07:07 / 02.02.2019
5 165

Kuperning uch foydasi

Kuperning uch foydasi
O‘zbekiston milliy jamoasi – mumtoz mavzu. Boshqa masalalar har qancha ko‘p bo‘lmasin, gap aylanib baribir bosh jamoaga kelaveradi. Ayniqsa Osiyo Kubogidan so‘ng bahs-munozaralar avjiga mindi. Ektor Kuperning ishi kimgadir yoqdi, kimgadir esa yo‘q.

O‘z navbatida menga ham shu savol ko‘p berilmoqda. Vaziyatdan chiqish va navbatdagi savolga javob o‘laroq ko‘rsatib qo‘yish uchun ham shu maqolani yozishga qaror qildim. Ya’ni, bugun ijobiy jihatlar haqida gaplashamiz. Xo‘sh, Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasiga nima berdi? Argentinalik murabbiy jamoaga keltirgan uchta eng asosiy foyda quyidagilar:

1. Jamoada hech kim mutlaq o‘ringa ega emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hozir asosiy tarkibda o‘rni kafolatlangan birorta ham futbolchi yo‘q. Hatto Odil Ahmedov ham maydonga tushish yoki tushmasligini bilish uchun o‘yinoldi ko‘rsatmasini kutishga majbur.

Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga tayinlangani hamono prinsip namoyish qildi va eng asosiy futbolchilardan biri – Vitaliy Denisovni tarkibga jalb etmadi. Bu esa o‘z navbatida boshqa nomzodlarda asosiy tarkib uchun kurash hissini kuchaytirdi. Milliy jamoadagi hozirgi raqobat na Abramov va na Qosimov davrida bo‘lgan. Babayan haqida-ku, umuman gapirmadik.

2. Taktik moslashuvchanlik. Osiyo Kubogidagi to‘rtta o‘yin shuni ko‘rsatdiki, milliy jamoada ilgari bo‘lmagan hislat – taktik moslashuvchanlik paydo bo‘lgan. Masalan, Yaponiyaga qarshi kechgan bahsda jamoa bir yo‘la uch xil uslubdan foydalandi.

Futbolda to‘qson daqiqa birdek yugurish juda qiyin. Raqib bosim tashkil etganda himoyani mustahkam ushlash, u charchagach esa hujumni kuchaytirish – bularning barchasi Osiyo Kubogida sinovdan o‘tkazildi. Bu yog‘iga endi JCh saralashida mukammallashtirish qolgan.

3. Nadomatki, avval o‘zbek futboliga bog‘liq bir illat bor edi. Ya’ni, hatto milliy jamoada ham murabbiyga qarab o‘ynash kuzatilardi. Aytaylik, Vadim Abramov uchun jonini berib o‘ynagan futbolchilar keyinchalik Mirjalol Qosimov qo‘l ostida piyoda yurganini, hatto bo‘m-bo‘sh darvozaga gol urishni xohlamaganini ko‘rganmiz.

Ektor Kuper esa milliy jamoaga chaqirilgan futbolchilar professional bo‘lishini xohlamoqda, holos. Uning prinsipi oddiy – kim bugun bor kuchi bilan o‘ynamasa, ertaga jamoaga chaqirilmaydi. Nima, hozir milliy jamoadagi barcha futbolchilar murabbiydan xursand, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, albatta. Avvalgi “yallo-yalola” davr qaytishini kim ham istamaydi, deysiz? Kuper esa hammani birdek ko‘rsa.

Hozir futbolchilar murabbiy uchun emas, balki O‘zbekiston milliy jamoasi uchun o‘ynamoqda. Va argentinalik mutaxassisning eng katta yutug‘i ham shu bo‘lsa kerak.

Xullas, shunaqa gaplar. Yuqorida imkon qadar Ektor Kuperning O‘zbekiston milliy jamoasiga keltirgan foydasi haqida gaplashishga urinib ko‘rdik. Ammo bu hali hammasi emas. Argentinalik murabbiy ham qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ydi. Aks-holda bugun finalda Yaponiya bilan Qatar emas, balki bizning jamoa o‘ynayotgan bo‘lardi.

Ammo bu haqida nasib qilsa ertaga suhbatlashamiz.
Zafar QOSIMOV


Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuperning uch foydasi