“Nasonal”ning Portugaliya chempionatida “Benfika”dan javobsiz 10 ta gol qabul qilgani holva ekan. Qarang, Italiya klubi 0:20 hisobida yutqazdi va uni chempionatdan chiqarib yuborishdi. Bu jamoa bosh murabbiyi - 19 yoshli futbolchi, maydonda esa massajchi va maʼmur ham toʻp surishdi...
Oʻzi nima boʻldi?
17 fevral kuni “С” seriya (Italiya futbol tizimida 3-oʻrinda turuvchi divizion) doirasidagi “Kuneo” - “Pro Pyachensa” uchrashuvida “asr voqeasi” roʻy berdi. Oddiy aytganda, mezbonlar raqibni shunchaki, mayna qilishdi. 20:0 hisobini boshqacha izohlash mumkin emas. Axir zamonamizda hamma joyda futbol oʻynashni oʻrganib ulgurishdi-ku. Boz ustiga, “Kuneo” 20 ta goldan 16 tasini birinchi boʻlimda urdi. Umuman olganda, “Pyachensa” liganing yaqqol autsayderi hisoblanadi. Pyachensaliklar joriy chempionatning 19 ta oʻyinida atigi 8 ochko toʻplashdi. Qisqasi, gap “С” seriya turnir jadvalida loaqal 1 ta pogʻona yuqorilashdan allaqachon umid uzgan jamoa haqida ketyapti. Liga rahbariyati shuni hisobga olib, “Kuneo” stadionidagi “voqea”dan keyin “Pyachensa”ni “С” seriyadan chiqarib yuborishga qaror qildi.
Jamoa 0:20 tufayli chetlatildimi?
Yoʻq, aslo. Axir futbolda magʻlubiyat uchun bunday jazo berilmaydi. Hamma gap shundaki, “Pyachensa” oldida jiddiy moliyaviy muammolar bor. Masala shu qadar jiddiyki, jamoa futbolchilari va murabbiylari 1 yildan koʻproq vaqtdan buyon maosh olishmayapti. Ayni shu kamchilik tufayli bir qator yetakchi futbolchilar amaldagi shartnomalarini bekor qilib, klub bilan xayrlashishdi. Qolaversa, “Pyachensa” qarz miqdori oshib ketganidan “С” seriya taqvimidan oʻrin olgan 3 ta oʻyinda maydonga tusholmadi. Turnir reglamentiga koʻra esa, 1ta mavsum davomidagi 4 ta texnik magʻlubiyat avtomatik ravishda diskvalifikatsiyaga aylanadi va jamoa ligadan chetlashtiriladi.
Toʻgʻri, “Pyachensa” diskvalifikatsiya real xavf solib turgan vaqtda maydonga tushish imkonini topdi, biroq jamoa tarkibi toʻliq emasdi. Deylik, mehmonlar birinchi boʻlimda maydonda atigi 7 kishi boʻlib oʻynashdi — 6 nafar 20 yoshdan kichik futbolchi va massajchi. Boshqacha aytganda, “Pyachensa” rahbariyati oʻyin oʻtkazish uchun meʼyoriy talabni minimal darajada bajardi. Tanaffusdan keyin esa, mehmonlar safiga jamoa maʼmuri ham qoʻshildi. Aslida u birinchi 45 daqiqalikda ham maydonga tushishi kerak edi, biroq hujjatlarini uyida unutib qoldirgani uchun hakamlar ruxsat berishmadi. Yana bir tomoni, uchrashuvda bosh murabbiy funksiyalarini yosh futbolchilardan biri bajardi. U atigi 19 yoshda.
Liga rahbariyati munosabati
“С” seriya prezidenti Franchesko Girelli yuz bergan voqelikka nisbatan qatʼiy bayonot berdi. “Bu holat sport prinsiplariga aslo toʻgʻri kelmaydi. Umuman, aqlga sigʻdirish ham mushkul. Meni ayniqsa, bir jihat dahshatga soldi: ushbu bolalarning ota-onalari qanaqasiga ularning maydonga tushishlariga jim qarab turishdi? Nima, farzandlari katta futbolda debyut qilishgani uchun doʻstlari oldida shunchaki, gʻururlanishni istashdimi?” — dedi Girelli.
Muxlislar nima deyishmoqda?
Asosan hazillashishmoqda. Ularni ham tushunish kerak - bunday holatda yana nima qilishlari mumkin?
- “Pyachensa” oxirgi daqiqada hisobni deyarli tenglashtirdi... (jamoaning kam sonli hujumlaridan biriga kinoya).
- Mezbonlar 5 ta goldan keyin toʻxtashsa ham boʻlardi-ku.
- “Pyachensa” oʻyinchilaridan birining xitobi: “Keyingi golni kim ursa - oʻsha gʻolib...”.
Toʻgʻri, koʻpchilik juda ranjidi. Har holda, bu Italiya futboli uchun katta minus. Ha, chindan ham, alamli va qaygʻuli hodisa. “A” va “С” seriyalari oʻrtasida shu qadar ulkan jarlik bor ekan, italiyalik tiffozilar xotirjam boʻlolmaydilar. Axir bu mamlakat futboli hamon inqiroz holatida ekanligiga nishona emasmi?
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Qaysi kundalik odatlar immunitet pasayishiga olib kelishini bilasizmi?
Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi
Sariqmi yoki yashil: qaysi turdagi banan foydaliroq?
Amerikalik olimlar barcha uchun birdek foydali jismoniy faollik turini aniqladi
Germaniyada maktab o‘quvchilari ommaviy ravishda islom dinini qabul qilmoqda
AQSHning G‘azodagi siyosatidan norozi Davlat departamenti rasmiysi iste’foga chiqdi
Rossiya dunyodagi birinchi vodorod yoqilg‘ili avtomobilni taqdim etdi
Piyoda yurish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish depressiyaga chalinishni 23 foizga kamaytiradi