06:27 / 17.01.2019
4 271

Sardor Rashidovning otasi o‘g‘li yangi shartnoma imzolagach nimalar dedi?

Sardor Rashidovning otasi o‘g‘li yangi shartnoma imzolagach nimalar dedi?
Milliy terma jamoamizning yetakchilaridan biri Sardor Rashidov o‘zining yangi klubiga ega bo‘ldi. Bundan bir necha soat oldin OAVda uning Portugaliyaning “Nasonal” jamoasi bilan shartnoma imzolaganligi haqida xabarlar tarqaldi. Biz Yaponiya hamda O‘zbekiston terma jamoalari murabbiylari ishtirokidagi matbuot anjumaniga kelgan chog‘imizda menga Rashidovning Portugaliya klubi bilan kelishuvga erishgani haqida ma’lumot kelib tushgandi. Lekin matbuot anjumani boshlanayotgani bois ushbu xabarni yozishga ulgurmagandim. Tabiiyki, bunday qaynoq xabar hech bir muxlisni bee’tibor qoldirmasdi va natijada “Lokomotiv” klubining sayti rasman Rashidovning “Nasonal” a’zosiga aylangani haqida xabar tarqatdi.

Aytish joizki, ushbu klubga ishqibozlarga yaxshi tanish bo‘lgan sobiq futbol yulduzlaridan biri Koshtinya bosh murabbiylik qilyapti. U o‘z vaqtida “Monako”, “Portu”, “Dinamo” (Moskva), “Atletiko” (Madrid), “Atalanta” kabi klublarda to‘p surgan. 2013 yilda murabbiylik faoliyatini boshlagan Koshtinya 2017 yildan buyon “Nasonal” jamoasiga ustozlik qilib kelmoqda.

Xullas, Ektor Kuper bilan matbuot anjumani yakunlanganidan keyin darhol Sardorning dadasi Ixtiyor aka Rashidov bilan bog‘landik va o‘g‘lining yangi klubga ko‘chib o‘tish tafsilotlari haqida so‘radik. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Sardor yangi klubi bilan ikki yarim yillik shartnomaga imzo chekdi. “Nasonal” klubi prezidenti va agentlar Dubayga kelgan holda Rashidov bilan keliushvga erishishdi.

- Sardorning bu tanlovi oilamizni xursand qildi – deb gap boshladi Ixtiyor aka Rashidov. - Shubhasiz, bu to‘g‘ri tanlov. O‘g‘lim o‘z orzusi yo‘lida Yevropani xohlagandi va mana endi Yevropaga yo‘l oladigan bo‘ldi. Umid qilamanki, Sardor Portugaliya bilan to‘xtab qolmaydi. Chunki o‘g‘limning zabt etadigan undan ham yuqori cho‘qqilari bor. Shu bois Sardorga omad tilayman. Hammamizga ma’qul keladigan tanlov bo‘ldi. Bungacha Osiyo klublarida o‘ynab o‘zini ko‘rsatgandi. Shuning uchun endi Yevropa futbolida o‘ynab o‘zini sinab ko‘rish istagi katta edi. Ko‘pchilik bu yoshdan keyin Yevropaga ketishi qiyin deyishardi. Lekin mana, o‘g‘limning misolida ko‘rib turibmizki, shu yoshida ham u yerga ketib faoliyatini davom ettirsa bo‘lar ekan. Sardorni yevropalik mutaxassislar ko‘rib o‘yiniga baho berishdi. Ishonamanki, ularning ishonchini oqlay oladi. Qolaversa, “Nasonal” oddiy klub emas.

- Yana boshqa takliflar ham bormidi?
- Bizda Portugaliyadan tashqari yana boshqa variantlar ham bor edi. Agentlar esa bizning istagimizni yaxshi bilishardi. Shu bois ular asosan Yevropadan takliflarni bildirishdi. Sardor bilan Portugaliya variantida maslahatlashdik, o‘ziga xos jihatlarini o‘yladik. Umuman olganda, bu uning uchun yomon variant emasdi. Modeyra orolidan ko‘plab yulduzlar yetishib chiqqan, bunga Krishtianu Ronalduni misol keltirishim mumkin. Endi Sardor yevropalik skautlarning e’tiborida ko‘proq bo‘ladi.

- Ular bilan muzokara murakkab kechmadimi?
- Muzokara uzoq davom etgani yo‘q. Asosan yangi yildan so‘ng muzokaralarni olib bordik. Ular asosan menga aloqaga chiqishardi va o‘g‘limning nomidan o‘zim muzokara o‘tkazdim. Bu ishlarga Sardorni aralashtirmadik, chalg‘ishini xohlamadik. Unga faqat xabar berib qo‘yardim xolos. O‘g‘limning nimani va qayerni xohlashini o‘zim yaxshi bilardim. Shu bois muzokaralar cho‘zilgani yo‘q. Chunki “Nasonal”ning yaxshi klubligi ma’lum edi. Umuman, qiyinchilik bo‘lmadi, qolaversa, bizning talablarimiz ham katta bo‘lgani yo‘q. Sardor faqat shartnomaga qo‘l qo‘yish bilan shug‘ullandi xolos. U bor e’tiborini Osiyo Kubogiga qaratgani bois meni hech kim chalg‘itmasin derdi, shu bois uni boshqa ishlar bilan chalg‘itmadik. Asosiy maqsadimiz terma jamoamizning Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etishini ko‘rish va bu borada O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Sardor ham bor e’tiborini terma jamoaga qaratgan va O‘zbekistonga Kubok bilan qaytishni xohlayapti. Bu yo‘lda terma jamoamizga omad yor bo‘lsin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Rashidovning otasi o‘g‘li yangi shartnoma imzolagach nimalar dedi?