
Kecha Ektor Kuper O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogiga boradigan yakuniy tarkibini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, yakuniy tarkibdan O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi darvozaboni deb tan olingan Eldorbek Suyunov tushib qoldi.
"Paxtakor" kiperi kichik jarohati bois Turkiyadagi yig‘inni o‘tkazib yubordi. Qo‘lini kichik barmog‘ini sindirib olgan Suyunov tezroq tiklanish maqsadida gipsni ertaroq yechib, yanvarga qadar safga qaytish uchun maxsus muolaja olayotgandi. Kecha Toshkentga kelgan va qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tgan Suyunovning holati ancha yaxshi. Darvozabonning aytishicha, yanvardan boshlab bemalol mashg‘ulotlarga kirishishi kutilmoqda. Aynan Osiyo Kubogiga borish maqsadida tezroq muolaja olgan Suyunovga kechagi e’lon qilingan tarkibdan tushib qolgani qattiq ta’sir qildi.
Butun mavsumni ishonchli, yaxshi darajada o‘tkazgan va O‘zbekiston terma jamoasi safida ham o‘zini ko‘rsata olgan har qanday kiper uchun bu tushunarsiz qaror qanday ta’sir qilganini ortiqcha ta’riflashga hojat yo‘q.
Eng ajablanarlisi, yakuniy ro‘yxatni e’lon qilishdan avval terma jamoadan hech kim darvozabonning holati bilan qiziqmagan va so‘ramagan ham. Ochig‘i, Suyunovdan fikr olishni maqsad qilgandik, biroq darvozabon hozir intervyu berish to‘g‘ri emasligini aytib, agarda ro‘yxatga kiritilganida, terma jamoa uchun borini berishini ma’lum qilib, qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasiga omad tiladi. Ya’ni, Suyunov Osiyo Kubogini o‘tkazib yuboradigan jiddiy jarohat olmagani va yanvardan mashg‘ulotlarga qaytishini bildirdi.
Demak, terma jamoa ro‘yxatidan tushib qolgan Suyunovni Osiyo Kubogiga bormasligiga faqatgina jarohat sabab bo‘lmagan, degan fikrni bildirish mumkin.
Butun mavsumni ajoyib o‘tkazgan, o‘zbek posbonlari ichida har taraflama eng zo‘ri bo‘lgan darvozabon bo‘lsang-u, lekin yakunda Osiyo Kubogiga bormasang, albatta istalgan futbolchiga alam qiladi. Ayniqsa bunga qadar terma jamoa o‘yinlarida o‘zini juda yaxshi ko‘rsatib, birinchi raqamga asosiy da’vogar bo‘lib turgan paytingda bo‘lsachi? Qisqasi, tushunarsiz qaror. Gap faqat jarohatda desa, Suyunov yanvardan mashg‘ulotlarni boshlaydi. Terma jamoamiz uchun esa musobaqa 9 yanvardan boshlanadi. Kiper jamoasining taktik uslublariga moslashishi shart emas. Uning alohida o‘z funksiyasi bor. Kamiga Suyunovda mashg‘ulotlarga kirishib olishi uchun butun bir hafta mavjud.
Shu o‘rinda bir narsani eslamasam bo‘lmaydi. Esingizda, yozda terma jamoamiz Urugvay bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun dunyoning narigi chekkasiga, ya’ni Janubiy Amerika tarafga ketayotganda ko‘plab futbolchilar jarohat tufayli safdan chiqib qolishgandi. O‘shanda terma jamoamiz kiperi Suyunov uzoq parvoz qilishdan qochmagan.
Samvel Babayan davrida esa Suyunovga faqat "uchinchi" kiper nomi berilgandi. Rasmiy o‘yinlar tugul, hattoki o‘rtoqlik yoki nazorat uchrashuvlarida ham bosh murabbiy Suyunovga zig‘ircha imkon bermagandi. Endi esa o‘zinining optimal sport formasini yana qayta tiklagan Suyunov uchun Osiyo Kubogidan chetda qolish yil bo‘yi qilingan mehnatlarini ko‘kka sovurish bilan barobar.
Qit’amizdagi yirik futbol festivalidan eng zo‘r darvozabonimizni mosuvo qilish tushunarsiz qarordan o‘zgasi emas.
Qosimov davrida terma jamoa a’zosiga aylangan, murabbiy tomonidan bir qancha imkoniyat taqdim etilgan Suyunov Babayan davrida butkul zahiraga o‘tkazildi. Kupergacha va Kuper kelgan davrda ham Suyunov bir necha o‘yinlarda terma jamoamiz yuzini yerga qaratmadi. Yaqindagina Livandan uchrashimiz mumkin bo‘lgan sharmandali mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan kiper oxirida terma jamoa uchun begonaga aylandi.
Ro‘yxatdan o‘rin olgan darvozabonlar ichida yomoni yo‘q. Nesterov haqida ortiqcha to‘xtalish shart emas. O‘zbek darvozabonlari afsonasi. O‘tkir Yusupov esa joriy mavsumni ajoyib o‘tkazdi. O‘tkir Yusupov terma jamoaga loyiq posbon. Sanjar Quvvatov haqida ham iliq fikrlarni bildirish mumkin. Quvvatov Suyunovdan keyin eng ko‘p quruq o‘ynagan darvozabon. Gap bularni ro‘yxatga kirganida emas, aksincha, ulardan ham zo‘r va kuchli bo‘lgan Eldorbek Suyunovning yo‘qligida.
Yana bir jihatga e’tibor qaratish lozim, menimcha. Jalb etilgan barcha darvozabonlar bo‘y jihatdan uzun ko‘rsatkichga ega emas. Bu esa standart vaziyatlarda yoki raqibning jarima maydonchamiz ichidagi havodagi kurashlarida pand berib qolmasligi kerak. Har holda darvozabon uchun bo‘y muhim ahamiyat kasb etuvchi jihat.
P.S. Men darvozabon masalasiga juda qiziqaman va o‘zimcha tushunaman. Shu amplua vakillarining o‘yinlarini alohida kuzatib boraman. Eldorbek Suyunov, O‘tkir Yusupov va Sanjar Quvvatov bilan shaxsan tanishman va ularni hurmat qilaman. Nesterov esa yoshligimdagi kumirlarimdan biri. Rossiyada Akinfeyev, bizda esa Nesterov haqiqiy afsonaga aylangan bir xil tipdagi kiperlar. Terma jamoa darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov bilan ham "Nasaf"dagi faoliyatim tufayli juda yaxshi tanishman. Bu insonni hurmat qilmaydigan futbol odami yo‘q, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin Suyunov nega tarkibda yo‘qligini tushunmadim...
Futbolda sog‘lom raqobat orqali bir nechta kuchli futbolchilar ham terma jamoadan joy ololmay qolishadi. Hozir ham terma jamoamizning boshqa chiziqlarida mazkur gapni ishlatsa bo‘ladi. Lekin darvozabonlar borasida Suyunov sog‘lom raqobat evaziga tarkibdan tushib qolgani yo‘q. Jarohat masalasida teparoqda batafsil tushuntirdim.
Shu o‘rinda yana bir jihat, Germaniya terma jamoasi butun mavsumni jarohati tufayli o‘tkazib yuborgan Noyerni bejizga mundialga olib ketmadi. Yoki Rossiya terma jamoasida Cherchesov nega doim asosiy kiper kimligini avvaldan (Akinfeyev ketgach murabbiy Lunyovni asosiy posbon bo‘lishini aytgan) aniqlab olib, uni ommaga e’lon qiladi? Chunki Cherchesov o‘zi ham darvozabon bo‘lgan va bu jihat ruhiy taraflama nafaqat kiperga, balki butun jamoa uchun qanchalik muhimligini hammadan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Shahboz Beg‘amov
Manba: championat.asia “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar