish etdi. Faqat musobaqaning chorak finalida Yevropa futboliga yaqin o‘yin ko‘rsatadigan Janubiy Koreyaga yutqazib qo‘ydi. Ammo o‘yinlar ko‘rsatdiki, O‘zbekiston shu futbolchilar bilan keyingi jahon chempionati saralash bosqichida munosib ishtirok eta oladi.

Kuper yoshlarga har doim ham ishonadigan murabbiy emas. U bu tomonlama sal chetroqda yuradi. Ammo hozirgi terma jamoada Odil Hamrobekov, Doston Hamdamov, Ikrom Aliboyev kabi futbolchilar borligini hisobga olsak, bu o‘yinchilar raqobatda boshqalarni yenga olishdi. O‘zbekistonda klublar ham o‘zgardi. Bir paytlari "Paxtakor" va "Bunyodkor" ham ichki chempionatda, ham xalqaro o‘yinlarda hukmronlik qilardi. Endi bo‘lsa tarozi pallasi "Lokomotiv" tomonga og‘gan. Bu jamoa 2016 yildan beri yaxshi o‘yin namoyish etib kelmoqda va terma jamoaga eng ko‘p futbolchi beryapti.

Terma jamoaning asosiy futbolchilari qatorida yuradigan Sardor Rashidov bilan Igor Sergeyev chetdagi faoliyatini tugatib yana o‘z mamlakatlariga qaytishdi. Shuningdek, Odil Ahmedov Yeropa futbolidan Osiyo futboliga ko‘chib o‘tdi. Vitaliy Denisov esa klubini almashtirdi. Yoshlardan Hamdamov bilan Shomurodov Rossiyaga yo‘l olishdi. Otabek Shukurov BAA chempionatini tanladi.

Bu orada terma jamoada katta yo‘qotish ro‘y berdi. Bir necha yil mobaynida yuqori saviyada o‘ynab kelgan Aleksandr Geynrix futbolni tugatdi. Uning o‘rnini bosishi kutilgan va 9-raqamli hujumchi sifatida o‘ynashi kerak bo‘lgan Igor Sergeyev hatto o‘z chempionatida o‘ynab keta olmadi. To‘rt yil oldingi Osiyo Kubogida keyingi musobaqada Sergeyev porlaydi deb taxmin qilingandi, biroq u o‘z klubida ham kam o‘yin o‘tkazdi.

Endilikda hujumdagi asosiy yuk "Lokomotiv"ning 32 yoshli to‘purari Marat Bikmayev zimmasiga tushadi. U ham terma jamoada, ham o‘z klubida bir tekis o‘yin namoyish etib kelmoqda. Rossiya va Qozog‘istonda yetti yil o‘ynagan ushbu hujumchi O‘zbekistonga qaytib "Lokomotiv" bilan shartnoma imzoladi va bu jamoaning "erasi"ga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Bikmayev uchun ayniqsa 2017 yil juda omadli keldi. U chempionat to‘purari bo‘lish bilan birga O‘zbekistonda "Yilning eng yaxshi futbolchisi" deb topildi.

O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogida qanday natija ko‘rsatishi Ektor Kuper belgilab beradigan taktikaga bog‘liq. Lekin bu jamoa faqat shu musobaqani o‘ylayotgani yo‘q, ular uchun uzoq davom etadigan jahon chempionati saralash bahslari muhim palla hisoblanadi. Garchi bu jamoa guruhda Yaponiya bilan tushgan bo‘lsa-da, agar ikkinchi o‘rinni olib yo‘lida davom etadigan bo‘lsa yarim finalgacha borishi mumkin.

Terma jamoaning asosiy kishilari:

Bosh murabbiy - Ektor Kuper (Argentina)

"Valensiya" va "Inter" klublarini boshqargan Kuper Misr terma jamoasini 25 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga olib chiqdi. Endilikda u O‘zbekiston bilan ham katta maqsadlarni ko‘zlayapti. Bu murabbiy asosiy e’tiborni himoyaviy o‘yinga va faxriy futbolchilarga qaratadi.

Yulduz futbolchi - Odil Ahmedov
Bu futbolchida tajriba katta. Ham himoyaviy, ham hujumkor futbolda birdek o‘ynay oladi. Maydon markazida to‘p tepishiga qaramay, portlovchi xususiyatiga ega. Istalgan payt raqib jarima maydonchasiga yorib kirishi mumkin. U "Shanxay SIPG" klubining Xitoy chempioni bo‘lishida katta hissa qo‘shdi.

Bosim ostida - Igor Sergeyev
Bu hujumchi 20 yoshlar atrofida porlab chiqqandi. Paytida eng yorqin futbolchilardan biri bo‘lishi kutilgan. Ammo uning Xitoy va BAAda ishlari yurishmadi. Natijada yana "Paxtakor"ga qaytib keldi. Balki Osiyo Kubogiga borsa yana oldingi saviyasiga qaytishi mumkin.

Yosh umidli - Odil Hamrobekov
Terma jamoa tarkibidagi yosh umidli futbolchilardan biri. U oxirgi besh yildan beri yuqori saviyada o‘ynab kelyapti. Himoyaviy o‘yinda juda mustahkam. Aziz Haydarovning terma jamoada munosib izdoshi bo‘lishi kutilmoqda.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi xorijlik jurnalist nigohida
ePN