O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2022 saralashi doirasida Falastinga mehmonda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
O‘yindan keyin har kim o‘zicha xulosa chiqardi. Bu tabiiy holat. O‘sha kuni o‘yin payti maydon chetida bo‘lgan va o‘yindan keyin stadionda ham, mehmonxonada ham futbolchilarning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odam sifatida aytishim mumkin-ki, ular uchun ham bu kutilmagan natija bo‘ldi. G‘alati o‘yin va hech kim kutmagan mag‘lubiyat.
Oxirgi kunlarda turli gap-so‘zlar va mish-mishlar ko‘payib ketdi. Biz esa bugun Iordaniyada bo‘lib turgan terma jamoamizning asosiy hujumchisi Eldor Shomurodovni suhbatga taklif qildik. Quyida "Rostov" a’zosi bo‘lgan forvardimiz bilan savol-javoblarimizni e’tiboringizga havola etamiz.
- Falastin bilan o‘yinda nima bo‘ldi, nima uchun terma jamoa o‘ynay olmadi?
- Ba’zida shunday o‘yinlar bo‘ladi-ki, nima uchun unday bo‘lganining sababini ayta olmaysiz. Bu biz yuta oladigan raqib deb o‘ylayotgandik. Birinchi bo‘lim bizni nazoratimiz ostida o‘tdi, lekin vaziyatlar yarata olmadik. Bunday holatda o‘yin birinchi golgacha davom etishini bilib turgan edik. O‘sha birinchi golni biz urganimizda biz g‘alaba qozongan bo‘lardik. Afsuski, ular birinchi bo‘lib gol urishdi, o‘sha goldan keyin so‘nggi daqiqalarda ularda yana vaziyatlar bo‘ldi.
Yaqinda Rossiya chempionati doirasida "Rostov" bilan "Ufa" mehmoni bo‘lganimizda ham shunday bo‘lgandi. 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yganmiz va nimalar bo‘lganini hech kim tushunmagandi. Deyarli xuddi shunday vaziyat bo‘lgandi o‘shanda ham. Falastinga qarshi bahs birinchi o‘yin va keyingi turlarda biz xatolarni to‘g‘rilashga va kerakli ochkolarni jamg‘arishga harakat qilamiz.
- Nima uchun o‘sha kuni maydonda yakka kurashlarning juda ko‘pini mezbonlar yutishdi?
- Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin bu holat ko‘proq ko‘zga tashlandi. Balki, biz gol o‘tkazib yuborishga tayyor emasmidik... Ruhiy ustunlik birinchi goldan keyin falastinliklar tomonga o‘tdi. Nazarimda, ular durang uchun to‘p tepishayotgandi. Afsuski, kutilmagandagi goldan so‘ng biz oldinga ko‘proq kuch bilan o‘tishga majbur bo‘ldik va himoya ochilib ketdi. Kamiga o‘zimizning xato bilan yana gol o‘tkazib yubordik.
- Terma jamoa futbolchilarida moddiy tarafdan motivatsiya yo‘q va shu sabab ular jonini berib o‘ynamadi qabilidagi gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Terma jamoada o‘yinchilar uchun haqiqatdan ham pul birinchi darajali motivatsiyami?
- Bunday gapni tarqatadiganlarning o‘zlari ko‘proq pulni o‘ylaydigan insonlar bo‘lsa kerak. Shaxsan o‘zim hech qachon pulni birinchi o‘ringa qo‘ymaganman. Pul hamma narsani hal qilmaydi. Boshqa yigitlar ham bu yo‘lda pul asosiy planda emasligini biladi. Har bir futbolchi yoshligidan milliy terma jamoaga ilinishni va terma jamoa libosida to‘p tepishni orzu qiladi. Shu jumladan o‘zim ham. Qanday qilib yoshlikdan niyat qilgan orzusiga erishgan futbolchi u yerda pul uchun o‘ynashi mumkin? Terma jamoada hamma xalq uchun, muxlislar uchun, o‘zi va oilasi sha’ni uchun o‘ynaydi. Bu yerda pul hech qachon birinchi o‘rinda turmagan. Jamoada hamma g‘alaba qozonishni va muxlislarni xursand qilishni xohlaydi.
- Futbolchilar murabbiyni ketkazish uchun atay o‘ynashmadi degan gapga qanday fikr bildirasiz?
- Qanday qilib unaqa bo‘lishi mumkin? Bu hech bir bolani hayoliga ham kelmagan narsa. Odamlar bunaqangi gaplarni qayerdan o‘ylab topishiga hayronman. Terma jamoada hammamiz bir oilamiz va bu yerda kimnidir siqib chiqarish yoki ketkaztirish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Hammani hayoli faqat bir narsada - Jahon chempionatiga chiqish. To‘g‘ri, biz kutilmaganda yutqazib qo‘ydik. Mag‘lubiyatdan keyin turli fikrlar va shubhalar bo‘lib turadi. Lekin, bu darajadagi gaplar juda noto‘g‘ri.
- Falastin terma jamoasi murabbiylari O‘zbekistonni juda yaxshi o‘rganishgan va shunga yarasha tayyorlanishgan. Sizni ham ikki nafar baquvvat himoyachilar qo‘riqladi va imkon bermadi hisob. Nima uchun biz ularga qarshi mana shunday tayyorlanmadik. Raqibga jiddiy qaramadikmi?
- Shaxsan o‘zim 1-sentyabrda terma jamoa ixtiyoriga yetib keldim. Vaqtimiz yetgancha raqibni o‘rgandik. Orada vaqt qisqa edi, lekin shunga qaramay ularni o‘rgandik. Ikki nafar yaxshi hujumchisi borligini bilardik va ularni o‘rgandik. Ular himoyada ko‘proq uzun paslar bilan chiqishini ko‘rsatishdi bizga. Afsuski, maydonda kurashlarni ko‘proq ular yutishdi, biz kurashlarda yutqazganimiz uchun ham mag‘lub bo‘ldik. Bunday o‘yinlarda kurashlarni yutqazmaslik kerak.
Tolibjon Qosimov suhbatlashdi
Amman, Iordaniya
Amman, Iordaniya
Manba : championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi