16:50 / 12.12.2019
2 664

Xorvatiya terma jamoasi sobiq futbolchisi: "Shomurodov - top o‘yinchi"

Xorvatiya terma jamoasi sobiq futbolchisi: "Shomurodov - top o‘yinchi"
"Bunyodkor" va "Paxtakor"dagi o‘yinlari bilan o‘zbek muxlislariga tanish bo‘lgan Xorvatiya terma jamoasi sobiq futbolchisi Yuritsa Bulyatdan intervyu oldik.
"Bunyodkor"dagi qisqa faoliyati davomida klub muxlislarining mehrini qozonib ulgurgan futbolchi faoliyatini Xorvatiyaning "Zadar" klubida boshlagan. "Bunyodkor"ga qadar esa "Xayduk" (Split), "Makkabi" (Xayfa), "Energi" va Ukrainaning "Metallist" jamoalarida o‘ynagan. 2016 yilda "Bunyodkor" a’zosiga aylangan Yuritsa ajoyib mavsum o‘tkazdi.

"Qaldirg‘ochlar" o‘sha mavsumda kam gol o‘tkazishdi va bunda tajribali himoyachining xizmatlari beqiyos bo‘ldi. 2017 yilda "Paxtakor"ga o‘tib ishlari yurishmagan futbolchi Belorusning BATE klubi bilan shartnoma imzolaydi. Undan so‘ng esa Plovdivning "Lokomotiv" va Zapreshichning "Inter" klublarida to‘p tepdi.

- Ma’lumotlarga qaraganda sizning so‘nggi klubingiz Zapreshichning "Inter" klubi bo‘lgan ekan, ammo hozirda u yerda o‘ynamayapsiz. Shu haqda gapirib bersangiz?
- Ha, mening oxirgi klubim "Inter" (Zapreshich) bo‘ldi va men u yerda iyulga qadar o‘ynadim. So‘nggi 6 oyda klubsiz edim. Qishda boshqa yaxshi klub topishga harakat qilaman. Ungacha esa erkin agentman.

Xorvatiyalik himoyachi O‘zbekistondagi faoliyati davomida "Bunyodkor"da 37ta, "Paxtakor"da esa 9ta o‘yin o‘tkazgan.

- "Bunyodkor"ga kelishingiz, klub, shahar va boshqalar taassurotlar haqida gapirsangiz?
- "Bunyodkor"ga o‘tishim men uchun yaxshi holat bo‘lgan va yaxshi natijalarga erishganman. "Bunyodkor" bilan Chempionlar Ligasida ham o‘ynaganmiz va bu men uchun yoqimli bo‘lgan. Ammo, o‘sha paytlarda "Lokomotiv" bizdan ko‘ra ancha yaxshiroq holatda edi. Bizda juda yosh o‘yinchilar o‘ynardi: Ashurmatov, Shukurov, Hamdamov va Komilov. Biz yosh tarkib bilan birgalikda yaxshi, shakllangan jamoaga ham ega edik. Hozir esa ular ajoyib o‘yinlar namoyish etayotganliklaridan xursandman. Umuman olganda men uchun hammasi yaxshi edi, men u yerda doim rohatlanganman. Hayot ham zo‘r edi.

"Paxtakor"dagi faoliyatim esa yaxshi davrlar bo‘lmagan. Ammo, men "Paxtakor"ning O‘zbekistondagi eng katta klub sifatida bilaman. Ularda har yili yaxshi natijalar bor va chempionatda har yili sovrinlarni qo‘lga kiritishadi. Ammo, o‘sha paytlarda klubning siyosati o‘zgardi va yangi odamlar kelishdi, shunga o‘xshash narsalar. Lekin har qanday holatda ham klub va murabbiylar haqida yomon gap ayta olmayman. Chunki men O‘zbekistonda 1,5 yil yashadim va u yerda ko‘plab ajoyib do‘stlar orttirdim. Aytmoqchimanki, u yerda yaxshi paytlarimni o‘tkazdim va biror bir yomon gap ayta olmayman.

- O‘zbekistonlik do‘stlaringiz bilan hali ham aloqadamisiz? "Bunyodkor" yoki "Paxtakor"ning o‘yinlarini kuzatib borasizmi?
- Ha, u yerda ko‘plab do‘stlarim bor va men ular bilan ba’zan internet orqali yozishib turamiz. To‘g‘risini aytsam, ko‘p ham o‘yinlarni kuzata olmayman. "Instagram", "Feysbuk" va videolar orqali ba’zan yangiliklardan xabar topib turaman.

- Yuqorida aytgan futbolchilaringizdan tashqari siz bilan to‘p tepganlar orasida Eldor Shomurodov ham bor va u hozirda ajoyib o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Sizga O‘zbekistonda yoqqan futbolchilarni ayta olasizmi?
- Shomurodov bilan birga o‘ynaganman va u yaxshi futbolchi ekanligini ta’kidlamoqchiman. U karerasini yaxshi davom ettirmoqda. Shubhasiz, top o‘yinchi. Shomurodov, Komilov, Hamdamov va Ashurmatovlarning o‘yinlari menga yoqadi. Bu futbolchilar O‘zbekistonning eng katta iste’dodlaridir. Ular hozir ham yaxshi o‘ynayotganliklaridan xursandman.

- O‘zbekiston chempionati va siz o‘ynagan boshqa chempionatlarning farqi nimalardan iborat?
- Ha, kichik farqlar bo‘lishi mumkin. Bu mashg‘uloltlar intensivligida va taktikalarda namoyon bo‘lishi mumkin. Ammo, farqlar juda ham sezilarsiz. Aytishim mumkinki, o‘zbeklar juda iqtidorli sportchilardandir.

- Xorvatiya va Luka Modrich Yevropa chempionati saralash bahslarida ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi va 1-o‘rinni olgan holda asosiy musobaqaga yo‘llanma olishdi. Xorvatiya Yevro-2020ni yuta oladi deb o‘ylaysizmi?

- Bizda top-klublarda o‘ynaydigan yaxshi futbolchilar va a’lo darajadagi muhit bor. Mubolag‘asiz aytishim mumkinki, biz yana Yevro-2020ni asosiy favoritlaridan bo‘lishimiz mumkin. Ammo, bu ko‘p narsalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Chunki bu butun mavsum davomida bo‘lib o‘tadigan chempionat emas, balki turnirdir. Bitta o‘yin ko‘p narsani hal qilib qo‘yishi mumkin va sizda javob o‘yini uchun imkoniyat yo‘q. Ammo, men chin dildan ishonaman va umid qilamanki biz Rossiyada bo‘lgani kabi yana muvaffaqiyat qozonamiz, chunki bizda dunyoning eng yaxshi klublarida o‘ynayotgan tajribali va haqiqatdan ham ajoyib o‘yinchilar bor.

33 yoshli Bulyat turli yillarda Xorvatiya o‘smirlar, yoshlar va olimpiya terma jamoalari safida harakat qilgan. Shuningdek, Xorvatiya milliy terma jamoasi tarkibida ikkita uchrashuv o‘tkazgan.

- Faoliyatingiz davomida siz bilan o‘ynagan eng yaxshi 3 futbolchini ayta olasizmi?
- Luka Modrich, Bubakar Sanogo va Florin Chernat.

- "Bunyodkor" va o‘zbek futbol muxlislariga tilaklaringiz?
- Sizga yangi yilda, ya’ni 2020 yilda hamma yaxshi tilaklarni tilayman. Sog‘lik va ko‘plab muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin. Salom O‘zbekiston.

Sovrinlari:
Xorvatiya chempionatining ikkinchi o‘rin sohibi - 2010/11, 2009/10, 2008/09, 2006/2007
Belarus chempionati g‘olibi - 2017
O‘zbekiston chempionatining ikkinchi o‘rin sohibi - 2016
Xorvatiya Kubogi g‘olibi - 2009/10, ikkinchi o‘rin sohibi - 2008/09, 2007/2008
Isroil Kubogining ikkinchi o‘rin sohibi - 2011/12
Alisher Ostonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xorvatiya terma jamoasi sobiq futbolchisi: "Shomurodov - top o‘yinchi"