
Payshanba oqshomida Yevropa Ligasining yarimfinal javob uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Yevropa Ligasi. 1/2 final. Javob o‘yinlari
«Valensiya» – «Arsenal»
9 may. Valensiya. «Mestalya». 00.00.
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).
Birinchi o‘yin – 1:3.
«Chelsi» – «Ayntraxt» F
9 may. London. «Stemford Brij». 00.00.
Hakam: Xatsegan (Ruminiya).
Birinchi o‘yin – 1:1.
Inglizlar masalasi
Aftidan, Angliya chempionatining oxirgidan oldingi turi natijalari barchani qanoatlantiradi. «Chelsi» Chempionlar yo‘llanmasiga qaytadigan bo‘ldi, endi hech kim italiyalik mutaxassisning Tumanli Albiondagi ilk mavsumini muvaffaqiyatsiz deb atay olmaydi. Agar ko‘klar Yevropa Ligasida ham g‘alaba qozonishsa, mavsumni muvaffaqiyatli deb atash ham mumkin. Barchasi londonliklarning o‘z qo‘lida.
Unai Emeri haqida esa hozircha bunday deb bo‘lmaydi. Bask mutaxassisning premer-ligadagi finishi halokatga aylandi - «Arsenal» oxirgi turlarda kerakli ochkolarni qo‘lga kiritib, kuchli to‘rtlikda mustahkam o‘rin egallashi kutilgandi, ammo jamoa so‘nggi 4 uchrashuvdan 3 tasida mag‘lub bo‘lib, bittasida durang o‘ynadi. Yakshanba kuni «Brayton»ni o‘z uyida yenga olmagan «kanonirlar» amalda APL orqali YeChLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi.
Optimistlar baribir bu vaziyatdan plyus topa olishlari mumkin, axir Emeri va Yevropa Ligasi g‘olibligi bir-biriga sinonim-ku? Unai bu turnirda o‘zini suvdagi baliqdek erkin his qiladi, u bu turnirda «Sevilya» bilan uch mavsum ishtirok etib, barcha mavsumlarda g‘alaba qozongandi. Agar u bu ishni «Arsenal» bilan ham uddalay olsa, «Emeri ligasi» atamasi haqidagi gaplar yangi to‘lqin bilan urfga kiradi.
«Valensiya» o‘ziga ishonmoqda. «Ayntraxt»ning yo‘li tugadimi?
Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, yarimfinaldagi to‘rtlikdan finalga chiqish uchun eng yuqori imkoniyat «Arsenal»da - 77 foiz. Agar o‘tgan haftada Londonda «Valensiya»ga qarshi kechgan o‘yinning oxirgi daqiqalarida Obameyang jamoasining uchinchi golini urmaganida imkoniyatlar ancha pastroq bo‘lgan bo‘lardi. «90-daqiqada imkoniyatlarimiz yaxshi edi. 90+1-daqiqada esa yomonlashdi», dedi o‘yindan keyin «ko‘rshapalaklar» jamoasi ustozi Marselino. Shu bilan birgalikda u 2ta to‘p farqini yo‘qqa chiqarish mumkinligini qo‘shimcha qildi.
«Valensiya»ning safardagi goli hal qiluvchi gol bo‘lib chiqishi mumkin. Qolaversa, javob o‘yiniga ispanlar safiga «kanonirlar»ning sobiq futbolchisi Koklen qaytadi. Lekin baribir inglizlar ushbu juftlikda favorit bo‘lib qolaveradi. Chorakfinalda ham «Arsenal» o‘z uyidagi birinchi o‘yinda «Napoli»ni 2ta to‘p farqi bilan yenggan, safarda ham 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, jiddiy raqib to‘sig‘idan o‘tgandi. Qolaversa, Emeri ispan klublarini italyan klublaridan ko‘ra yaxshiroq biladi. «Valensiya» uning sobiq jamoalaridan biri hisoblanadi. U bu jamoa bilan bir marta Yevropa Ligasi yarifinaliga chiqqan.
Ispaniyaliklarda umid bor bo‘lsa, «Ayntraxt»ga deyarli hech kim ishonmayapti. «Burgutlar» ikki frontdagi kurashda toliqib qolishdi - jamoaning asosiy hujumchilari Aller va Rebich safdan chiqdi. Nemislar klubi bosh murabbiyi Adi Hyuter bir hafta oldin bergan intervyusida maqsadga yetay deganda undan ayrilish alamli bo‘lishini aytib o‘tgandi. U Frankfurt jamoasini 40 yil ichida ilk marta yevrokuboklar yarimfinaliga olib chiqdi, lekin jamoa mavsum oxiriga kelib qiynalib qoldi.
Ichki chempionatda kuchli to‘rtlikka kirib, YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurashayotgan frankfurtliklar so‘nggi turda asosiy raqobatchisi «Bayer»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi (1:6). «Stemford Brij»dagi o‘yinga Rebich safga qaytishi ham jamoani qutqara olmasligi mumkin. Lekin «Ayntraxt» bu mavsumda o‘zini yaxshi namoyish etdi - ayniqsa Luchano Spallettining «Inter»ini birinchi o‘yindagi golsiz durangdan keyin Italiyada taslim etishdi.
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar