date
views 2 628

«Al-Ittihod» bosh murabbiyi: «Biz hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan jamoamiz»

«Al-Ittihod» bosh murabbiyi: «Biz hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan jamoamiz»
Ertaga, 22 aprel kuni «Lokomotiv» Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi 4-turi doirasida Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubini qabul qiladi. Bugun «Lokomotiv» stadioni anjumanlar zalida o‘yinoldi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, unda dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Joze Luis Serra va yarimhimoyachi Xolid Al-Sumairi jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu haqda Tribuna.uz nashri xabar beradi.

– Ortda qolgan 3 ta o‘yinda jamoa 9 ta gol urib, 7 ta gol o‘tkazib yubordi. Bunday sermahsullikning sababi nimada, himoya ham shunga yarasha bo‘shmi?
– Asosiy sabab jamoadagi tizimda. Bizning uslubimiz raqib jarima maydonida juda ko‘p vaziyatlar yaratishga qaratilgan, lekin ba’zida himoyada xatolar bo‘lib turadi. Albatta, ertaga bunday xatoga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilamiz.

– Tarkib borasida muammolar bormi?
– Barcha jamoalar kabi, bizning ham jarohat olgan futbolchilarimiz yo‘q emas. Ammo o‘yinni asosiy tarkibda boshlaydigan futbolchilarimizga ishonamiz. Raqibga hurmat saqlagan holda aytmoqchimanki, biz juda yaxshi o‘yin namoyish etishga tayyormiz.

– Ertaga qattiq yomg‘ir yog‘sa, bu «Al-Ittihod»ning o‘yiniga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
– Yomg‘ir yog‘adimi-yo‘qmi, hakam yaxshi ishlaydimi yoki yomonmi, maydon holati qoniqarlimi yoki yomonmi – biz bularga emas, o‘z o‘yinimizga diqqat qaratganmiz.

– Tarkibda legionerlar ko‘p, lekin klub ularning hammasini ham OChLda ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan. Bu natijalarga qanchalik ta’sir ko‘rsatmoqda?
– OChLga to‘rt nafar legionerni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin va sen ana shulargagina tayana olasan. Hamma xorijlik futbolchilarni ham o‘ynata olmasligimiz bahona bo‘la olmaydi, g‘alaba qozonish vazifasi o‘zgarib qolmaydi.

– «Al-Ittihod» OChLdagi oxirgi ikkita o‘yinni muxlislarsiz o‘tkazdi... Bu holat muxlislar bilan to‘la stadionda o‘ynash bilan qanchalik farq qiladi?
– Bu bizga ko‘p ham ta’sir ko‘rsatmasa kerak, chunki ertaga baribir mehmonda o‘ynaymiz – stadiondagi muxlislar bizni emas, o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlashadi.

22 yoshli xavbek Al-Sumairi esa quyidagicha fikr bildirdi. «Ertangi o‘yin qiyin o‘tadi. Uch ochko olishga harakat qilamiz. «Lokomotiv» juda yaxshi tarkibga ega. Lekin biz guruhdagi birinchi o‘rnimizni saqlab qolmoqchimiz.

Raqib o‘z muxlislari qarshisida o‘ynashi bizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Biz ham o‘z uyimizda stadion to‘la holda o‘yin o‘tkazganmiz. E’tiborimizni yaxshi o‘yin ko‘rsatishga qaratganmiz».

Eslatib o‘tamiz, 3-turdan keyin «B» guruhida «Al-Ittihod» va «Al-Vahda» klublari 6 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. «Lokomotiv» va «Ar-Rayyan» hisobida 3 ochkodan bor. «Temiryo‘lchilar» o‘tgan turda Jiddada «Al-Ittihod»ga 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Al-Ittihod» bosh murabbiyi: «Biz hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan jamoamiz»