O‘zbekiston emas, murabbiy yutqazdi...

Bugungi o‘yinni O‘zbekiston terma jamoasi emas, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov yutqazdi. U boshlang‘ich tarkibni tanlaganidayoq yutqazib bo‘lgandi.
Qiziq, murabbiy nima uchun birinchi o‘yinga nisbatan tarkibda hech qanday o‘zgarish qilgani yo‘q? Tarkib tanlashda raqibning imkoniyatlari va xususiyatlari inobatga olish kerak emasmi? Yoki biz 3-4 yil avvalgi “Barselona”midikki, har qanday raqibga qarshi faqat o‘zimizning o‘yinimizni qilib, yutib tashlayversak? Tarkibda ko‘zi yonib turgan, o‘zini ko‘rsatishga tayyor turgan futbolchilar bor-ku! Sardor Rashidov, Jamshid Iskanderov, Shuhrat Muhammadiev... Savollar shunchalik ko‘pki, aqlli murabbiy hammasini oldindan ko‘ra olishi va bunchalar ko‘p savolga imkoniyat qoldirmasligi kerak edi.
Mayli, Mullajonov masalasini oldindan taxmin qilib bo‘lmasdi. Shavkat bitta sariq kartochka olib, ketidan bitta og‘zaki ogohlantirish oldi. Uni almashtirish shart edi. Lekin Rashidov, Hasanov, Iskanderov, Muhammadievlardan ayrimlarini boshlang‘ich tarkibda tushirishga nima xalal berdi? Agar bulardan ayrimlari boshlang‘ich tarkibdayoq tushirilganida, hisobimizda 3ta o‘zgartirish imkoniyat qolardiku. Murabbiy baribir Rashidov va Hasanovni tushirdi-ku!
O‘zi o‘yinga qanaqa strategiya va maqsad tanlagandik? Maqsad og‘irkarvon futbolchilar orqali o‘yin tempini tushirishmidi? Tezkor xitoyliklarga qarshi tezkor o‘yinchilar kerak emasmidi? Butun o‘yin davomida bitta rekoshet orqali urilgan gol va 16 metrdan belgilangan jarima zarbasini hisobga olmaganda, boshqa tayinli vaziyat yarata olmapmiz-a! O‘zbekiston terma jamoasi yutqazib turgan vaziyat uchun oldindan belgilangan “Plan B” haqida gapirishning o‘zi kulgili.
Bugun murabbiy yutqazdi, tezlikda yutqazdik, ruhiyatda yutqazdik, hamma narsada yutqazdik. Endi, terma jamoamiz chorak finalga chiqishi uchun so‘nggi turda Saudiya Arabistoni ustidan faqat g‘alaba qozonishi shart. Bizni durang ham qanoatlantirmaydi. Boz ustiga, endi guruhdan faqat ikkinchi o‘rin bilan chiqishimiz mumkin, xolos. Xitoy esa muddatidan avval guruhda 1-o‘rinni egallab bo‘ldi.
Osiyo kubogi-2015, "V" guruhi, 2-tur
XITOY - O‘ZBEKISTON – 2:1 (0:1)
Gol: Vu Si (55), Sun Ke (68) — Odil Ahmedov (22)
Ogohlantirishlar: Jen Xan (35) — Shavkat Mullajonov (18)
Xitoy: Van Daley, Chjen Chji, Szyan Chjipen, Chjan Linpen, V Si, Jen Xan, Vu Ley, Mey Fan, Yu Xay, Gao Lin (Sun Ke 62), Chjan Shendong (Liu Binbin 81).
O‘zbekiston: 12.Ignatiy Nesterov, 23.Akmal Shorahmedov, 3.Shavkat Mullajonov (Islom To‘xtaxo‘jaev 46), 5.Anzur Ismoilov, 19.Vitaliy Denisov, 7.Aziz Haydarov, 9.Odil Ahmedov, 18.Timur Kapadze, 17.Sanjar Tursunov (Jasur Hasanov 71), 8.Server Jeparov (Sardor Rashidov 62), 11.Igor Sergeev.
Bosh hakam: Muhammad Abdulla Hassan (BAA)
Manba va foto: Stadion.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing