
O‘zbekiston, Rossiya, Yevropa, Osiyo va jahon chempioni. Nafaqat futbolda, balki sportning barcha jamoaviy turlari vakillari orasida ham bunday qator yutuqlarga erishganlar O‘zbekistonda barmoq bilan sanarli bo‘lsa kerak.
Mirjalol Qosimov – o‘zbek sportining ana shunday kam sonli vakillaridan. Ammo uning o‘ziga bu yutuqlarini eslatishsa, futbolimizning tirik afsonasi ekanini aytishsa, kamtarlikdan va yoki yana boshqa sabab bilanmi, barchasi tarix ekanini ta’kidlaydi. Shunday bo‘lsa-da, uning o‘yinlaridan bahra ololmagan yangi avlod vakili ekaningizni his etib, «Mirjalol aka» deb murojaat qilsangiz va futbolchilik faoliyati haqidagi savollar bilan tinch qo‘ymay, to‘rt devor orasi – kabinetda emas, aynan yashil chim ustida suhbat qursangiz, xotiralari uyg‘onishiga erishishingiz mumkin. Ana shunda shonli karerasidagi hali bizga noma’lum ba’zi sahifalarni ochishga muvaffaq bo‘lasiz.
Mover'da ko‘rish (TAS-IX): VIDEO
YouTube'da ko‘rish: VIDEO
Masalan, 4-raqam tarixi haqida. Shu yilgi jahon chempionatidan keyin Rossiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlagan Sergey Ignashevich bir vaqtlar «Krilya Sovetov»da Mirjalol Qosimov bilan jamoadosh bo‘lgan. O‘shanda yosh himoyachi o‘zbek pleymeykeridan 4-raqamni olib qo‘ygani va garovda yutqazib, yana qaytarib berishga majbur bo‘lgani haqida mish-mishlar yuradi. Qahramonimizning aytishicha, bu – rost. U voqeani shunday hikoya qiladi:
«2000 yil Samarada bo‘lgandi. U paytda Ignashevich ancha yosh yigit, yaxshi himoyachi edi. O‘sha yili Livanda Osiyo Kubogi bo‘lgandi. Shu musobaqadan so‘ng klubga qaytib borganimda Rossiya chempionati davom etayotgan edi. Qarasam, 4-raqamni kiyib olibdi. U paytlarda futbolchilar hozirgidek mavsum boshida raqamlari bilan zayavka qilinmasdi. Bir-birinikini almashtirib kiyaversa bo‘lardi.
Oldinda «Torpedo» bilan o‘yin bor edi. «Yo‘q eding-ku, terma jamoada eding», degach, kichik va samimiy tortishuv bo‘lgan. Janjal emas. O‘shanda gap tashlab qolgan: «Gol ursang, bo‘ldi, boshqa yaqinlashmayman». 3:1 hisobida yutganmiz – ikkita gol urganman. Shundan keyin, [4-raqamga] ikki yil – 2000-2001 yillarda umuman yaqinlashmagan».
Yoki undan ham avvalroq, 90-yillar o‘rtalarida ro‘y bergan boshqa bir voqeani olsak. Qosimov 1996-1997 yillarda jarohat olib, futbol o‘ynay olmagan, Germaniyada operatsiya stoliga yotgan edi. U yerda shifokorlar murakkab operatsiyaning oqibatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni so‘rab, Mirjalol Qosimovdan tilxat yozdirib olishgan, deyishadi. U o‘shanda rostan ham futbolga qaytish uchun tavakkalga qo‘l urganmi?
«Doktor qo‘lida bir varaq qog‘oz bor edi. Operatsiya jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan uch xil holatda ular javobgarlikni bo‘yniga olmas ekan. Boshida haqiqatan ham qo‘rqqanman. Bunday qog‘ozga qo‘l qo‘ygandan keyin, odam o‘ylanib qolarkan.
Yosh, navqiron, kuchga to‘lgan paytim edi. Menimcha, o‘sha paytda futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rganligim ham ruhan katta ta’sir qilgan. Lekin qog‘oz qanaqadir ikkilantirib qo‘ygan. To‘g‘ri tushuntirishgach, bu bo‘yicha klinikaning o‘z tegishli tartibi bor, deganlaridan keyin, doktor bilan suhbatlashib, rozi bo‘lganman. Allohga tavakkal qilib, qo‘l qo‘yganman.
Xudoga shukr, operatsiyadan [yaxshi] chiqdim. Narkozdan qaytgandan keyingi birinchi so‘zim, rafiqamning aytishicha, «Futbol o‘ynayman», deganman. Hali narkoz to‘la tarqalmagan vaqtda, oyog‘imni qimirlatib ko‘rib, birinchi aytganim shu bo‘lgan», – deb eslaydi Mirjalol Qosimov.
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar