22:13 / 27.07.2019
2 417

Timur Kapadze nega "Paxtakor" bilan bir to‘xtamga kela olmadi?

Timur Kapadze nega "Paxtakor" bilan bir to‘xtamga kela olmadi?
Xabaringiz bor, «Lokomotiv»ning yoshlar jamoasidan ketgan Timur Kapadzening keyingi faoliyatini qayerda davom ettirishi qiziq tuyulayotgandi. Bu borada unga «Paxtakor» klubi tomonidan taklif bildirilgandi. Shundan keyin Kapadzening ushbu jamoada ish boshlashi haqiqatga yaqin bo‘lib tuyulgandi. Lekin kuni kecha u «Paxtakor»da emas, balki O‘FAning terma jamoalar markazida ish boshlagani ma’lum bo‘ldi. Bu borada uning o‘zi vaziyatga oydinlik kiritdi. Shu bilan birga terma jamoamizning sobiq o‘yinchisi JCh-2022 saralashining ikkinchi bosqichiga tashlangan qur’a haqida ham fikr bildirib, terma jamoamizning raqiblari haqida o‘z munosabatini bildirdi.

«To‘g‘ri, bizga nisbatan yengil raqiblar tushdi»
- To‘g‘ri, terma jamoamizga nisbatan yengil raqiblar duch keldi, degan fikrlarga qo‘shilsa bo‘ladi, - deya gap boshladi, Kapadze. - 1-o‘ringa O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni asosiy da’vogarlar hisoblanishadi. Albatta, qolgan jamoalarni ro‘yxatdan o‘chirib yuborish yaxshi emas. Lekin ular bilan uchrashuvlarda 100 foizli natijalarni qo‘lga kiritishimiz kerak. Saudiya bilan ikkala o‘yinda ham maksimal natijalarga ega bo‘lishimiz lozim. Vaziyatga real qarasak, boshqa raqiblardan ancha kuchlimiz.

Menimcha, ko‘p narsa Saudiya bilan o‘zaro uchrashuvlarda hal bo‘ladi. Hozircha ularda bosh murabbiy yo‘q. Garchi hozirgi holati haqida biror nima deya olmasam-da, ular bilan bemalol o‘ynasa bo‘ladi. Harqalay ko‘p o‘ynaganmiz va raqibni yaxshi bilamiz. O‘zbekiston o‘z guruhida 1-o‘rinni hal qila oladi. To‘g‘ri, ikkinchi o‘rinlar orasida to‘rtta eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lganlar ham uchinchi bosqichga chiqishadi. Baribir 1-o‘rin bilan chiqqan yaxshiroq.

«Saudiyaga qaraganda bizning ustun tomonlarimiz ko‘proq»
- Birinchi savatchadagi raqiblarni bilardik. Ko‘pincha bizga Eron yoki Janubiy Koreya duch kelardi. Ammo uchinchi bosqichda ular bilan o‘ynashimizning ehtimoli katta. Balki ularga qaraganda, ikkinchi bosqichda Saudiya Arabistonining bizga to‘g‘ri kelgani nisbatan qulayroq bo‘lishi ham mumkin. Boya aytganimdek, ularning kuchini yaxshi bilamiz. Ayniqsa, o‘yinchilari individual tomondan yaxshi o‘ynashadi. Arab jamoalari orasida doim saudiyaliklar kuchli bo‘lib kelishgan.

Bunday paytlarda jamoaviy o‘yin va murabbiyning roli asosiy o‘ringa chiqadi. To‘g‘ri, Saudiya Arabistoni ham kuchli raqib. Oxirgi jahon chempionatida yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Ular yangi murabbiy olishgan taqdirda ham unga moslashishi uchun vaqt kerak. Bizda esa Ektor Kuper anchadan beri ishlayapti va bizning kuchimizni, uslubiga mos keladigan futbolchilarni biladi. Shu bois Saudiyaga qaraganda, bizning plyus tomonlarimiz ko‘proq. Ochig‘i, boshqa guruhlarga qaraganda, bunisi o‘zimiz xohlagandek ko‘rinish oldi desak ham bo‘ladi.

Baribir birinchi savatchadagi kuchli raqiblardan kimdir bizga duch kelishini taxmin qilayotgandik. Osiyo Kubogida Tailand, Vetnam, Qirg‘iziston kabi termalar yaxshi taassurot qoldirishdi. Agar guruhimizga Qirg‘iziston va Tojikiston kabi raqiblar tushishganida bu derbiga aylanardi. To‘g‘ri, ulardan kuchlimiz, lekin baribir bunday derbilar juda qiziqarli va murosasiz o‘tardi. Bizda esa Singapur, Yaman va Falastin bor va bizdan pastdagi savatchalardan ularning raqibimizga aylanishgani bizga biroz yengillik berdi. Chunki ulardan ko‘ra bizga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradigan jamoalar ham bor edi.

Lekin futbolda oldindan yutilmaydi. Har bir uchrashuvga 100 foiz tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Birinchi o‘yinni safarda o‘tkazamiz. Lekin Falastin va Yaman o‘z maydonidagi o‘yinlarni qayerda o‘tkazishi hali noma’lum. Agar ular o‘z uyida o‘ynashmasa, bu ham yana bir qulaylikni yaratadi. Chunki o‘yinlar betaraf maydonda o‘tkazilsa, Falastin ham, Yaman ham xuddi safarda o‘ynayotgandek bo‘ladi. Raqiblarni yaxshi o‘rganib chiqish kerak. O‘ylaymanki, Kuper o‘z ishini yaxshi bajaradi va jamoani 1-o‘rin bilan olib chiqadi.

«Arveladze bilan gaplashdim va «Paxtakor»da ishlamaydigan bo‘ldim»
- Meni chaqirishdi va «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze bilan gaplashdim. Klubda ishlamaydigan bo‘ldim. Boisi ular yoshlar jamoasini kamida 2-3 yil boshqaradigan murabbiy qidirishayotgan ekan. Klub o‘z akademiyasi va o‘rinbosarlar jamoasidagi tizimlarni to‘g‘rilashyapti. Shu sababli katta e’tibor qaratishyapti. Menga uzoq muddat ishlaydigan murabbiy kerakligini aytishdi.

Ularga esa buncha muddatga ishlay olmasligimni, balki ma’lum vaqtdan keyin Superliganing biror-bir jamoasidan taklif bo‘lib qolishi mumkinligini aytdim. Ular ham men haqimda shuni taxmin qilib turishgan ekan va fikrlarimni to‘g‘ri tushunishdi. Lekin «Paxtakor» ham to‘g‘ri tizim yaratyapti. Shunga asosan yoshlar jamoasini uzoqroq boshqaradigan murabbiy izlashyapti.

«Terma jamoalarimiz uchun seleksioner murabbiyga aylandim»
- Aziz Haydarov terma jamoalar markaziga rahbar bo‘lgach, meni ham taklif qilishdi. Endi terma jamoalar markazida seleksioner murabbiy sifatida ish boshladim. Shu tariqa, barcha yoshdagi terma jamoalarda seleksioner bo‘lib ishga kirishdim. Ko‘proq yoshlar va o‘smirlar terma jamoalariga e’tibor qaratamiz. Bu borada bizda ko‘plab o‘yinchilar kengaytirilgan ro‘yxatimizda bor. Buning ustiga hali qolgan yoshdagi terma jamoalar tashkil etilmagan. Endi barcha iste’dodlarni saralaymiz. Ayniqsa, ularni saralashda haqqoniylik, shaffoflik bo‘lyaptimi, shunday jihatlarga ham ko‘proq e’tibor beramiz.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze nega "Paxtakor" bilan bir to‘xtamga kela olmadi?