18:30 / 28.06.2019
3 761

Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi G‘ofur Rahimov haqida: «Butun boks olamini aldagan odamdan xalos bo‘ldik»

Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi G‘ofur Rahimov haqida: «Butun boks olamini aldagan odamdan xalos bo‘ldik»
Foto: RIA Novosti / Nina Zotina
AIBA prezidenti mansabidan vaqtincha iste’foga chiqqan G‘ofur Rahimov bu lavozimni butkul tark etishi kutilmoqda. Payshanba kuni AIBA Ijroiya Qo‘mitasi tashkilot Nizomiga o‘zgartirish kiritish orqali uning bu postga qaytish huquqini bekor qildi.

«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, Ijroqo‘m Rahimovga xat yo‘llab, uni tashkilot prezidenti lavozimidan butkul iste’fo berishga chaqirgan.

Ijroqo‘m, shuningdek, 15 noyabr kuni Lozannada AIBA`ning navbatdan tashqari Kongressini o‘tkazish va unda tashkilotga yangi rahbarlar saylash taklifini yoqlab ovoz bergan.

Mazkur qarorlar Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi AIBA`ni Olimpiadaning boks bo‘yicha musobaqalaridan chetlashtirgani fonida qabul qilinmoqda.

Seshanba kuni XOQ AIBA`dagi moliyaviy muammolar va uning rahbariyati bilan bog‘liq mojaro sababli jahon havaskor boksining bosh tashkilotini Olimpiadaning boks turniri va unga saralash musobaqalarini tashkil etish vakolatidan mahrum etgan edi. Chorshanbada esa AIBA`ning XOQga a’zoligi to‘xtatib qo‘yildi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi 16 mln dollar qarzga botgan.

AIBA Ijroqo‘mi a’zosi, Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi Umar Kremlev mazkur muammolarni bartaraf etishni va’da qilgan G‘ofur Rahimovni yolg‘onchilikda aybladi.
«Bugun biz birlashib, jiddiy qarorni qabul qildik – qarzlarni yopishi va XOQ bilan til topisha olishini aytib, butun boks olamini aldagan insondan qutuldik.

G‘ofur Rahimov AIBA`ni bankrotlik yoqasiga keltirib qo‘ydi. U butun boks jamoatchiligidan uzr so‘rashi kerak.

Bugun u qayta olmasligi uchun Nizomdan tegishli bandni chiqarib tashladik va 15 noyabr kuni Kongress majlisini chaqirishga qaror qildik. Unda AIBA`ga yangi rahbariyatni saylaymiz», – degan Kremlevning so‘zlarini keltirdi Rossiya boks federatsiyasi matbuot xizmati.

G‘ofur Rahimov 2018 yil noyabr oyida Moskvada o‘tgan AIBA Kongressida tashkilot prezidenti etib saylangan edi. O‘sha Kongressda AIBA Nizomiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan, unga muvofiq prezident zarur hollarda o‘z lavozimidan vaqtincha tanaffus olishi mumkinligi belgilab qo‘yilgandi.

O‘zbekistonlik funksioner mart oyida mazkur yangi band asosida muvaqqat iste’fo bergan, uning o‘rniga vaqtincha Afrika boks konfederatsiyasi (AFBC) rahbari Muhammad Mustasan saylangan edi.

Ammo AIBA Ijroqo‘mining kechagi yig‘ilishida Mustasanga ishonchsizlik bildirilgan.
«Biz, shuningdek, Vladimir Prodivus (Ukraina boks federatsiyasi prezidenti) bilan vaqtinchalik prezident Muhammad Mustasan va Etika komissiyasi raisi Yost Shmidga ishonchsizlik votumi e’lon qildik, chunki u – sobiq rahbariyat tarafdori.
Tashkilotni XOQ bilan qayta tiklash masalalarini muhokama etish uchun Jorjio Brunoli boshchiligida komissiya, shuningdek, Prodivus rahbarligida Kongressga tayyorgarlik bo‘yicha ish olib boruvchi kommissiya tuzildi. Moliyaviy komissiyaga esa Di Vu rahbarlik qiladi», – dedi Kremlev.

Ma’lumot uchun, 2017 yil oxirida AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish departamenti Rahimovga nisbatan Magnitskiy akti doirasida sanksiya qo‘llagan, uning dollarda har qanday moliyaviy operatsiyani amalga oshirishiga taqiq qo‘yilgan. 67 yoshli biznesmen uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka aloqadorlik ayblovlarini to‘la rad etib keladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi G‘ofur Rahimov haqida: «Butun boks olamini aldagan odamdan xalos bo‘ldik»