23:38 / 05.09.2019
2 674

Markaziy Osiyo derbisida o‘zbekistonlik mutaxassis rossiyalik murabbiyni dog‘da qoldirdi

Markaziy Osiyo derbisida o‘zbekistonlik mutaxassis rossiyalik murabbiyni dog‘da qoldirdi
Jahon chempionati saralash bosqichi 1-tur doirasidagi Tojikiston - Qirg‘iziston uchrashuvida mezbonlar g‘alaba qozondi.
Uchrashuvni agressiv o‘yin bilan boshlagan Qirg‘iziston terma jamoasi dastlab standart vaziyatlariga ega bo‘ldi. Xavfli chiqqan mazkur jarima zarbalarini muvaffaqiyatli yakunlaydigan futbolchi topilmadi. Shundan so‘ng mezbonlar o‘z o‘yin uslublariga muvofiq to‘p nazoratini qo‘lga olgan holda kombinatsion o‘yin qurishni boshlashdi. Qisqa uzatmalar orqali hujumga o‘tishni boshlagan Tojikiston mehmonlar himoyasini doimiy bosimda ushlab turishga kirishishdi.

Natijada ketma-ket sodir etilgan hujumlar nihoyatda xavfli va keskin ko‘rinish oldi. Dastlab Ehsoni Payshanbe, keyinchalik Muhammadjon Raximovning juda xavfli zarbalarini qaytarib, jamoasi joniga oro kirgan Pavel Matyash birinchi bo‘lim yakuniga qadar yana ikki bor darvozasini muqarrar gollardan qutqardi. Ayniqsa yakkama-yakka vaziyatga chiqqan Parviz Umarboyevning zarbasini, biroz o‘tib esa jarimadan yo‘llangan kuchli zarbani qaytargan Matyash yana vaziyat qahramoniga aylandi.

Bu orada esa Qirg‘iziston ham tezkor qarshi hujumlar va standart vaziyatlari orqali raqib darvozasi tomon xavf solib turdi. Ayniqsa Mirlan Murzayevning yakkama-yakka vaziyatda bergan zarbasi darvoza ustuniga tegib mehmonlar quvonchini bir uyg‘otib yuborgan bo‘lsa, mezbonlar muxlislarini katta hayajonda ushladi.

Bir qarashda birinchi bo‘lim Matyashning qahramonligi evaziga durang natijasi bilan tugaydigandek taassurot qoldirayotgandi. Biroq bunga Tojikiston tarkibida insayd rolida, ya’ni hujumchi ortida o‘ynagan xavbek Alisher Jalilov ko‘nmadi. Chiroyli ijro etilgan kombinatsion hujum Alisher Jalilovning aniq zarbasi bilan yakunlanib, stadionga tashrif buyurgan muxlislar yuzida quvonch paydo qildi. Shu tariqa mezbonlar ustunligi ostida o‘tgan birinchi bo‘lim Tojikiston foydasiga tugadi.

Ikkinchi bo‘limda ham muxlislar hujumkor va tajovuzkor futbol guvohiga aylanishdi. O‘yin tizgini mezbonlar qo‘lida bo‘ldi. Natijadan kelib chiqib harakat qilgan Tojikiston ikkinchi bo‘limda mudofaa chizig‘ida tartibli o‘ynadi. Qirg‘izistonning hujumdagi urinishlari esa besamar ketdi. Qayd etish kerakki, Pavel Matyashning jonbozligi va qator seyvlari tufayli ikkinchi taymda Qirg‘izistondan o‘z darvozasidan boshqa to‘p olib chiqmadi. Uchrashuvda eng faol va yorqin o‘ynagan, jamoasining g‘alaba to‘pi muallifiga aylangan Alisher Jalilov o‘yinda dubl yoki xet-trik qayd etishi ham mumkin edi. Biroq hali aytganimizdek, Matyash bugun haqiqiy qahramonlarga xos ravishda qo‘lqoplarini kiyganini namoyish etdi.

O‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev qo‘l ostida qo‘shni Tojikiston boshqa bir ko‘shnilarimiz Qirg‘iziston ustidan minimal, lekin o‘yin taraflama ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritib, JCh-2022 saralash bosqichini g‘alaba bilan boshlashdi.

JCh-2022 saralash bosqichi, "F" guruhi

Tojikiston - Qirg‘iziston 1:0
Gol:
Alisher Djalilov - 42'.

Tojikiston - 1.Rustam Yatimov, 4.Xurshed Beknazarov, 5.Iskandar Jalilov, 6.Davronjon Ergashev, 7.Parvizjon Umarboyev, 10.Alisher Xalilov, 11.Muhammadjon Raximov, 17.Payshanbe Ehsoni, 19.Adham Nazarov (sardor), 20.Amirbek Jo‘raboyev, 21.Manuchehr Xalilov.
Zaxira: 23.Dilshod Dodoboyev, 2.Manucher Safarov, 3.Davlatmir Tabrezi, 8.Karamatullo Saidov, 9.Sharofjon Solihov, 12.Jahongir Ergashev, 13.Zoir Jo‘raboyev, 14.Sheriddin Boboyev, 15.Ilhom Baratov, 16.Shohruh Qirg‘izboyev, 18.Kamron Tursunov, 22.Otabek Karimov.

Qirg‘iziston - 1.Pavel Matyash, 3.Tamirlan Kozubayev, 7.Azamat Baymatov, 9.Edgar Bernxardt (sardor), 10.Mirlan Murzayev, 11.Bekjon Saginbayev, Qayrat Zirgalbek, 19.Vitaliy Lyuks, 20.Baxtiyor Duishobekov, 21.Farhod Musabekov, 23.Ahlidin Israilov.
Zaxira: 13.Qutman Qadirbekov, 16.Valeri Kashuba, 2.Aleksandr Mishchenko, 4.Mustafo Yusupov, 5.Andrey Doljenko, 8.Abay Bokoleyev, 12.Odiljon Abduraxmonov, 14.Ernst Batirkanov, 15.Murolimjon Ahmedov, 17.Tursunali Rustamov, 22.Alimardon Shukurov.

Manba : championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Markaziy Osiyo derbisida o‘zbekistonlik mutaxassis rossiyalik murabbiyni dog‘da qoldirdi