date
views 2 291

Xuan Antonio Pissi: “Bizda jangovar ruh bor”

Xuan Antonio Pissi: “Bizda jangovar ruh bor”
Saudiya Arabistoni milliy jamoasi bosh murabbiyi Xuan Antonio Pissi oʻz vaqtida hujum chizigʻida toʻp surgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan soʻng Janubiy Amerika, Meksika va Ispaniya kabi mamlakatlarda murabbiy boʻlib ishlagan. Futbolchilik davrida Ispaniya La Ligasi toʻpurari sifatida Pichichi sovrinini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Ispaniya termasi safida jahon va Yevropa chempionatlarida oʻynagan. 2002 yili u butsalarini mixga ildi.

Shundan soʻng bir necha yil “radar”lardan yoʻqolib qoldi. Oʻsha paytlarda u Barselonada polo oʻynab yurardi. Oxir-oqibat Pissi murabbiylik faoliyatini boshlashga qaror qildi. Lekin uning bu sohadagi ishi boshlanmay turib yakunlanishi mumkin edi. Argentinaning “Kolon” jamoasini qabul qilib olgan Pissi uchta oʻyindan keyinoq isteʼfoga chiqarildi. Shundan keyin ham unda oʻziga boʻlgan ishonch yoʻqolmadi.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, Pissi Chilida ish boshladi va oʻsha yerda oʻzini koʻrsatdi. “Universidad Katolika” klubini qabul qilib olgan Xuan Antonio mamlakat chempionligini qoʻlga kiritdi. Oradan besh yarim yil oʻtib, Pissi yana Chiliga qaytdi. Bu safar mamlakat milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida. Uning qoʻl ostida chililiklar 2016 yilgi “Kopa Amerika” musobaqasida gʻolib chiqishdi. 2017 yili boʻlib oʻtgan Konfederatsiyalar kubogida esa finalga qadar yetib borishdi. Biroq Chili termasi kutilmaganda JCH-2018 final bosqichiga chiqolmadi. Shundan soʻng mutaxassis oʻz lavozimini tark etdi.

Buni qarangki, Rossiya mundialiga borish Pissining taqdiriga yozilgan ekan. Musobaqa boshlanishidan avval u Saudiya Arabistoni termasini qabul qilib oldi. Turnirda saudiyaliklar maqtovga loyiq natijaga erishmagan boʻlsalarda, ularning harakatlari koʻpchilikka maʼqul keldi. Ayni payt Pissi terma jamoani BAAda boʻlib oʻtadigan Osiyo kubogiga tayyorlamoqda. Yaqinda ispaniyalik mutaxassis FIFA.com saytiga intervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni oʻqishingiz mumkin.

- 28 noyabr kuni Saudiya Arabis­toni termasini qabul qilib olganingizga bir yil boʻldi. Oʻtgan davr mobaynida qanday oʻzgarishlar kuzatildi?
- Toʻgʻrisini aytsam, biror-bir natijaga erishishga koʻzim yetmagandi. Chunki jahon chempionati boshlanishiga oz qolgandi. Odatda, yangi kelgan murabbiyga vaziyatni oʻrganishi, futbolchilar va muhit bilan tanishishi uchun vaqt kerak. Lekin Saudiyaga tashrif buyurganimdan soʻng boshqacha vaziyatga guvoh boʻldim. Mamlakat futbol federatsiyasi va boshqa rahbarlar qoʻllab turishdi. Futbolchilar ham men kutgandan yaxshiroq boʻlib chiqishdi. Oʻylaymanki, jahon chempionatida yomon oʻynamadik. Mana, bir yildan soʻng shuni aytishim mumkinki, bizda kurashish uchun jangovar ruh bor.

- Jamoani JCH-2018ga qanday tayyorladingiz?
- Tayyorgarlik jarayoni yaxshi oʻtdi. Bir nechta yigʻinlar tashkil qildik va oʻrtoqlik uchrashuvlarini oʻtkazdik. Agar jamoani bir yil oldin qabul qilib olganimda, bundan ham yaxshi boʻlarmidi...

- Misrga qarshi uchrashuvdagi yutuqni “buyuk gʻalaba” deb atagandingiz...
- Nimaga buyuk boʻlmas ekan? Biz yulduzlarga toʻla Misr termasini magʻlub etdik. Oʻsha oʻyinda nafaqat natija, balki oʻyin borasida ham ustun kelgandik. Jamoamiz eng yaxshi oʻyinlaridan birini namoyish etgandi.

- Bir necha kundan soʻng Saudiya Arabistoni termasi Osiyo kubogidagi ishtirokini boshlaydi. Bu safar jamoadan nima kutyapsiz?
- Hammasini. Hozir vaziyat boshqacha. Jahon chempionatiga qaraganda maʼsuliyatimiz yuqoriroq. Umid qilamanki, futbolchilar belgilangan vazifani bajarib, yaxshi natija qayd etishadi. Hozirda toʻgʻri yoʻldan ketyapmiz, deb oʻylayman. Ambitsiyalarimning chegarasi yoʻq. Men oʻz ishiga qunt bilan yondashib, yuqori natijalarga erishishni istaydigan murabbiyman.

- Bunga qadar saudiyaliklar olti marta finalga chiqib, shundan uchtasida zafar quchishgan. Galdagi musobaqa haqida fikringiz qanday?
- Saudiya Arabistonidagi faoliyatim orqali Osiyo futbolini yaxshi bilaman. Bir qator raqobatchilarimizni oʻrganib chiqdim. Osiyoning oʻyin uslubi Janubiy Amerika yoki Yevropanikidan tubdan farq qiladi. Boshqa murabbiylar singari bashorat qilishni yoqtirmayman. Bu turnirda gʻolib chiqishni istagan kuchli raqiblar va qiyin oʻyinlar boʻladi.

- Jahon va Yevropa chempionatlarida oʻynagan murabbiy futbolchilarga qanday taʼsir oʻtkaza oladi?
- Bu omad yoki muvaffaqiyatsizlik orasidagi hal qiluvchi faktor emas. Lekin oʻshanda toʻplangan tajribaning qoʻl kelishi bor gap. Umuman olganda, futbolchilarning oʻzlari shunday yirik turnirlarda ishtirok etib, kerakli tajribani toʻplashlari muhimroq.

- Murabbiy sifatida kimdan oʻrnak olishni istagansiz?
- Har bir futbolchi faoliyatini yakunlaganidan soʻng futbol sohasida qolishni, oʻziga mos ish topishni istaydi. Murabbiylik ham shulardan biridir. Ambitsiyalarimga mos ish topgunimcha toʻrt yil oʻtib ketgan. Balki Gollandiya maktabining bunga taʼsiri bordir. Umuman olganda, men oʻrnak olishni istaydigan murabbiylar koʻp: Gus Xiddink, Lui van Gal, Yupp Xaynkes, Bobbi Robson, Xorxe Valdano va Ramon Dias shular jumlasidan.

- Klub murabbiyi bilan terma jamoa murabbiyi oʻrtasida qanday farq bor?
- Umuman olganda, tafovut yoʻq emas. Terma jamoa murabbiylari butun bir mamlakat futbolchilari bilan ish olib borishadi. Har safargi yigʻinlarda yangi nomlar paydo boʻlishi ehtimoli mavjud. Ammo bu vaqt oraligʻida futbolchilarni yaxshi oʻrgana olmay qolishingiz hech gapmas. Klubda esa bir xil futbolchilar bilan har kuni ishlaysiz. Bu koʻp yillarga choʻzilishi ham mumkin.
A.AHMЕDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xuan Antonio Pissi: “Bizda jangovar ruh bor”