20:10 / 19.01.2019
4 267

Sardor Rashidov nega sust?

Sardor Rashidov nega sust?
Sardor Rashidovning o‘yini menga yoqadi. Agar o‘zi xohlasa salohiyati bilan bemalol O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da’vogarlik qila oladi. Unda iqtidor yuqori, lekin foydalanishga kelganda negadir dangasalik qiladi.

Sardor Rashidov avgust-sentyabr oyida Kuperning ilk yig‘inida qatnashgandi. O‘shanda biz Suriya va Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganmiz. Rashidovning ayniqsa Suriyaga qarshi bahsda yorqin o‘yin namoyish etgani hamon yodimda. O‘shanda bu futbolchi Ektor Kuper qo‘l ostida yanayam o‘zini ko‘rsatadi deb o‘ylagandim.

Lekin nimadir bo‘ldi-yu, keyingi ikkita yig‘inga (oktyabr - noyabr) jizzaxlik yarim himoyachi chaqirilmadi. Bu esa ko‘pchilik qatori meni ham hayron qoldirdi. Faqat dekabr oyiga kelib Rashidov yana terma jamoadan taklif oldi va Turkiya yig‘iniga olib ketildi. Turkiya yig‘iniga bordi degani Osiyo Kubogida qatnashadigan ro‘yxatdan deyarli joy oladi degani edi. Yakunda shunday ham bo‘ldi.

Shunday qilib Osiyo Kubogi boshlandi. Sardor Rashidov Ummon bilan kechgan bahsni asosiy tarkibda boshladi, biroq hech o‘yini qovushmadi. Natijada murabbiy uni 59-daqiqada Dostonbek Hamdamovga almashtirdi. Aftidan uning o‘yini Kuperga ham yoqmagan ko‘rinadi, terma jamoamiz bosh murabbiyi Turkmanistonga qarshi kechgan 2-tur bahsida umuman maydonga tushirmadi.

Guruhdagi oxirgi o‘yinni Yaponiyaga qarshi o‘tkazdik va 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldik. Bu o‘yinda Rashidov 76-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi va o‘yinni kuchaytirish o‘rniga o‘zining g‘alati harakatlari bilan jamoa o‘yinini ortga torta boshladi. Rashidov 2015 yil Avstraliyada o‘tkazilgan Osiyo Kubogida qush bo‘lib uchgandi. Uning Saudiya Arabistoni bilan kechgan bahsda maydonda nimalar qilganini hali esdan chiqarganimiz yo‘q.

O‘zbek o‘g‘loni shunday o‘ynasa bo‘lar ekan-u degandim o‘shanda o‘zimga o‘zim. (O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni bahsini stadionda ko‘rib, o‘yinidan rohat olganimni va shundan so‘ng Rashidovning muxlisiga aylanganimni yashirmayman). Shundan keyin bu futbolchining oshig‘i olchi bo‘ldi. Qatarga ketdi, biroz muddat u yerda faoliyat yuritgach, BAA chempionatiga kelib o‘ynadi. Keyin jamoa topolmay noiloj "Lokomotiv"ga o‘tdi. Lekin o‘tgan yil ko‘rdikki, Sardor Rashidov "Lokomotiv"da o‘zini ko‘rsata olmadi.

Uning uchun yana oldinga qadam tashlash uchun bitta variant qolgandi: Osiyo Kubogida o‘zini ko‘rsatish. Aniqrog‘i, bu imkoniyatni unga Ektor Kuper taqdim qildi. Bosh murabbiyning ishonchini oqlash uchun ham Rashidov zo‘r o‘ynab berishi kerak edi, ammo uning Yaponiyaga qarshi qanday harakat qilgani ko‘ngilni juda xira qildi.

Bu orada u Portugaliya klubi "Nasonal" bilan shartnoma imzoladi. Qaysi jamoaga o‘tish uning ishi, Portugaliyaga ketadimi yo Angliyagami, o‘zi biladi, lekin modomiki hozir TERMA JAMOA libosini kiyib yurgan ekan, o‘zini boshqalardan alohida olmay maydonga tushganidan keyin borini berishi shart.

Terma jamoamizda yaxshi futbolchilar ko‘p, lekin aytaylik Odil Ahmedov bilan Otabek Shukurovning to‘p tepayotgan pozitsiyasi muxlislarni junbushga keltiradigan o‘yin ko‘rsatish imkonini bermaydi. Ammo Rashidov - maydondagi erkin ijodkor. Qaytanga u Doston Hamdamovni ortidan ergashtirishi kerak emasmi?

Rashidov qachon maydonga tushmasin, undan nimadir kutaman. Chunki u nostandart futbolchi, xohlasa bir o‘zi masalani hal qilib qo‘ya oladi. Unda iqtidor ham, Xudo bergan talant ham bor. Lekin nima uchun foydalanmayapti hayronman. Kuper unga 15 daqiqa imkon berdi. Ammo Rashidov tushgach, o‘yinimiz kuchaymadi. Qaytanga 10 kishi bo‘lib qolgandek ko‘rindi. Axir bunaqa paytda "svejiy" futbolchi maydon bo‘ylab uchishi kerak emasmi?

Yaponiya bilan o‘yin o‘tib bo‘ldi. Endi eslashdan foyda yo‘q. Oldinda esa Avstraliya kutib turibdi. Avstraliya terma jamoasida ham Sardor Rashidovga o‘xshagan erkin ijodkor bor - Aver Mabil, 21-raqamda o‘ynaydi. Murabbiy uni uchta o‘yinda sinab ko‘rgandi, ikkita gol urdi. Agar Rashidov Avstraliyaga qarshi maydonga tushsa, uni Aver Mabil bilan taqqoslashga harakat qilib ko‘raman.

Sardor Rashidov bizga kuchli o‘yinlarda kerak. Turkmanistonni boshqa bolalar ham eplay oladi. Ammo Yaponiya va Avstraliyaga o‘xshash raqiblar bilan aynan Rashidovga o‘xshagan kutilmaganda "portlay" oladigan futbolchi yordam bermasa, bizga juda qiyin bo‘ladi.
X.Xoliqov.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Rashidov nega sust?