04:19 / 09.05.2019
3 260

Kambeklar davom etadi. "Tottenhem" 96-daqiqada gol urib, finalga chiqdi (video)

Kambeklar davom etadi. "Tottenhem" 96-daqiqada gol urib, finalga chiqdi (video)
Yevropa Chempionlar ligasi yarim final javob bahsidan o‘rin olgan "Ayaks" – "Tottenxem" uchrashuvi o‘z yakuniga yetdi. "Amsterdam Arena"da kechgan bahsda mehmonlar irodali g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

Uchrashuvni har ikki jamoa vakillari faol boshlashdi, biroq birinchi bo‘lim to‘p kiritish gollandlarga nasib etdi. 5-daqiqada Matteys de Ligt burchakdan uzatib berilgan to‘pni boshi bilan darvozaga aniq yo‘naltirdi.

Goldan so‘ng londonliklar darhol oldinga o‘tishdi va 5-6 daqiqa raqib darvozasi oldida kuchli bosimni yuzaga keltirishdi. Vaziyatlarning birida Son Hin Min darvozabon bilan birga-bir chiqib bordi, biroq uning zarbasini Onana ushlab oldi.

Taym o‘rtalariga kelib o‘yin yana tenglashdi va temp biroz tushdi. 35-daqiqada mehmonlar markazda to‘pni yo‘qotishdi, natijada Donni van de Bek jamoasining qarshi hujumini boshlab to‘pni Dushan Tadichga uzatdi. O‘z navbatida tajribali yarim himoyachi jarima maydoniga yorib kirgan Hakim Ziyeshni to‘p bilan ta’minladi, uning kuchli zarbasini Ugo Loris qaytarishga ojizlik qildi.

Ikkinchi bo‘lim "shporlar"ning qator hujumlari bilan boshlandi va bu o‘z samarasini bermay qolmadi. 55-daqiqada "Tottenxem"ning tezkor hujumi gol bilan yakunlandi. Dele Allining uzatmasidan so‘ng Lukas Moura jarima maydoniga yorib kirib darvozani ishg‘ol qildi.

Bundan amsterdamliklar o‘zlariga kelib ulgurmasdan ikkinchi golni qabul qilib olishdi. Jarima maydoni ichida yuzaga kelgan palapartishlikdan so‘ng Moura to‘pni egallab oldi va aniq zarba bilan dublini nishonladi.

Shundan keyin mezbonlar o‘zlariga kelishdi va faollikni oshirishdi, o‘z navbatida mehmonlar ham qarshi hujumda xavfli harakat qilishdi. So‘nggi daqiqalar "Tottenxem"ning kuchli bosimida o‘tdi, mezbonlar chuqur himoyalanishdi. Barchasi "Ayaks" foydasi tomon ketayotgan bir vaqtda Moura 96-daqiqada o‘zining aniq zarbasi bilan jamoasining uchinchi golini urdi.

Shu tariqa, safardagi gol evaziga "Tottenxem" finalga yo‘l oldi va chempionlik uchun "Liverpul" bilan kuch sinashadi.

Yevropa Chempionlar ligasi
1/2 final, javob bahsi
Ayaks Gollandiya – Tottenxem Angliya 2:3 (2:0, 0:3)
Gollar:
1:0 – 5 de Ligt, 2:0 – 35 Ziyesh, 2:1 – 55 Lukas Moura, 2:2 – 59 Lukas Moura, 2:3 – 90+6 Lukas Moura.
Ayaks – Onana, Blind, de Ligt, Talyafiko, Mazraui, Shene (Veltman, 60), de Yong, van de Bek (Magalyan, 90), Ziyesh, Tadich, Dolberg (Sinkgraven, 67).
Tottenxem – Loris, Alderveyreld, Rouz (Devis, 82), Tripper (Lamela, 81), Vertongen, Alli, Vanyama (Lorente, 46), Lukas Moura, Sissoko, Eriksen, Son Hin Min.
Ogohlantirishlar: Sissoko (16), Dolberg (50), Rouz (76), Ziyesh (77).
Dastlabki o‘yin – 1:0

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kambeklar davom etadi. "Tottenhem" 96-daqiqada gol urib, finalga chiqdi (video)