
Yana uch kundan soʻng BAAdagi Osiyo kubogi oʻyinlari start oladi. Musobaqaning ochilish oʻyini mezbonlar va Bahrayn terma jamoalari oʻrtasida kechadi. Shu munosabati bilan soʻnggi 5 ta qitʼa birinchligining ochilish uchrashuvi qay tarzda oʻtganini yodga olamiz.
1996: BAA – Janubiy Koreya

BAA ilk marta 1996 yilda Osiyo kubogiga mezbonlik qilgan va ochilish bahsida musobaqaning ikki karra gʻolibi Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib borgan.
Abu-Dabidagi “Zayed Sports Siti” stadionida kechgan uchrashuvning 9-daqiqasida Xvang Sun Xon hisobni ochadi, biroq tanaffusga oz fursat qolganida Xamis Saad muvozanatni tiklagan va ushbu hisob uchrashuv soʻnggiga qadar oʻzgarishsiz qolgan edi.
2000: Livan – Eron
Yangi asr avvalidagi qitʼa birinchligiga Livan mezbonlik qilgan. Ochilish oʻyinida mezbonlarga Eron termasi raqiblik qiladi. 52 mingdan ziyod muxlis koʻz oʻngida esa forslar raqiblari darvozasiga javobsiz 4 ta toʻp kiritishadi va yirik hisobda gʻalaba qozonishadi.
2004: Xitoy – Bahrayn

Pekindagi “Ishchilar” stadionida kechgan uchrashuvda 2:2 hisobida kuchlar teng kelgan. 41-daqiqada Xubayl hisobni ochgan boʻlsa, 56-daqiqada Jeng Ji muvozanatni tiklagan. 66-daqiqada esa Li Jinyu mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqadi. Biroq shu kuni mezbonlar gʻalabani ushlab qola bilishmagan va 89-daqiqada Husayn Ali muvozanatni tiklagan.
Bu oʻyin Bahrayn tarixidagi eng omadli qitʼa birinchiligining debochasi edi. Oʻshanda Srechko Yurichich shogirdlari 4-oʻrinni qoʻlga kiritishgan. Mezbonlar esa finalda Yaponiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻyishgan.
2011: Qatar – Oʻzbekiston
Ochilish oʻyinida gʻalaba qozongan soʻnggi mezbon jamoa Singapur boʻlgan edi va 1984 yildan buyon ushbu anʼana oʻzgarishsiz qolayotgan edi. 2011 yilda esa Vadim Abramov boshqaruvidagi Oʻzbekiston terma jamoasi ushbu anʼanani davom etishini taʼminlashgani yodingizda boʻlsa kerak.
“Halifa”da kechgan uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmaydi. 59-daqiqada esa Odil Ahmedov 40 yard masodadan Qosim Burxon darvozasiga toʻpni joylab qoʻyadi. 77-daqiqada esa himoyachilarning bir-birini tushunmasligi natijasida yuzaga kelgan qulay imkoniyatni Server Jeparov gol bilan yakunlagan edi.
Oʻshanda termamiz yarim finalga qadar yetib borib, yakunda 4-oʻrinni olgan boʻlsa, Qatar chorak finalda Yaponiyaga imkoniyatni boy bergan edi.
2015: Avstraliya – Quvayt
“Yashil qitʼa”da oʻtgan Osiyo kubogining ochilish oʻyinida Avstraliyaga Quvayt termasi raqiblik qiladi. Melburn shahrida kechgan qarama-qarshilikda mezbonlar 4:1 hisobidagi yirik gʻalabani qoʻlga kiritadi va 31 yil davom etgan mezbonlarning ochilish uchrashuvidagi gʻalabasiz seriyasiga barham beradi.
Angelos Postekoglu shogirdlari musobaqa yakunida bosh sovringa ega chiqqani hali koʻpchilikning yodidan koʻtarilmagan boʻlsa kerak.
Izoh: 2007 yilgi Osiyo kubogi 4 mamlakatda boʻlib oʻtgan uchun mazkur blogga kiritilmagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar