
Bu yil “Bunyodkor”ning “keksa” futbolchisi deb e’tirof etilgan Anvar G‘ofurov joriy mavsumda asosiy tarkibda faol tarzda ko‘rinish bergani yo‘q. Ko‘p vaqtida maydondan tashqarida yoki zaxirada o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 36 yoshni qarshilagan himoyachining “qaldirg‘ochlar”dagi safari qaridi deb hisoblayotganlar ham bor. Fursatdan foydalangan holda futbolchi bilan bir qator masalalar xususida gaplashdik.
- Yakuniga yetgan mavsumda «Bunyodkor» bir qator muammoli vaziyatlarga tushib qoldi. Ayting-chi, 2018 yilgi chempionat qanday o‘tdi deb o‘ylaysiz?
- O‘zingiz aytganingizdek, qiyinchiliklar ham bo‘ldi, menimcha bu haqida hamma biladi. Lekin mavsum o‘ziga yarasha qiziqarli o‘tdi. Yangi ishlab chiqilgan reglament ham o‘z hissasini qo‘shgan deb o‘ylayman. Bu holat esa kimgadir yoqdi, kimgadir yoqmadi. Har qalay bu yil o‘ziga yarasha chempionat bo‘ldi. O‘ylashimcha, kelasi yili yanada qiziqarliroq bo‘ladi. Eshitib turibman, deyarli barcha klublar jiddiy ravishda kuchayishni boshlashyapti. Ayniqsa, yuqori o‘rinlardagi klublarning maqsadlari katta va shunga qarab transferlarni amalga oshirishyapti. Lekin hammasini bir tekisda bo‘ldi deyish qiyin. Masalan, pastki jamoalarga unchalik qiziq bo‘lmadi deb o‘ylayman. Chunki ular ming uringan taqdirda ham 7-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olishmasdi. Shu ma’noda aytganda, ular uchun chempionatning qizig‘i qolmagandek tuyuldi. Baribir hamma o‘yinni yutgan taqdirimizda ham maksimal 7-o‘rinni olamiz, degan xayollar ularni tark etmagan. To‘g‘ri, yuqori o‘rinlardagi klublarda kurash bir muncha keskinroq o‘tdi. Lekin bu O‘zbekiston chempionati bo‘lganidan keyin unda hamma narsani o‘ylash kerak. Baribir futbol birinchi navbatda muxlislar uchun. Aksariyat ishqibozlar “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” kabi jamoalarni ko‘ramiz deb stadionlarga kelishadi.
- Anvar G‘ofurov uchun mavsum qanday o‘tdi?
- O‘zim uchunmi? Afsuski, olgan jarohatim pand berdi. Natijada ayrim uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgandim. Davolanishlardan so‘ng endi safga qaytganimda yana o‘sha jarohatim qaytalanib qoldi.
- Demak, shu sababli “Bunyodkor”ning ko‘plab uchrashuvlarida ko‘rinish bermabsizda...
- Ha, lekin oxirgi 5-6 ta tur qolganida sog‘ayib maydonga tushishga tayyor edim. Biroq tarkibni aniqlash murabbiylarning ishi va ularga kimning qanchalik tayyorligi yaxshiroq ko‘rinadi deb o‘ylayman. Odatda yurayotgan mashinaning g‘ildiraklari almashtirilmaydi. Balki shuning uchun bir tekis o‘ynab kelayotgan tarkibni o‘zgartirishni istamagandir. Bu murabbiylarning qarori. Shuning uchun har qanday holatda ham ularning qarorlarini hurmat qilishimiz lozim. Chunki natijaga birinchi navbatda murabbiylar javob berishadi.
- «Bunyodkor»dagi faoliyatingizni tugatdingizmi?
- Hali bilmadim. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Oldindan bir nima deya olmayman. «Bunyodkor»dagi o‘zgarishlardan xabaringiz bo‘lsa kerak, Mirjalol Qo‘shoqovich OKMKni qabul qilib oldi. Endi «Bunyodkor» qanday ko‘rinishda bo‘ladi, kim boshqaradi, bularni bilmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Agarda klub futbolchi sifatida mendan yana foydalanmoqchi bo‘lsa, buni ko‘rib chiqaman. Baribir hozirgi paytda oldindan biror nima deb bo‘lmaydi.
- Chunki siz boshqa klublarning takliflarini ham bir chetga surib qo‘ya olmaysiz, to‘g‘rimi?
- 100 foiz aniq takliflar bor deb ayta olmayman, lekin yo‘q emas.
- Qosimovning “Bunyodkor”ni tark etib, OKMKga bosh murabbiy bo‘lganini qanday qabul qildingiz?
- Bu o‘zining qarori. Biz hammamiz esa Mirjalol Qo‘shoqovichning qarorini hurmat qilib, to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Chunki o‘zlari ham hammasini taroziga solib, o‘ylab ko‘rgan bo‘lsa kerak. Balki o‘zi uchun ham OKMKda ishlash qiziqarliroq tuyulgandir.
- 36 yoshdasiz va faoliyatingiz ham tugab borayotganini his qilib turgandirsiz?
- Albatta, bu yoshda o‘ynashning o‘zi bo‘lmaydi. Sog‘ligim ko‘taraversa o‘ynashda davom etaman. Hammasi harakatga bog‘liq.
- Faoliyatingizda tub burilish yasagan murabbiy kim?
- Garchi “Bunyodkor”da ko‘p vaqt ishlamagan bo‘lsa ham Luiz Skolari bo‘lsa kerak. Uning ko‘p gaplarini eslayman. Ammo o‘sha paytlarda murabbiyning gaplariga biz boshqa tomondan qaragan ekanmiz. Mana, endi-endi Skolarining biz uchun aytganlari bejiz bo‘lmagan ekan, degan fikrga boryapman. Skolari jahon yulduzlari bilan ishlagan. Shuning uchun uning qo‘l ostidagi futbolchilari Skolarining yarimta gapi orqali tushunib olishadi.
- Aynan nimalar degandi?
- Gapirsak gap ko‘p. Baribir uning so‘zlarini har taraflama o‘ylayman. Ko‘pchilik Skolarini shunchaki kelib-ketdi deb o‘ylashadi. Hammaning o‘z fikri bor. Lekin u bekordan-bekorga kuchli jamoalarda ishlab, yuksak natijalarga erishmagan, shuni ham unutmaslik kerak.
- Odatda Vadim Abramov bilan ishlagan aksariyat futbolchilar u haqida doim iliq fikrlarini aytishadi. Ammo bilishimcha, siz bundan mustasnosiz-a?
- Bir-birimizni ko‘rganimizda salom-alik qilamiz. Ammo bir vaqtlari Abramov bilan o‘rtamizdan «qora mushuk» o‘tgan. Terma jamoada ishlayotgan paytida bir voqea bo‘lgandi va shundan so‘ng munosabatlarimiz keskinlashgan. Uni yoqtirmayman demayman-ku, baribir o‘shandagi holatni adashib qilganmi yoki adashib emasmi, bunisini bilmadim.
- Har holda Abramov “Lokomotiv”ga bosh murabbiy etib tayinlanganida siz uni deb jamoadan ketgandingiz...
- Ha, to‘g‘ri.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar